Myuller va Keyn yana bir bor tarixga kirishdi
«Bavariya» — «Dinamo» Zagreb 9:2
Gollar: Keyn (19 penalti, 57, 73 penalti, 78 penalti), Gerreyru (33), Olise (38, 61), Sane (85), Goretska (90+2) — Petkovich (49), Ogivara (50).
«Bavariya» – Noyyer (Ulrayh, 46), Devis, Kim Min Je (Dayyer, 69), Upamekano, Gerreyru (Goretska, 81), Pavlovich, Kimmih, Olise (Sane, 68), Gnabri, Musiala (Myuller, 68), Keyn.
«Dinamo» Zagreb – Nevistich, Ogivara (Xoja, 73), Per-Gabriel (Shpikich, 73), Mmae, Teofil-Katrin, Ristovski, Baturina (Ademi, 78), Mishich, Rog (Stoykovich, 46), Pyatsa (Kulenovich, 61), Petkovich.
Ogohlantirish: Ristovski (77).
Bu o‘yinda barchasi oldindan ma’lum edi. Bu o‘yinda gap faqat «Bavariya» qancha gol urishida edi — o‘yin arafasida esa Myuller myunxenliklar safida barchadan ko‘p o‘yin o‘tkazgan futbolchi sifatida taqdirlandi. Tomasga 710 raqamli (yubiley ko‘rsatkichi) futbolka topshirildi, unga yana bir shunday futbolka tayyorlash ham mumkin edi. Chunki u zaxiradan o‘yinga qo‘shilib, turnirda bir jamoa safida o‘tkazgan o‘yinlari soni (152) bo‘yicha Xavini ortda qoldirdi va rekordchiga aylandi.
Birinchi bo‘limda uning jamoadoshlari VAR bilan hamkorlikda o‘ziga xos aksiya uyushtirishdi. Videotakrorlardan keyin mezbonlarning ikki goli ofsayd tufayli bekor qilindi, ammo bir golni hisobga olishda yordam berdi, shuningdek Keyn aniq ijro etgan birinchi penalti tayinlanishiga sabab bo‘ldi. Shu kuni angliyalik hujumchi poker qayd etib, shundan uchtasini 11 metrlik nuqtadan urdi. Harri avvaliga Ueyn Runiga yetib oldi, keyin YeChLda eng ko‘p gol urgan (33) ingliz futbolchisiga aylandi, «Bavariya» esa «Real» qilgan ishni takrorladi. Bungacha faqat madridliklar turnirda 60 marta 11 metrlik jarima zarbasini ijro etgandi.
Myunxenliklar uchun barchasi silliq kechmadi, Noyyer jarohat olgach, uning o‘rniga tushgan Ulrayh ikki zarbada ikki gol o‘tkazib yubordi. Lekin xolis bo‘lib aytish kerakki, bu vaziyatlarda qutqarish qiyin edi. Jamoadagi barcha futbolchilar xotirjamlikka berilgandi. Lekin uchta gol farqi minimumgacha qisqargach, barcha bir vaqtda uyg‘ondi. To‘g‘rirog‘i, xorvatlar nemis yirtqichini uyg‘otib yubordi va yana oltita gol o‘tkazdi. 9:2 — haqiqiy xo‘rlash. Turnirda ilk bor bunday samaradorlik 1990 yilda kuzatilgandi, o‘shanda «Real» «Tirol» mudofaasini parokanda qilgan (9:1).
Mbappening yubileyi
«Real» — «Shtutgart» 3:1
Gollar: Mbappe (46), Ryudiger (83), Endrik (90+6) — Undav (68).
«Real» – Kurtua, Mendi (Fran Garsiya, 76), Ryudiger, Karvag‘al, Vaskes (Militao, 46), Bellinghem (Endrik, 80), Chuameni (Modrich, 70), Valverde, Vinisius, Mbappe, Rodrigo (Gyuler, 75).
«Shtutgart» – Nyubel, Mittelshtadt, Shabo, Ruo (Zagadu, 88), Vagnoman (Cheyz, 63), Shtiller, Karazor, Fyurix (Rider, 63), Miyo (Demirovich, 75), Leveling, Undav (Ture, 76).
Ogohlantirishlar: Vaskes (23), Mittelshtadt (30), Valverde (78), Militao (80), Modrich (90+5).
Yevrokuboklar mavsumi ochilishiga «Real» uchun muhim bo‘lgan ikki futbolchi — Tshuameni va Bellinghem safga qaytishdi. Va bu YeChLda ikki o‘yin orasidagi farq bo‘yicha nemislar rekordini o‘rnatgan «Shtutgart» uchun yaxshi yangilik emasdi. Shvablarda bu 14 yil-u 184 kunga teng bo‘ldi. Jamoa oxirgi o‘yinini «Kamp Nou»da o‘tkazgandi, endi esa ispanlarning yana bir grandi maydoni — «Santiyago Bernabeu»ga tashrif buyurdi.
Shu bilan birga, nemislar mezbonlardan umuman cho‘chimay harakat qilishdi va Kurtuani muntazam ravishda ish bilan ta’minlashdi (dastlabki 15 daqiqalikda 4 zarba). Undav hujum uyushtirganida to‘p rikoshet bo‘lib to‘singa bordi. Ispaniyada tez-tez penaltidan gol urib turadigan «Real»ning bu borada ham omadi kelmadi. Videohakamlar bilan maslahatlashgan arbitr 11 metrlik jarima zarbasini bekor qildi (YeChLda madridliklarda bunday holat ilk bor kuzatilmoqda), ammo to‘qnashuvdan keyin jon berayotgandek tipirchilagan Ryudiger simulyatsiya uchun ogohlantirilmadi.
Bu mavsumdagi birinchi bo‘limlar — Madrid uchun dahshatli tushga aylanmoqda. Jamoa yetti o‘yinning ilk 45 daqiqaliklarida atigi bitta gol urgan! Ikkinchi bo‘limda esa jamoa nisbatan yaxshiroq harakat qilmoqda. Bu o‘yinda tanaffusdan keyin darhol Rodrigo Mbappeni bo‘sh darvoza qarshisiga chiqarib yubordi. Braziliyalik vinger yubiley hammuallifiga aylandi, chunki Kilian YeChLda Benzema (92) va Anri (59)dan keyin 50 ta gol dovonidan o‘tgan uchinchi fransuzga aylandi. Shundan keyin mehmonlar jarima maydoni qamal qilindi, xususan, Vinisius Juniorning zarbasi to‘singa tegdi, «Shtutgart»ning mag‘lubiyati muqarrardek ko‘rina boshladi.
Faqat nemislar taslim bo‘lishni o‘ylashmadi va burchak zarbasidan keyin hisob tenglashdi. Madridni fiaskodan tajriba va yoshlik uyg‘unligi qutqardi. Avvaliga Modrich kornerdan keyin namunali uzatma berdi va Ryudiger bosh bilan qaytarib bo‘lmas zarba yo‘lladi. Keyin esa Endrik o‘z nomini tarixga yozishda davom etdi. La Ligadagi debyut o‘yinida ham gol urgan yosh braziliyalik qarshi hujumda butun maydonni to‘p bilan kesib o‘tdi va raqib jarima maydonigacha olib bordi, ikki qanotda ochilgan Mbappe yoki Vinisiusga pas berishi ham mumkin edi, ammo barchasini o‘zi hal qilishni istadi va uzoqdan yaqin burchakka aniq zarba berdi.
U 18 yosh-u 58 kunligida, YeChLdagi debyut o‘yinida gol urdi, qolaversa, madridliklar klubi afsonasi Raulga tegishli bo‘lgan rekordni yangiladi.
«Liverpul» «Milan»ni ayamadi
«Milan» — «Liverpul» 1:3
Gollar: Pulishich (3) — Konate (23), van Deyk (41), Soboslai (67).
«Milan» – Menyan (Torriyani, 51), Teo, Pavlovich, Tomori (Gabbiya, 84), Kalabriya (Emerson, 70), Loftus-Chik (Abraham, 70), Fofana, Reynders, Pulishich, Leau, Morata (Okafor, 84).
«Liverpul» – Alisson, Tsimikas, van Deyk, Konate, Aleksander-Arnold (Gomes, 79), Mak Allister (Endo, 90+2), Gravenberh, Soboslai, Gakpo (Dias, 68), Saloh (Kiyeza, 90+2), Jota (Nunes, 68).
Ogohlantirishlar: Kalabriya (22), Fofana (31), Mak Allister (53), Fonseka (60), Konate (80).
«Milan» – «Liverpul» – ma’lum ma’noda, Chempionlar ligasidagi klassik qarama-qarshilikdir. Ulardan biri bu turnirda yetti bor g‘olib chiqqan, boshqasida – olti g‘alaba. Lekin ikki jamoa ham bu o‘yinga yaxshi kayfiyatda yetib kelmadi. «Liverpul» uikendda APL 4-turi doirasida «Forest»ga o‘z uyida mag‘lub bo‘ldi (0:1), «Milan» esa mavsum startidagi to‘rt o‘yindan uchtasida ochko yo‘qotdi (2 durang va bir mag‘lubiyat). Fonsek shogirdlari faqat to‘rtinchi turga kelib autsayder «Venetsiya»ni yengishga erishdi.
O‘yinda hisob 3-daqiqadayoq ochildi. Mehmonlarning chap qanot himoyachisi Tsimikas oldinga chiqib ketib, o‘z hududini bo‘sh qoldirdi. Pulishich esa to‘p bilan maydonning yarmini kesib o‘tdi va sovuqqonlik bilan olis burchakni nishonga oldi – 1:0.
Lekin o‘yin davomida «Liverpul» maydonda ustunlik qildi va birinchi bo‘limning o‘zidayoq raqibni yakson etdi. Avvaliga Salohning ikki zarbasi to‘singa tegdi, ammo har safar to‘p maydonga qaytdi. Birinchi holatda katta ehtimol bilan ofsayd holati bo‘lgandi va bu hujumda gol bo‘lganida ham VAR uni bekor qilgan bo‘lardi. Jota esa o‘zi zarba berishi ham, to‘pni Gakpoga uzatishi ham mumkin bo‘lgan qulay vaziyatni yo‘qqa chiqardi.
Shunday holatda «Liverpul»ga standartlar yordamga keldi. Avvaliga Trent jarima zarbasidan to‘pni oshirib berganida Konate barchadan baland sakrab, bosh bilan zarba berdi va «Milan» darvozaboniga imkon qoldirmadi.
Birinchi bo‘lim oxirlarida Tsimikasning burchakdan pasi golga aylandi. Van Deyk darvozabon maydonchasida turib, osonlik bilan darvozani ishg‘ol etdi. Mehmonlar birinchi bo‘limda ikkita o‘xshash gollar urishdi: qanot himoyachilari markaziy himoyachilarga to‘p uzatishi orqali.
Ikkinchi bo‘lim Jotaning yana bir qulay vaziyati bilan boshlandi, ammo portugaliyalik hujumchi yaqin masofadan turib to‘pni Menyanning o‘ziga tepdi. Bu epizodda darvozabonning chap oyog‘iga ham zarba berildi – yoki Tomori, yoki Jota tomonidan. Natijada uni almashtirishga to‘g‘ri keldi va «Milan» esa klub akademiyasi tarbiyalanuvchisi bo‘lgan 19 yoshli Lorenso Torriani debyut qildi.
Mohiyatan, «Milan»da durang uchun yagona imkoniyat 59-daqiqada yuzaga keldi, yaqin masofadan berilgan zarba Gakponing tushirilgan qo‘liga tegdi. Keyin esa raqib jarima maydoniga kirib borishi mumkin bo‘lgan Morata van Deyk tomonidan to‘xtatildi. Ammo ushbu yakkakurash holati ham, to‘p qo‘lga tekkan holatda ham bosh hakam va VAR hakamlari tomonidan e’tiborga olinmadi. Keyin esa «Liverpul» uchinchi golni urib, amalda o‘yinni yakunladi.
Gakpo qarshi hujumga chiqib ketdi va to‘pni Soboslaiga uzatdi, u shunchaki bo‘sh darvozaga zarba berishda xato qilmasligi yetarli edi. O‘yinning qolgan qismida «Milan» yana bir majburiy o‘zgarish amalga oshirdi. Jamoa sardori Kalabriya oyog‘ini ushlab, gazonga yiqildi. Qo‘shimcha daqiqalar o‘tayotganida esa stadionning yarmi bo‘shab bo‘lgandi.
Lekin o‘yinni kuzatishda davom etish uchun sabablar ham bor edi: mehmon fanatlar ijrosidagi «Liverpul» madhiyasi, Leauning ustunga tekkan zarbasi, shuningdek italiyalik hujumchi Kiyezaning «Liverpul»dagi ilk o‘yini. 2-turda «Liverpul» uyda «Bolonya» bilan o‘ynaydi, «Milan» «Bayyer» mehmoni bo‘ladi.
Del Piyeroning vorisi
«Yuventus» — PSV 3:1
Gollar: Yildiz (21), Makkenni (27), Gonsales (52) — Saybari (90+3).
«Yuventus» – Di Gregorio, Kambiyazo, Bremer, Gatti (Danilo, 57), Kalulu, Kopmeyners, Lokatelli (Tyuram, 57), Makkenni (Duglas Luis, 75), Yildiz (Fajioli, 69), Vlahovich, Gonsales (Vea, 69).
PSV – Drommel, Dams (Mauro Junior, 76), Boskalli, Flamingo, Ledesma (Nagalo, 86), Verman (Saybari, 62), Shauten, Til (Lang, 62), Tillman, de Yong (Pepi, 77), Bakayoko.
«Yuventus» Chempionlar ligasiga yangi jamoa, bungacha ushbu turnirda murabbiy sifatida qatnashmagan Tiagu Motta hamda turinliklar tarixidagi eng yosh tarkib (futbolchilarning o‘rtacha yoshi 25 yil-u 149 kunlik) bilan qaytdi. Shu tufayli Chempionlar ligasining yangi formatidagi ilk golni klubda obro‘li sanalgan 10-raqamni olgan Kenan Yildiz urgani ramziy ma’noga ega bo‘ldi. Turkiyalik futbolchi to‘pni chiroyli uslubda yuqori burchakka yo‘llash orqali «biyankonerilar»ning asosiy yevrokubokda gol urgan eng yosh futbolchisi bo‘lib oldi (19 yosh-u 136 kunlik) va Alessandro Del Piyeroning rekordini yangiladi. Uning vorisi golni Aleks uslubida uribgina qolmasdan, golni nishonlashda ham tilini chiqarib, unga taqlid qildi.
O‘yinni tetik va kuchliroq boshlagan PSV futbolchilari bu goldan keyin tushkunlikka tushib qolishdi va ko‘p o‘tmay ikkinchi golni ham o‘tkazib yuborishdi — Niko Gonsales uyushtirgan hujumni Makkenni to‘pga bir teginishda yakunladi. Bu vaziyatda to‘p yo‘l-yo‘lakay himoyachi orqali rikoshet bo‘lib borgani uchun argentinalikka pas yozilmadi, ammo uning o‘zi tanaffusdan keyin «Yuve» safidagi ilk golini urdi. Bu hujumni jamoaning boshqa bir yangi futbolchisi — Kopmayners boshlab berdi. A seriyadagi ikki golsiz durangdan keyin «Keksa sinioralar» yana uchta gol urishdi. Yagona minus — bu mavsumda ilk bor gol o‘tkazib yuborilishi bo‘ldi.
41 yillik kutish
«Yang Boyz» — «Aston Villa» 0:3
Gollar: Tilemans (27), Remzi (38), Onana (86).
«Yang Boyz» – fon Ballmos, Hajam (Konte, 63), Bani-Zukru, Kamara, Atekame, Lauper, Nyasse (Elia, 46), Ugrinich, Kolli (Virjiniyus, 63), Almada Monteyru (Males, 83), Ganvula (Itten, 83).
«Aston Villa» – Martines, Din (Barkli, 88), Pau Torres, Konsa, Bogarde (Diyego Karlos, 46), Tilemans (Matsen, 87), Onana, Remzi (Buendia, 88), Makginn, Rojyers, Uotkins (Duran, 60).
Ogohlantirishlar: Nyasse (33), Lauper (46), Elia (53), Almada Monteyru (78), Duran (79).
«Aston Villa» asosiy yevrokubokda o‘ynamaganiga ko‘p vaqt bo‘lgandi, lekin 1982 yilda, islohotdan oldingi Yevropa chempionlari kubogi nomi ostidagi turnirda birminghemliklar «quloqli» kubokni boshi uzra ko‘targandi. Va Unai Emeri jamoasi raqibning o‘yin startidagi hujumlariga dosh berishiga hamda Berndagi sun’iy qoplamali gazonga moslashishiga to‘g‘ri keldi. Ma’lum vaqt o‘tganidan keyin saviya o‘zini ko‘rsatdi. Shveytsariyaliklar burchak zarbasi amalga oshirilganida xatoga yo‘l qo‘yishdi va Tilemans jarima maydoni markazida hech qanday qarshilikka uchramasdan to‘pni qabul qilib oldi va uni burchakka mixladi. Buni qaysidir ma’noda tarixiy voqea deyish mumkin, chunki «Villa» 41 yildan buyon bu darajadagi o‘yinda gol urmagandi.
Belgiyalik futbolchi ham bunday gol urmaganiga yetti yil bo‘lgandi — u o‘shanda «Monako» sharafini himoya qilardi. Keyin esa mehmonlar «qon isi»ni olishdi, «Yang Boyz» mudofaasi esa xato qilishda davom etdi. Kamara o‘z jamoasi jarima maydoni ichida to‘pga egalik qilgan holatda uni shunchaki uzoqlashtirish o‘rniga darvozabon tomon pas uzatdi, Jyeykob Remsi esa Uotkinsning yordamida bo‘sh burchakni ishg‘ol etdi. Bo‘lim oxirida esa Uotkinsning o‘zi urgan gol aralashuvi bilan bekor qilindi, bu vaziyatda hujumchi to‘pni qo‘li bilan o‘ynagani ma’lum bo‘ldi. Lekin bu Shveytsariya chempionlarini yirik hisobdagi mag‘lubiyatdan qutqarib qola olmadi, o‘yin oxirida Onana uzoqdan yo‘llagan zarbasi bilan yakuniy hisobni o‘rnatdi. Endi «Villa» — «Ferensvarosh» va «Lester»dan keyin guruh bosqichidagi ilk o‘yinida 3 ta gol farqi bilan g‘alaba qozongan uchinchi jamoa bo‘ldi.
Vunderkind va mergan
«Sporting» — «Lill» 2:0
Gollar: Dokeresh (38), Debas (65).
«Sporting» – Israel, Inasiu (Reys, 13), Diomande, Debast, Pedru Gonsalvesh, Trinkau, Morita (Daniel Bragansa, 46), Yulmand, Katamu, Kenda (Arauxo, 73), Dokeresh.
«Lill» – Shevale, Bakker (Gudmundsson, 82) Mene (Santush, 64), Alessandro, Mandi (Buaddi, 64), Diakite, Gomes, Andre, Jyegrova, Sahraui (Kabella, 71), Devid (Fernandes Pardo, 64).
Ogohlantirishlar: Gomes (21), Devid (40), Morita (45+1), Andre (56), Buaddi (72), Debast (86).
Chetlatish: Gomes (40).
Boshlang‘ich tarkiblar e’lon qilinganidayoq portugallar orasida yangi rekord ma’lum bo‘ldi — Jyeovani Kendagacha ushbu mamlakatning hech bir vakili YeChLda bu qadar yoshligida o‘ynamagandi (17 yil-u 140 kun). Va uning bu natijasi uzoq saqlanib qolishi fakt emas, chunki «sherlar» qaydnomasida ikki nafar 16 yoshli futbolchilar ham bor edi. «Lill» safida esa ularning tengdoshi o‘ynadi.
Maydondagi asosiy yulduz esa kutilganidek Diyekeresh bo‘ldi, u mavsumdagi 12-golini urishga ulgurdi (milliy jamoa o‘yinlari ham qo‘shilganda). Shvetsiyalik mergan qatorasiga sakkiz o‘yinda raqiblar darvozalarini ishg‘ol etmoqda. U bu mavsumda faqat Portugaliya Superkubogida gol urmagan, lekin ikki golga uzatma bergandi.
YeChL o‘yinida mehmonlar safida Gomes ikki bor sariq kartochka olgach, o‘yin taqdiri amalda hal bo‘ldi. Ikkinchi bo‘limda himoyachi Debast 30 metrdan ortiqroq masofadan turib «to‘qqizlik» tomon shu qadar kuchli zarba yo‘lladiki, «Lill» darvozaboni joyidan qimirlay olmadi.
Kun statistikasi
- «Yuventus» forvardi Kenan Yildiz 3-marta biror turnirda boshlang‘ich tarkibda debyut qilgan o‘yinida gol urmoqda. Turkiyalik futbolchi bungacha A seriya va Italiya Kubogidagi ilk o‘yinlarida gol urgandi.
- «Yuventus» yarimhimoyachisi Makkenni Chempionlar Ligasidagi gollari sonini 5 taga yetkazdi. U amerikalik futbolchilar orasida faqat «Milan» hujumchisi Pulishichdan (9) ortda.
- Seshanba kuni o‘yin o‘tkazgan o‘n ikki jamoadan 11 tasida boshlang‘ich tarkibda fransiyalik futbolchi bor edi. Fransiya bu borada yetakchi.
- «Liverpul» himoyachisi Aleksander-Arnold turnirdagi golli uzatmalari sonini 11 taga yetkazdi, angliyalik futbolchi bu borada faqat Eshli Kouldan (12) ortda.
- «Yuventus» vingeri Gonsales YeChLdagi debyutida gol urgan 24-argentinalikka aylandi.
- «Bavariya» forvardi Harri Keynga YeChLda 30 gol urish uchun 45 o‘yin yetarli bo‘ldi. Bu Messi (48 o‘yin)nikidan tezroq, ammo Holand (25), van Nistelroy (34) va Levandovski (36) undan yaxshiroq natija qayd etgan.
- «Liverpul» himoyachisi van Deyk asosiy yevrokubokda 50-o‘yinini o‘tkazdi.
- «Aston Villa» yarimhimoyachisi Tilemans YeChLda gol urgan 200-belgiyalikka aylandi. Bunday ko‘rsatkich 11 mamlakat vakillari tomonidan qayd etilgan.