Britaniyada kapalaklar kamayib ketayotgani tufayli «favqulodda holat» e’lon qilindi

Jahon 22:50 / 18.09.2024 2308

Britaniyada yovvoyi tabiatni asrash bo‘yicha xayriya tashkiloti yillik hisobotida kapalaklar soni eng past ko‘rsatkichga tushib ketgani ma’lum bo‘lgach, mamlakat bo‘ylab «favqulodda holat» e’lon qildi, deb xabar beradi BBC.

Qayd etilishicha, mamlakatda kapalaklar hisobi 14 yildan beri yuritiladi. Joriy yilgi natijalarning yomonligi nam ob-havo sharoiti bilan bog‘liq, ammo uning uzoq muddat davom etishi ulkan tashvishni yuzaga keltiradi.

Tashkilot hukumatni «kech bo‘lmasidan» kapalak va asalarilarga zarar yetkazadigan pestitsidlarni taqiqlashga chaqirmoqda. Xayriya tashkilotining ilmiy bo‘limi rahbari Richard Foksning so‘zlariga ko‘ra, kapalaklar soni oxirgi 50 yildagi «eng past ko‘rsatkichga» tushib ketgan.

«Kapalaklar — asosiy indikator turlardir: ular muammoga duch kelganda, butun atrof-muhit ham muammoga duch kelganini anglash mumkin», — deydi u.

Buyuk Britaniyada neonikotinoid pestitsidlar 2018 yilda taqiqlangan, biroq ketma-ket to‘rt yil qand lavlagiga zarar keltirayotgan virusga qarshi favqulodda vaziyatda undan foydalanishga ruxsat berilgan.

«Kapalaklar sonining falokatli darajada kamayib ketishi chuqur tashvishni yuzaga keltiradi, ammo qishloq xo‘jaligi yerlarini boshqarish usulini o‘zgartirish bioxilma-xillik yo‘qolishini to‘xtatishda muhim rol o‘ynashi mumkin», — deydi Barqaror dehqonchilik tarmog‘i bosh direktori Martin Layns.

2024 yilda kapalaklarning hisob-kitobi iyul va avgust oylarida amalga oshirilgan edi — minglab insonlar 15 daqiqa davomida qancha kapalakni ko‘rganini qayd etib borgan. O‘rtacha hisobda odamlar bir qarashda 7 ta kapalakka duch kelgan — bu dasturning 14 yillik tarixidagi eng past ko‘rsatkich. O‘tgan yili bu boradagi o‘rtacha ko‘rsatkich 12 tani tashkil etgan.

Ko‘proq yangiliklar: