Sankt-Peterburgda Ukrainaga qarshi urushga «o‘lik jonlar»ni yuborgan va ularga belgilangan pullarni o‘zlashtirib olgan «voyenkomat» xodimlari ushlandi, deb xabar beradi IIVning Peterburg va Leningrad viloyati bo‘yicha boshqarmasi.
Tergov versiyasiga ko‘ra, harbiy komissarning 51 yoshli yordamchisi va uning 38 yoshli rafiqasi fuqarolarni topib, ularni yirik energetika kompaniyasiga yolg‘ondan ishga joylashtirgan. Bunda ularga tashkilotning kadrlar bo‘limida ishlovchi 41 yoshli xodimi yordam bergan. Shundan keyin «o‘lik jonlar» nomida ular Mudofaa vazirligi bilan harbiy xizmat va Ukrainaga urushiga yuborilish bo‘yicha shartnomalar imzolagan.
«Keyinchalik bu kabi xodimlarga har oy 50 ming rubl, shuningdek, bir martalik 500 ming rubl miqdorida pul to‘lanishi kerak bo‘lgan. Qo‘lga kiritilgan mablag‘larni jinoyatchilar o‘zlashtirgan», — deyiladi xabarda.
Ayni vaqtda yolg‘ondan ishga joylashtirilgan ikki fuqaroning shaxsiga aniqlik kiritilgan, ammo tezkor xodimlar «o‘lik jonlar» soni ko‘proq bo‘lishi mumkin deb hisoblamoqda. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Mart oyida Rossiya Tergov qo‘mitasi harbiy tergov bosh boshqarmasi xodimlari Mudofaa vazirligi huzuridagi Harbiy-kosmik akademiyada «o‘lik jonlarni» aniqlagan. Ish materiallarida aytilishicha, akamdeiya o‘qituvchilari bo‘lgan shaxslar 2021 yildan 2023 yil oxiriga qadar jinoyat sodir etib kelgan. Ular 82 kishini harbiy idora bilan shartnoma bajarayotganlar ro‘yxatiga kiritgan, aslida esa ular hech qanday ishlarga jalb etilmagan. Tergov davomida Tarmoq va kosmik kompleks aloqalar tizimi kafedrasi, Kosmik radionavigatsiya kafedrasi boshliqlari qo‘lga olingan edi.