OAV: «Mossad» «Hizbulloh» peyjyerlariga portlovchi moddalar o‘rnatgan

Jahon 09:03 / 18.09.2024 9027

Isroilning «Mossad» razvedka xizmati 17 sentabr kuni peyjyer portlashlaridan bir necha oy oldin Livandagi «Hizbulloh» harakati tomonidan buyurtma qilingan Tayvanda ishlab chiqarilgan 5000 peyjyerga oz miqdorda portlovchi moddalar o‘rnatgan. Bu haqda Reuters 18 sentabr, chorshanba kuni Livan xavfsizlik xizmatidagi yuqori martabali manba va boshqa suhbatdoshiga tayanib xabar berdi.

Harakat Tayvanning Gold Apollo kompaniyasiga peyjyerlarga buyurtma berdi. Bir qancha manbalarga ko‘ra, uskuna Livanga bahorda olib kelingan.

Nashr suhbatdoshining iddao qilishicha, qurilmalar Isroil razvedka xizmati tomonidan «ishlab chiqarish bosqichida» o‘zgartirilgan.

Reuters xabaridagi tafsilotlar amerikalik va boshqa bir qancha rasmiylarga tayangan The New York Times ma’lumotlariga to‘g‘ri keladi.

Sky News Arabia: Portlovchi moddalar akkumulyatorlar qizigandan keyin portladi

Sky News Arabia manbalariga ko‘ra, peyjyerlarda detonator qopqoqlarini jihozlash uchun ishlatiladigan azot kislotasi efirini o‘z ichiga olgan portlovchi modda hisoblanuvchi pentaeritrittetranitrat bo‘lgan. Portlash «Mossad» akkumulyatorlarning haroratini oshirganda sodir bo‘lgan.

Axios ma’lumotlariga ko‘ra, Isroil AQSh prezidenti Jo Bayden ma’muriyatini operatsiya haqida oldindan xabardor qilmagan.

U hafta boshida Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu, uning vazirlar mahkamasi yuqori martabali a’zolari va xavfsizlik xizmatlari rahbarlari ishtirokidagi xavfsizlik bo‘yicha yig‘ilishlar chog‘ida ma’qullandi, dedi vaziyatdan xabardor manba.

Isroil Mudofaa vazirligi rahbarining AQSh prezidenti yordamchisi o‘rinbosari bilan uchrashuvi

Isroil Mudofaa vazirligining 16 sentabr kuni xabar berishicha, idora rahbari Yoav Galant AQSh prezidenti yordamchisi o‘rinbosari va Davlat departamentining energiya xavfsizligi bo‘yicha katta maslahatchisi Eymos Xokstin bilan uchrashdi. Uning yakunlari bo‘yicha Galant Livan bilan chegarada deyarli har kuni ro‘y berayotgan to‘qnashuvlar tufayli diplomatik kelishuv ehtimoli kamayib borayotganini aytgan.

Isroil hozircha portlashlar bilan bog‘liq vaziyatga izoh bermadi.

Portlash oqibatida to‘qqiz kishi, jumladan, sakkiz yoshli qiz halok bo‘lgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, 2750 ga yaqin kishi jarohat olgan.

Ko‘proq yangiliklar: