Jahon | 15:52 / 01.01.2025
33264
29 daqiqa o‘qiladi

Grozniy, 30 yil oldin: katta urush boshlanishi fotosuratlar va muxbirlarning xotiralarida

1994 yil dekabrida Rossiya hukumati Chechenistonda jami o‘n yildan ortiq davom etgan ikkita qonli urushga yo‘l ochgan harbiy amaliyotni boshlagandi. Yangi, 1995 yilga o‘tar kechas Grozniyni shturm qilishga urinish amalga oshirilib, bu ikki tomon uchun ham halokatli yo‘qotishlar bilan yakunlanadi. Buning ortidan Grozniy yoppasiga bombardimon qilinishi va Moskva tarafidagi chechen federal kuchlarining keng ko‘lamli yurishi boshlanadi. BBC o‘sha kunlarda Grozniyda ishlagan bir necha fotomuxbir bilan urushning boshlanishi, shturmga urinish va shundan keyingi voqealar haqida gaplashdi.

1994 yil dekabrida Chechenistonga qo‘shin kiritilishi va 1995 yilga o‘tar kechasi Grozniy shturm qilinishi o‘n yil davom etgan ikkita qonli urushni boshlab beradi. Foto: Alexander Nemenov/AFP

Aleksandr Nemenov, AFP fotografi:

«Men Grozniyga birinchi marta Rossiya qo‘shini Chechenistonga kirgan 11 dekabr kuni borgandim. Men chechen delegatsiyasining Rossiya tomoni bilan muzokaralarida ishlagandim. Ular kelisha olmadi va qo‘shin olib kirilgan kuni chechen delegatsiyasi Grozniyga ketdi va men shunchaki ulardan meni ham olib ketishni so‘rab, ergashdim. Grozniyga kirish oson emasdi — barcha tomonda Rossiya blokpostlari turardi.

Chechenlar meni shunchaki markazda tushirib qoldirishdi. Shaharda vaziyat keskin edi. Prezident saroyi oldida odamlar miting o‘tkazayotgan, barcha kutish holatidadek edi. Xuddiki, hozir nimadir qilamiz va darhol baxtli bo‘lib ketamiz, degandek. Mustaqil bo‘lamiz, baxtiyor va boy bo‘lamiz.

Menda suratga olish bo‘yicha alohida g‘oya yo‘q edi. Men har kuni shahar markaziga borar, kim nimani ko‘rganini, qayerga borish mumkinligini so‘rardim. Nimanidir tutib qolardim. Meni olib ketishga rozi bo‘lgan joylariga borardim».

Chechen erkaklari prezidentlik saroyi oldidagi maydonda an’anaviy raqsni ijro etishmoqda, 1994 yil dekabr
Foto: Alexander Nemenov/AFP

«Bu tashlandiq holdagi «Kavkaz» mehmonxonasi oldidagi maydondagi miting. Bu yerda tinimsiz ravishda o‘z-o‘zidan har xil voqealar bo‘lardi, odamlar jurnalistlarni ko‘rar, ko‘p ish jurnalistlar uchun qilinardi.

Mitinglardagi chechen ayollari esa — umuman alohida tarix. Ular o‘zlarini o‘zlari ruhlantirar va jangovar kuchga aylanardi. Oldindagi ayollar — so‘kinar, shovqin ko‘tarar, erkaklar esa bir chekkada turar va yengil jilmayib qo‘yishardi».

Prezidentlik saroyi oldidagi chechen ayollari, 1994 yil dekabr
Foto: Alexander Nemenov/AFP

«Armiya (rus armiyasi) hech qachon o‘zini tasvirga olishga qo‘ymasdi, ayrim istisnolar — asosan, brifinglarda. Rossiyalik barcha jurnalistlar Mozdokdagi (Grozniydan shimoli-sharqdagi shahar) matbuot markaziga joylashtirilgandi. Amalda hech qayoqqa olib borishmasdi, faqat 1995 yil bahorida qayergadir olib chiqib, nimanidir ko‘rsatadigan bo‘lishdi. Ammo bular asosan shaxsiy aloqalar evaziga edi. G‘arb matbuoti esa Mozdokka ham, Xonqal’aga (Grozniydan g‘arbdagi posyolka) ham yaqinlashtirilmagan».

Yana Nemenovning xotiralaridan: «Siz bu savolni Arbat harbiy okrugidagi (RF mudofaa vazirligining Moskvadagi binosi Arbat ko‘chasi yonida joylashgan — BBC), nima uchun ular har kuni g‘alaba hisobotlarini qalashtirgan holda jurnalistlarni Mozdokdan nariga o‘tkazishmagan […] Armiya jurnalistlardan „duxlar“dan (chechenlar) ko‘ra ko‘proq qo‘rqardi… va biz yaqinlashmoqchi bo‘lganimizda yoki obektivni ko‘targanimizda (bu boshqa narsa emas, fotoapparatligi aniq ko‘rinib turardi) boshimiz tepasiga o‘q uzishni afzal ko‘rishardi. TV orqali ham shunday kadr ketadi: kimningdir kamerasi „zirhli“ kolonna o‘tishini tasvirga oladi. Aqltoylardan biri, operator yonidan o‘tayotib, shunchaki Kalashnikovni olib, unga qarata o‘q uzadi, shunchaki… To‘g‘ri, tekkizmaydi».

Grozniyning qurollangan aholisi prezidentlik saroyi oldida, 1994 yil dekabr
Foto: Hector Mata/Getty Images

Gektor Mata, 1994 yilda AFP agentligi fotografi bo‘lgan:

«Men Chechenistonga dekabr boshida reportyorlarning kichik guruhi tarkibida yo‘l olganman va fotosuratlar uchun mas’ul bo‘lganman. Ikki turlicha hissiyotni eslayman. Birinchisi — juda ijobiy, milliy ko‘tarilish edi, chechenlarda barchasining imkoni bor degan hissiyot bo‘lgandi. Ko‘chalarda namoyishlar bo‘lardi, bu respublika mustaqilligiga erishish uchun bir joyga to‘planganlarning hamjihatlik tuyg‘usini uyg‘otgandi. Yana bir tuyg‘u esa — qo‘rquv edi. Qo‘rquv va umidsizlik».

Grozniy o‘qqa tutilishi kuchayishi tufayli aholi Checheniston poytaxtini tark etib, Dog‘iston yoki Ingushetiyaga yo‘l oladi
Foto: Hector Mata/Getty Images

«Men bu mojaroda tinch aholi taqdirini ko‘rsatishga harakat qildim. Avvaliga ular nega oldinroq ketishmaganini tushuna olmadim. Odamlar ketishni xohlashmasdi, ularning borar joyi yo‘q edi, bor-budini tashlab ketishni istamasdi. Ammo qaysidir pallada bu muqarrar bo‘lib qoldi. Yegulik topish muammoga aylandi. Barcha yo‘llar to‘sib qo‘yilgandi».

Non uchun navbat. Rus qo‘shini Checheniston poytaxtiga olib boruvchi yo‘llarni to‘sib qo‘ygach, Grozniyda oziq-ovqat ta’minotida uzilishlar boshlanadi
Foto: Peter Turnley/Corbis

«Men bir necha kun ikki chechen va o‘zimning primitiv ruscham bilan ular o‘z yerini himoya qilish uchun qolganini tushundim. Ular o‘z uyi va mulklarini himoya qilar, ammo bu qanchalik qiyin bo‘lishini tushunishardi, shuning uchun oila a’zolarini Grozniydan tashqariga jo‘natib yuborishgandi. Men avtovokzalga borib, ketayotganlarni kuzatardim. Asosan — qariyalar, bolalar, chaqalog‘i bor onalar. Men yana nimani eslayman? Loygarchilik, sovuq yodimda. Shaharda qolgan va aviazarbalarni boshdan kechirganlarning azoblarini eslayman».

Aviazarbalardan keyin yonib ketgan bino yonidagi o‘t o‘chiruvchilar
Foto: Alexander Nemenov/AFP

Aleksandr Nemenovning xotiralaridan: «Tunda butun shahar olov ichida qoldi, odamlar qayoqqadir chopadi… Pichan o‘ramlari, qoplar, chanalar, keksalar, bolalar… Sovuq. Zulmat. Zax. Qo‘rqinchli… ko‘ngil aynishi… Odamlar hozir «mard o‘g‘lonlar» kelishi — avvaliga shaharga yorug‘lik keltirishi, keyin esa barchani tig‘dan o‘tkazishi haqida gapirishadi… — mish-mishlar — mantiqsiz narsa…

Har tongda — yangi yoqqan qor, onda-sonda iz tushgan yo‘llar, burningni qitiqlaydigan kul hidi… va tungi aviazarbalardan keyin quloqdagi sukunat. Ag‘darilib yotgan avtomobillar ichida choyshabga o‘ralgan jasadlar. Tuman…

... Kechga yaqin tunash uchun joy qidirdik. Shahar markazidagi «Grozneft» mehmonxonasini topdik, bu paytda qorong‘i tushib, osmonda samolyotlar g‘uvullashi eshitila boshlagandi. Xuddi chivin uchgandek: bezovta qilmaydigandek, ammo g‘ashga tegadi — chaqishi mumkin…

Ular ko‘p kuttirmadi, bir necha daqiqa o‘tib osmondan yog‘ila boshladi. Goh u yer, goh bu yerga bomba tushadi. Qalin tuman. Qizil shu’la taraladi… «Bolalar dunyosi»ga yetib oldik. Xuddi shu vaqtda uyga raketa urildi. O‘t o‘chiruvchilar yetib keladi. Kuchi yetgancha o‘chirishadi, keyin tashlab ketishadi…»

Grozniy chekkasida mashinaga olib chiqilayotgan yarador askar
Foto: Alexander Nemenov/Getty Images

Aleksandr Nemenov: «24 dekabr kuni biz Grozniyga ilk komandirovkadan qaytayotgandik. Shu vaqtda dala bo‘ylab yaradorlarni olib ketishayotganini ko‘rdik. Birini qo‘lidan yelkalab olishgan. Keyin juda og‘ir ahvoldagi boshqa yigitni ko‘tarishdi. Men ularni qarshilash uchun soy bo‘ylab yugurdim. Men ularni shu soy bo‘ylab ortga qaytishayotganida suratga oldim. Haydovchi «Yigitlar, kechirasiz, men uyog‘iga olib ketolmayman, men bu yigitni gospitalga olib borishim kerak» dedi. Shunday bo‘lgandi. Suratga oldik, xayrlashdik va haydovchimiz bizni tark etdi».

Grozniy aholisi vakillari Grozniy markaziga yonuvchi modda solingan butilkalarni olib kelmoqda, 1994 yil 31 dekabr
Foto: Oleg Nikishin/AFP

Nemenov va uning hamkasbi Chechenistondan Moskvaga ketganidan bir kun o‘tib, Rossiya xavfsizlik kengashi yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi. Yaqin vaqtlar ichida Grozniy shturm qilinmasligiga ishontirishganiga qaramay, mudofaa vaziri Pavel Grachev maxfiy ravishda 1994 yilning so‘nggi kunida shaharga hujum qilishga tayyorlanishni buyuradi. 31 dekabr kuni to‘rt guruh Grozniyga to‘rt tomondan kirishi, shahar markazigacha borishi, prezident saroyini va shahardagi boshqa muhim obektlarni egallashi rejalashtirilgandi. Ammo shturm avvalboshdan reja bo‘yicha ketmaydi — hujumga o‘tgan qismlar ko‘plab nuqtalarda chechen tuzilmalari qo‘ygan pistirmalarga duch kelishadi.

Grozniy ostonasidagi rossiyalik askarlar, 1995 yil 1 yanvar
Foto: Oleg Nikishin/AFP

Gektor Mata: «O‘sha shturm kuni men juda yosh rossiyalik askarlarni uchratdim. Juda yosh. Men karaxt holatda edim:  ular xuddi men kabi judar qo‘rqib ketganini eslayman. O‘sha kuni ishlash uchun xavfsiz baza, plyonkani chiqarish hamda tasvirlarni uzatish uchun sun’iy yo‘ldosh tarelkasi o‘rnatish mumkin bo‘lgan joy topishga urinayotgandim. Men shahar bo‘ylab suratga olib yurganlardan plyonkalarni qabul qilardim. Kelgan fotograflardan biri qurbonlarni sanagani, ammo yuzga yetganida hisoblashdan to‘xtaganini aytdi. Va bu o‘sha fotograf bo‘lgan joylarning o‘zidagi raqamlar edi.

O‘sha kunlardan xotiramda qolgani rossiyalik askarlar yomon o‘qitilgani va yomon jihozlangani haqida. Blokpostlarida yegulikka pul topish uchun ular solyarka sotganini eslayman. Askarlarning ahvoli juda og‘ir edi. Va 31 dekabr kungi Grozniyga hujum juda yomon tashkillashtirilgandi. Va o‘sha voqealardan menda qolgan tasavvur shunday edi: ruslarga barchasi oson bo‘ladigandek tuyulgan — shaharga kirish va uni bir necha kun ichida chechen harbiylaridan tozalash».

Grozniy ko‘chalaridagi jang, 1995 yil 1 yanvar
Foto: Oleg Nikishin/AFP

«Ammo boshqa tomonda jipslashgan, g‘ayratli, kichik bo‘lsa-da, faoliyati yaxshi tashkil etilgan partizanlar armiyasi turardi. Chechenlar shaharni besh qo‘ldek bilishardi, qayerlarda yashirinish mumkinligidan xabardor edi. O‘ylaymanki, ularning ko‘pchiligida Afg‘onistondagi urushda orttirilgan armiya tajribasi bo‘lgan. O‘sha mojaroda ular juda samarali harakat qilishdi va shaharni shturm bilan egallashga bo‘lgan birinchi urinishni yo‘qqa chiqarishdi».
 

Rossiyalik yarador askarlar, 1995 yil 1 yanvar
Ullstein Bild/Getty Images

«O‘sha kun ish nuqtayi nazaridan to‘s-to‘polon bo‘lgandi. Biz turli hududlardan plyonkalarni olishga urinardik. Avvaliga biz oldingi kun ma’lumotlari bo‘yicha harakatlandik — fotograflar bir oldin bombardimon qilingan joylarga chiqishdi. Ammo fotograflarimizdan biri bo‘lgan Sasha Rossiyaning jang oqibatida zarbaga uchragan tanki ustidan chiqdi — shahar markazi uchun bu noodatiy holat edi. Biz kim nima ko‘rganini so‘rashga tushdik, shifoxonalar bo‘ylab yurib, yaradorlar bilan gaplashdik. Butun kun shunday o‘tdi. Shu bilan birga, laboratoriyani yo‘lga qo‘yish va tasvirlarni uzatishga urindim».

Chechenlar egallab olgan zirhli mashina, Grozniy, 1995 yil 2 yanvar
Hector Mata/Getty Images

«Va bungacha ham, shturmdan keyin ham chechenlar tetik, salohiyatli va milliy tuyg‘ularga yo‘g‘rilgan g‘olibona kayfiyatda edi. Ularda bu armiyaga qarshi tura olish hissi paydo bo‘ldi. Ular havoga o‘q uzishar va juda optimistik kayfiyatda edi. Bularning barchasi keyinroq armiya shaharni havodan yakson qila boshlaganidan keyin yuzaga kelgan mutlaq zulmat bilan keskin farqlanardi».

Hector Mata/Getty Images

Devid Brauchli, Associated Press agentligi operatori va fotografi:

«1991 yilda men Moskvada ishlaganman, o‘shandayoq Grozniyda bo‘lib, Johar Dudayevdan intervyu olganman va boshqa chechenlar bilan ham gaplashganman. Shunday ekan, men Moskva Checheniston o‘rtasidagi keskinlashuvdan xabardor edim. 1991 yildan keyin Sarayevoda ishlagandim, 1992 va 93 yillarda Bosniyadagi urushni tasvirga olgandim. Keyin Janubiy Afrikaga ketdim. U yerda urush vaqtidagi saylovlar bo‘lgandi.

1994 yil dekabrida Yelsin Chechenistonga borganida, men Chexiyada edim. Men bu jiddiy voqea bo‘lishini tushundim, Rossiya Federatsiyasi bostirib kirishga qaror qilgandi. Bu fuqarolik urushiga aylanib ketishi mumkin edi, mustaqillik urushi bo‘lishi mumkin edi, nima bo‘lganda ham tanklar, samolyotlar bor edi va bu jiddiy ekani ayonlashdi.

Rossiyaning Pragadagi elchixonasida tanishlarim bor edi, jurnalist vizasini olish oson kechdi. Men Domodedovoga uchdim, u yerdan Mineralniye Vodiga va keyin mashinada Xasavyurtga, 1 yanvar kuni yetib oldim. Birinchi hafta davomida Xasavyurtda yashadim. Ertalabki soat yettida bu la’nati «Volga»da Grozniyga jo‘nashimiz, uch soat ishlashimiz va qorong‘i tushgunicha barcha blokpostlardan o‘tib ortga qaytishimiz kerak edi».

David Brauchli/Sygma

«Chechenlar bizga Rossiya qo‘shini bilan nima qilishga muvaffaq bo‘lganlarini ko‘rsatishdi. Masalan, mana bu yonib ketgan mashina. Menda yana bir kadr bor — BTR minorasida yonib turgan jasad. Bu — biz yetib bora olgan joylarda. Qaysidir joylarga kirish o‘ta xavfli edi. Menda halok bo‘lgan va ko‘chalarda yotgan askarlarning fotosuratlari bor. Yanvarning dastlabki uch kunligida tasvirga olish mumkin edi, keyin Rossiya tanklari va askarlari bo‘lgan ko‘plab kvartallarga (masalan, prezident saroyi oldi) kirish shunchaki xavfli bo‘lib qoldi».

Devid Brauchlining kundaligidan: «Men APTV jamoasi bilan u yerga 2 yanvar kuni bordim. Men bunday otishmani hech qachon ko‘rgan emasdim — minomyotlardan, tanklardan, artilleriyadan otishardi. Men prezident saroyi oldida biroz vaqt bo‘ldim va qochdim. Shunchaki turib bo‘lmasdi. Aftidan, Janubiy Afrikadagi nisbatan tinch hayot va Pragadan keyin men bu qanaqa bo‘lishini unutib qo‘ygandim. Grozniydagi binolarning katta qismi vayron bo‘lgandi. Ruslar chindan ham bu shaharni olishdi. Barchasi — kompartiyaning sobiq binosidan (prezident saroyi) turar joylar va do‘konlargacha butunlay bombalar, raketalar, tank snaryadlari va o‘qlar bilan vayron qilindi».

Grozniy mudofaachilari shahar markaziy maydonida yaradorni olib ketishmoqda
David Brauchli/Sygma

«Men u yerga keyingi kuni qaytdim va u yerda olti soat davomida suratga oldim. „Magnum" fotografi Pol Louni uchratdim, biz birgalikda ishladik. Biz prezident saroyi oldida bo‘ldik, ammo keyin urilgan tanklarni suratga olish uchun vokzalga bormoqchi bo‘ldik. Ammo prezident saroyi oldidagi jangchilar bizga yo‘l ko‘rsatishni xohlamadi. Nihoyat qandaydir mardlar topildi. Va biz Pol, men, yana bir amerikalik muxbir hamda ikki yo‘l ko‘rsatuvchi yo‘lga tushdik […] Kinoteatr oldidagi maydondan yugurib o‘tishga to‘g‘ri keldi. Yuguraveramiz, muammo yo‘q. Birdan — babax! Zanjirimiz oxirida belayotgan Billdan o‘n metr narida snaryad portlaydi. Qandaydir tankchi bizni ko‘rib qolgan va nishonga olgan. Men kimningdir eshigiga o‘zimni urdim va uyga kirdim, u ochiq edi. Boshim ustini nimadir yopib turishi uchun devorga suyanib turdim. Yana babax! Shiftdan shtukaturka to‘kildi. Yana bir babax! — derazadagi qolga oynalar ham to‘kilib tushdi. Biz kutib turdik, bizni haydab chiqarish uchun tankchi yana o‘n bor o‘q uzdi. Yo‘lboshlovchilarimiz choy qaynatishga tushdi. Chechenlar hech narsadan qo‘rqmayotgandek edi».

David Brauchli/Sygma

Devid Brauchli: «Rahbarim «menga prezident saroyi oldidan fotosurat kerak» deyishi mumkin edi. Men esa unga «Mayk, sen aqldan ozibsan. Men prezident saroyiga bormayman, bu juda xavfli» derdim. U rozi bo‘lardi, ammo yaqinroqdan nimanidir suratga olishni so‘rardi, chunki saroy o‘qqa tutilishi kun yangiligi bo‘lgandi. Reportyorlar bu yerga kelmasdi, ular Xasavyurtda ishlab, Grozniydan qochib chiqqanlardan intervyu olishardi va bizdan ham gap olishdi. Ular chechen hukumati bilan ham, Rossiyaniki bilan ham gaplashib, bularning barini matnga jamlash uchun kengroq nuqtayi nazarga ega bo‘lishi kerak edi. Bizning ish — bunday maqolani yaxshi aks ettiradigan fotosuratlar olish edi».

Grozniyda dafn marosimi, 1995 yil 4 yanvar
David Brauchli/Sygma

«Chechenistondagi ikkinchi haftada men yana bir fotograf, Misha Yevstafev bilan ko‘rishdim. Urushda bo‘lib turadi — raqobatlashadigan agentliklarning fotograflari birgalikda ishlashi mumkin, shunisi xavfsizroq. Biz tashlab ketilgan uyni topdik. Bu yerda elektr yo‘q edi, ammo biz generator olib yurardik. Uyda gaz ham bor edi. Bu muhim edi, shunda biz kerakli haroratgacha isitib, plyonkani chiqarishimiz mumkin bo‘lardi. Biz plyonkalarni chiqardik va ularni skan qildik. Bizda sun’iy yo‘ldosh telefoni va peredatchik ham bor edi. U soniyasiga 960 bit tezlikda ishlardi. Bir fotosuratni yuborish uchun sakkiz daqiqa vaqt ketardi. Agar bu rangli surat bo‘lsa — barchani esa, albatta, ranglilari qiziqtirardi — unda bitta faylni uch marta, uchta rangli kanalda yuborish kerak bo‘lardi. Agar shu pallada generator o‘chib qolsa, uchtalik yuborishni boshidan boshlash talab etilardi. Shunday ekan, men har kuni tongda ikki soat suratga olar, qolgan vaqt olingan suratlarni yuborishga ketardi, bu dahshatning o‘zginasi edi».

Foto: Alexander Nemenov/AFP

Aleksandr Nemenov: «Men bir guruh chechen jangchilariga qo‘shilib oldim va «siz bilan ketsam bo‘ladimi?» deya so‘radim. Ish shunday. Nima deyishim mumkin? Men ular bilan bo‘layotgan voqealarni tasvirga olishim kerak edi. Barchasi juda oddiy. Va ular bu pallada meni xalal beradi deb o‘ylashmadi. Men ham ikkilanmadim. Vaqti-vaqti bilan qandaydir minalar uchib kelardi. Bundan ortiq emas. Bu urushdagi oddiy, kundalik holat. Ular jim turar yoki qo‘llarini silkib qo‘yishardi va men ular bilan bir necha kilometr yugurib bordim. Biz deyarli oldingi chiziqqa yetib bordik, u yerda men ko‘p qavatli uyga kirib olib, bu vaqtga kelib federal kuchlar nazoratiga o‘tgan prezident saroyini suratga tushirdim».

Foto: Alexander Nemenov/AFP

«Men chechenlar bilan Tinchlik ko‘chasida yugurayotib, ular bilan gaplashayotganimda, xuddi Stalingradda yurgandek hissiyot chulg‘ab oldi. Bu shokka tushirardi, chunki uch hafta muqaddam bu shaharni butunlay boshqachaligida ko‘rgandim. Endi hammasi oldingidek bo‘lmasligi tushunarli edi. Yangi yildagi shturm — aytishni istardimki, bu tarixdagi suvayirg‘ich bo‘lgandi. Men bungacha Abxaziyada, Qorabog‘da, Tojikistonda ishlagandim. Ammo bularning barchasi yanvar oyida Chechenistonda ko‘rganlarim oldida bamisoli gullar edi».

Foto: Alexander Nemenov/AFP

Devid Brauchli: «Men katta urush bo‘lishini taxmin qilgandim, ammo bunday shiddatni va bunday vayrongarchilikni kutmagandim. Mening urushlardagi tajribam Yugoslaviyada bo‘lgandi, u yerda vayrongarchiliklar ancha kam edi va janglar qishloq joylarda kechgandi. Men uzoq vaqt Markaziy Bosniyada tasvirga olganman, u yerda merganlar bo‘lgan, ko‘chalarda tasodifiy qurbonlar bo‘lardi. Grozniyga kelganimda esa, bu yer faqat kitoblarda o‘qiganim Ikkinchi jahon urushidagi kabi manzaralarga to‘la edi. Men shahardagi kvartallar ortidan kvartallar kunpayakun bo‘lganini ko‘rishni kutmagandim».

Foto: David Brauchli/Sygma

Gektor Mata: «Men Janubiy Amerikadagi fuqarolik urushlarida ishlaganman, Ruandada bo‘lganman, u yerda to‘g‘ridan to‘g‘ri to‘qnashuvlarga guvoh bo‘lganman, ammo Grozniydagi qaysidir soatlarda oxirgi nuqtagacha bordim. Va gap faqat kimdir meni yoki yonimdagilardan kimnidir otishga uringanida emas. Masalan, uzoq soatlar va kunlar, tunlar portlashlar ovozi fonida o‘tardi. Bu ruhiyatni butkul sindiradi va uyqudan mahrum qiladi, portlashlar uzoqda bo‘lsa ham. Har portlash bilan birga devorlar titrab ketadi. Buni yodimda saqlab qolganman».

Grozniy markazidagi vayron qilingan uydagi chechen jangchisi
Foto: David Turnley/Getty Images

«Fikserimizning yuzini ham eslayman, qo‘rquv emas, ammo juda ko‘p boshqa ishlarda pishgan odamning yuzida o‘ta va o‘ta jiddiy ifoda. Dastlabki aviazarbalar vaqtida yashirinishga majbur bo‘lganimizda men uning yuz ifodasiga qarab mo‘ljal olardim va men u qanchalik tashvishlanganini ko‘rdim. Buni hech qachon unutmayman.

Va hech qachon bizga har tongda non pishirib sotgan ayolning yuz ifodasini unuta olmayman. Atrofdagi barcha narsa qulayotgan bo‘lsa ham, u har tongda non yopardi. Bu saqlanib qolgan xotiralarim. Albatta, otishmalar ham — ma’lum darajada. Ammo yonayotgan nimaningdir hidi va ayniqsa derazalarni zirillatadigan tovushlar — xotiramda qattiq saqlanib qoldi».

Aleksandr Nemenov: «Biz Moskvadan kelganimiz va rus bo‘lganimiz hech qanday muammo tug‘dirmadi. Mutlaqo aksincha, agar chechenlardan kimdir birdan e’tiroz bildira boshlasa, unga darhol besh kishi tashlanib, shunday deyishi hayratga solardi: «Undan qo‘lingni tort, nima, uning familiyasi Yelsinmi?» Shunday bo‘lgan. Uylariga yashirishar, doimo tunashga kiritishardi. Bizdan talab faqat bitta edi: ko‘rganlaringizni dunyoga ko‘rsating. Men aynan shunday qildim. Aytardim: «Men oldingizga ko‘rganimni ko‘rsatish uchun kelganman. Mana fotosuratlar, u alday olmaydi».

Bombardimon qilingan Grozniyni Sunja daryosidagi ko‘prik orqali tark etayotgan aholi
Foto: Alexander Nemenov/AFP

Devid Brauchlining kundaligidan: «Ikki keksa yoshli rus buyumlarini ko‘targancha Minutkadan yuz metr naridagi tor ko‘cha bo‘ylab ketayotganida ularning o‘rtasida kassetali bomba portlaydi. Ayol o‘ngga, to‘siq tomon otilib ketadi, erkak chapga. Aftidan, oskolkalar ularni darhol o‘ldirgan, qon ko‘p emasdi. Biz uydan qaytishda ularning ustidan chiqdik, manzara dahshatli edi. Men erkak uxlayapti deb o‘yladim, ammo uning yuzi murdalarnikiga xos bo‘lgan mumsimon tusga kirgan va katta ochilgan ko‘zlari hali ham o‘zini o‘ldirgan narsaga qarab turardi. U hamon qo‘lida sumkani mahkam tutgandi, to‘g‘risini aytsam, mast kishiga o‘xshardi, ammo uning labi va qo‘llari qon edi, yo‘l o‘rtasidagi o‘ra esa nima ro‘y berganini bildirib turardi. Uning rafiqasining oyog‘i singandi va qonga belangandi, ammo tananing yuqori qismi butun edi. Jon, Tomas va men buni 15 daqiqacha suratga tushirdik. Hech kim yo‘q edi. Keyin keksa ayol yetib keldi va yig‘lay boshladi».

Foto: David Brauchli/Sygma

Devid Brauchlining kundaligidan: «Agar ruslar Grozniyni o‘ziga bo‘ysundirsa, nima bo‘ladi? Ular hech qachon bu yerga chechen xalqi qabul qilishi mumkin bo‘lgan hokimiyatini o‘rnata olmaydi. Afg‘onistonda ruslar qo‘llovida ishlab turganlardek qandaydir qo‘g‘irchoqlar bo‘ladi. Shubhasiz, Rossiya tezda qandaydir yechim topishi kerak, chunki askarlar o‘lishda davom etarkan, urushni qo‘llash darajasi tushadi va Yelsin keyingi yildagi saylovlarda yutqazishi mumkin bo‘lib qoladi. Chechenlar mustaqillikni qo‘lga kiritadi, boshqacha bo‘lishi mumkin emas, ammo — qanday qurbonliklar evaziga? Va ruslar ega bo‘ladigan yagona narsa — kavkaz xalqlarining so‘nmas dushmanligi. Yangi mamlakat uchun yaxshi boshlanish emas».

Foto: Ullstein Bild/Getty Images

Chechen urushlari, asosiy sanalar:

11.12.1994 — federal qo‘shinlar Chechenistonga kiritiladi

31.12.1994 — Grozniy muvaffaqiyatsiz shturm qilinishi

14.06.1995 — Budennovskdagi shifoxona Basayev otryadi tomonidan egallab olinadi

1995 yil dekabr — chechen otryadlari Gudermes va Kizlyarga (Dog‘iston) reydlar uyushtiradi

22.04.1996 — Rossiya raketasi chechenlar yetakchisi Johar Dudayevni o‘ldiradi

1996 yil may — sulh kelishuvi, Yelsin Chechenistonga blits-tashrifini amalga oshiradi

6.08.1996 — Grozniy Aslan Masxadov otryadlari tomonidan egallab olinadi

30.08.1996 — Xasavyurtda Masxadov va general Lebed o‘rtasida kelishuv tuziladi

1996 yil dekabr — federal qo‘shinlar Chechenistondan olib chiqiladi

1997-1999 yy — Checheniston va undan tashqaridagi hududlarda qo‘poruvchilik aksiyalari, hujumlar, odam o‘g‘irlash va o‘ldirishlar davom etadi

7.08.1999 — chechen otryadlari Dog‘istonga bostirib kiradi va qishloqlarni egallaydi

11.08.1999 — armiya chechenlarni Dog‘istondan siqib chiqarish uchun amaliyot boshlaydi

4-16.09.1999 — Buynaksk, Moskva, Volgodonsk shaharlarida portlashlar ro‘y beradi

30.09.1999 — Checheniston hududida umumqo‘shin amaliyoti boshlanadi

1999 yil noyabr — 2000 yil fevral — Grozniy qamal qilinib, chechen otryadlari shahardan siqib chiqariladi

20.04.2000 — federal qo‘shinlarning Chechenistondagi aksilterror amaliyoti yakunlangani e’lon qilinadi

23.01.2001 — Rossiya qo‘shini qisman olib chiqiladi. Axmat Qodirov Checheniston rahbari etib tayinlanadi

2001-2002 yy — chechen otryadlari Gudermes va Ingushetiyaga hujum qiladi

2002 yil oktyabr, 2004 yil sentabr — Moskvaning Dubrovka rayonidagi konsert zalida hamda Shimoliy Osetiyaning Beslan shahridagi maktabda odamlar garovga olinadi va o‘ldiriladi

9.05.2004 — Grozniydagi stadionda portlash ro‘y beradi, Axmat Qodirov halok bo‘ladi

2005 yil mart — Aslan Masxadov halok bo‘ladi

31.01.2006 — Putin Chechenistonda aksilterror amaliyot amalda yakunlanganini ma’lum qiladi

16.04.2009 — Chechenistonda aksilterror amaliyot rejimi bekor qilish haqida rasman qaror qabul qilinadi

Mavzuga oid