Checheniston sobiq bosh vaziri maktablarda Darvin nazariyasini taqiqlashni talab qildi

Jahon 21:43 / 19.09.2024 2406

Charlz Darvinning evolyutsiya nazariyasini maktab dasturidan chiqarib tashlash kerak, chunki u «diniy ta’limga zid» va bolalarning «ma’naviy tanazzuliga» hissa qo‘shadi, deydi Checheniston hukumati raisining yordamchisi va sobiq bosh vazir Muslim Xuchiyev.

«Biz buni shunchaki olib tashlay olamiz. Bu [Darvin nazariyasi — tahr.] yolg‘on, bu diniy ta’limga zid, barcha dinlar buni tan olgan. Uni darsliklardan olib tashlash va farzandlarimiz ongiga singdirmaslik uchun yana kimlar tan olishi kerak?» — deydi Xuchiyev Butunrossiya ota-onalar qo‘mitasining birinchi yig‘ilishida. U ta’lim vazirligi rahbari Sergey Kravsovga buni o‘ylab ko‘rish taklifini berdi.

Ingliz tabiatshunosi Charlz Darvin XIX o‘rtalarida zamonaviy evolyutsiya nazariyasiga asos solgan. 1859 yilda evolyutsiyaning bosh omili bu — tabiiy tanlanish ekani haqidagi nazariyani ilgari surgan. 1871 yilda olim insonning maymunga o‘xshash ajdodi bor degan xulosaga kelgan. Bunga dalil sifatida u odamlar va primatlarning anatomiyasi hamda fiziologiyasi o‘xshash ekani haqidagi misollarni keltirgan. «Turlarning tabiiy tanlanish yo‘li bilan paydo bo‘lishi» haqidagi kitobida keltirilgan xulosalar kelajakdagi tadqiqotlar uchun asos bo‘lib xizmat qilgan.

Rossiya diniy idora vakillari Darvinning mazkur nazariyasini bir necha bor tanqid qilgan. Xususan, 2019 yilda Oila masalalari, onalik va bolalikni muhofaza qilish bo‘yicha komissiyasining o‘sha paytdagi rahbari vazifasini bajaruvchi Dmitriy Smirnov bu haqda gapirgandi.

Shu bilan birga, Moskva davlat universiteti biologiya fakulteti antropologiya kafedrasi dotsenti Stanislav Drobishevskiyning ta’kidlashicha, odamlar va shimpanzelar genomining o‘xshashligi 94-98 foizni tashkil etadi. Shuningdek, inson va maymunning yagona qon guruhi mavjud bo‘lib, bu o‘zaro qon almashish imkonini beradi.

Ko‘proq yangiliklar: