Fransiya Milliy moliya prokuraturasi Renault—Nissan alyansining sobiq rahbari Karlos Gon hamda mamlakat madaniyat vaziri Rashida Datiga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atish bo‘yicha so‘rov yo‘lladi. Le Figaro’ning yozishicha, prokuratura ularni korrupsiya va shaxsiy maqsadlar yo‘lida xizmat mavqeidan foydalanishda ayblamoqda.
Idoraning qayd etilishicha, Renault—Nissan yuriskonsulti va Yevroparlament deputati sifatida faoliyat yuritgan Rashida Dati 2010 yildan 2012 yilgacha avtomobil alyansining shu’ba korxonasi hisoblanuchi RNBV kompaniyasidan 900 ming yevro olgan.
Prokuraturaga ko‘ra, Rashida Dati qo‘lga kiritilgan mablag‘lar evaziga hech qanday ish qilmagan va bu pullar Yevroparlamentdagi lobbistik faoliyati uchun to‘lov bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Shu orqali Rashida Dati xalqaro tashkilotda ishlovchi fuqaro sifatida jamoatchilik ishonchi va o‘z maveqini suiiste’mol qilgan.
Karlos Gon mazkur ish bo‘yicha 2023 yil apreldan beri xalqaro qidiruvda. 2018 yili moliyaviy firibgarliklar ishi tufayli Yaponiyadan qochib ketgan biznesmen hozirda Livanda.
Rashida Dati ham, Karlos Gon ham Fransiya Milliy moliya prokuraturasi tomonidan ilgari surilgan ayblovlarni rad etmoqda. Datining advokatlarini ta’kidlashicha, «prokuratura mazkur ish bo‘yicha faqat o‘z tasavvurini bayon qilgan, ammo u haqiqatni anglatmaydi».
Yaponiyada moliyaviy firibgarliklarda ayblangan Gon 2018 yil kuzida hibsga olinib, 2019 yil martida garov puli evaziga ozodlikka chiqarilgandi. Unga Yaponiyani tark etish va rafiqasi bilan muloqot qilish taqiqlangan edi. U Yaponiyada 80 mln dollarlik daromadni yashirishda ayblangan. O‘sha yilning 31 dekabr kuni Fransiya, Braziliya va Livan fuqaroligiga ega bo‘lgan Gon Livanga qochib kelishga muvaffaq bo‘lgan.