Xitoy hukumati TikTok ijtimoiy tarmog‘ining AQShdagi bo‘limini boshqarishni tadbirkor Ilon Maskka topshirish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda manbalarga tayanib, Bloomberg xabar berdi. Ushbu chora AQShda TikTok’ning bloklanishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida ko‘rib chiqilmoqda.
Hozirda AQSh Oliy sudi TikTok Xitoyning ByteDance kompaniyasi mulkidan ajratilmasa, mamlakatda ijtimoiy tarmoqdan foydalanishni taqiqlash imkonini beruvchi qonunni ko‘rib chiqmoqda. Jarayon hali yakunlanmagan bo‘lsa-da, 10 yanvardagi muhokamalarda sudyalar qonunni qo‘llab-quvvatlashga moyilligini bildirdi.
Bloomberg ma’lumotlariga ko‘ra, Xitoyning yuqori lavozimdagi amaldorlari bunday vaziyat uchun harakat rejasini muhokama qilishga kirishgan. Bu munozaralar yangi prezident Donald Tramp ma’muriyati bilan qanday munosabat o‘rnatish bo‘yicha keng qamrovli muhokamalar doirasida olib borilmoqda.
Nashr manbalari xabar berishicha, Xitoy hukumati TikTok’ning ByteDance mulki bo‘lib qolishini “qat’iy afzal ko‘radi”. Muhokama qilinayotgan ssenariylardan biriga ko‘ra, Mask egaligidagi X ijtimoiy tarmog‘i TikTok’ni o‘z nazoratiga olishi va qo‘shma biznesni boshqarishi mumkin. Bunday vaziyatda TikTok X’ning reklama beruvchilarni jalb qilish bo‘yicha urinishlarini qo‘llab-quvvatlashi, Mask asos solgan xAI sun’iy intellekt kompaniyasi esa TikTok ’agi ma’lumotlar bazasidan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lishi mumkin.
Xitoy amaldorlari Tramp ma’muriyati bilan tariflar, eksport nazorati va boshqa masalalar yuzasidan murakkab muzokaralar olib borishga majbur bo‘ladi, deydi manbalar. Shu bilan birga, ular TikTok’ning kelajagi haqidagi muzokaralarni munosabatlarni yaxshilash uchun potensial imkoniyat sifatida ko‘rmoqda.
Bloomberg ma’lumotlariga ko‘ra, muzokaralar hali dastlabki bosqichda. ByteDance kompaniyasi va Mask bundan xabardor yoki yo‘qligi noma’lum. Tadbirkor izoh berishdan bosh tortdi.
TikTok vakili Maskning ijtimoiy tarmoqni sotib olishi ehtimolini qat’iyan rad etdi. “Bizdan qip-qizil uydirma haqida izoh kutilmasin”, — dedi u Variety nashriga.
TikTok’ni taqiqlash bilan tahdid qiluvchi qonun 2024 yil bahorida AQSh Kongressi Vakillar palatasi tomonidan qabul qilingan. Kongressmenlar ijtimoiy tarmoqni milliy xavfsizlikka tahdid deb hisoblaydi. Aprel oyida Jo Bayden qonunni imzoladi.
TikTok vakillari, foydalanuvchilar va kontent yaratuvchilari bilan birgalikda qonunga norozilik bildirdi. Ularning aytishicha, milliy xavfsizlikka oid tashvishlar noaniq va taxminiy ma’lumotlarga asoslangan bo‘lib, bu taqiq AQSh Konstitutsiyasining so‘z erkinligini kafolatlagan moddasini buzadi. Biroq apellyatsiya sudi qonunni qo‘llab-quvvatladi. Oliy sud tomonidan ma’qullangandan so‘ng, qonun 19 yanvar kuni — AQShning saylangan prezidenti Donald Trampning inauguratsiya marosimidan bir kun oldin kuchga kirishi lozim.