Portugaliyada o‘rmon yong‘inlari tufayli favqulodda holat e’lon qilindi

Jahon 23:47 / 18.09.2024 1673

Mamlakat bosh vaziri Luish Montenegro yong‘in sodir bo‘layotgan o‘rmonlarga yaqin hududlarda favqulodda holat e’lon qilib, ko‘proq o‘t o‘chiruvchilar va davlat xizmatchilarini yong‘inni o‘chirishga safarbar etishni buyurdi. Shuningdek, u politsiya tergovchilarini yong‘inning yuzaga kelishida aybdorlarni qidirishni kuchaytirishga chaqirib, uyidan ayrilgan yoki evakuatsiya qilingan fuqarolarga yordam va’da qildi.

«Og‘ir damlar tugamaganini yaxshi tushunib turibmiz. Odamlar va mulklarni himoya qilish uchun sheriklarimiz hamda do‘stlarimizdan yordam so‘rashimiz darkor», — deydi Montenegro.

Copernicus Yevropa sun’iy yo‘ldosh xizmatining ma’lum qilishicha, 15 ming gektardan ortiq o‘rmon yonib ketgan, umumiy hisobda 13 kilometr alanga fronti aniqlangan. Shuningdek, 210 ming kishi istiqomat qiladigan tuman yong‘in xavfi ostida qolmoqda.

Quruq va issiq ob-havo tufayli Portugaliyada avj olgan o‘rmon yong‘inlari Markaziy Yevropada yuz berayotgan suv toshqinlariga to‘g‘ri keldi. Yevropa Ittifoqi bir-biriga zid bo‘lgan ekstremal ob-havo «iqlim o‘zgarishining» isboti bo‘la olishini ma’lum qildi.

Ispaniya Qurolli kuchlari yong‘inga qarshi kurashish uchun qo‘shni mamlakatga 240 nafar askar va transport vositasini yuborgan. Fransiya esa suv tashuvchi to‘rtta samolyot jo‘natgan, Marokash ham Portugaliyada ikkita samolyot xizmatini taqdim etgan.

Ko‘proq yangiliklar: