Ukraina huquq-tartibot idoralari Rossiya qurolli kuchlari vakillari tomonidan ukrainalik harbiy asirning o‘ldirilishi ehtimoli bo‘yicha sudga qadar tergov boshladi. Ukraina Bosh prokuraturasi va Donetsk viloyat prokuraturasi 17 sentabr, seshanba kuni xabar berishicha, urush qonunlari va urf-odatlarini buzish, shuningdek, qasddan odam o‘ldirish bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.
Avvalroq Rossiya harbiy Telegram-kanallarida ko‘kragiga «Kursk uchun» yozuvi tushirilgan qilich sanchilgan, ukrainalik harbiy xizmatchi bo‘lishi mumkin bo‘lgan qonga belangan kishining yerda yotgan suratlari tarqalgan edi. Suratlardan birida qurbonning qo‘lida kulrang skotch ko‘rinadi, uning qo‘llari bog‘langan bo‘lishi mumkin.
Bu kadrlarni tahlil qilgan OSINT-tahlilchilari suratlar Pokrovskdan uncha uzoq bo‘lmagan Donetsk oblasti Novogrodovka shahrida olingan degan xulosaga kelishdi. Ukraina Bosh prokuraturasining xabar berishicha, hozirda jinoyat holatlarini va unga aloqador shaxslarni aniqlash bo‘yicha bir qator tezkor tergov harakatlari olib borilmoqda.
Ukraina ombudsmani BMT va XQXQga murojaat qildi
Oliy radaning inson huquqlari bo‘yicha vakili Dmitriy Lubinets BMT va Xalqaro Qizil Xoch qo‘mitasiga Rossiya armiyasi tomonidan «yangi urush jinoyati» qayd etilgani bo‘yicha maktublar yuborganini aytdi. «Yovvoyilik va qonxo‘rlik darajasini tushunish mumkin emas, bu kabi harakatlar harbiy asirlar bilan munosabatda bo‘lish to‘g‘risidagi Jyeneva konvensiyasini qo‘pol ravishda buzishdir», - deya ta’kidladi ombudsman.
Iyun oyida Ukraina bosh prokurori Andrey Kostin Rossiya Federatsiyasining Ukrainaga qarshi keng ko‘lamli urushi boshlanganidan beri Rossiya harbiylari kamida 61 ukrainalik harbiy asirni o‘ldirganini ma’lum qilgan edi.