Bokschi Usik Krakov aeroportida ushlanganidan keyin qo‘yib yuborildi

Jahon 08:04 / 18.09.2024 13466

Ukrainalik bokschi Aleksandr Usik Polshaning Krakov aeroportida ushlanganidan so‘ng qo‘yib yuborildi. Bu haqda 17 sentabr, seshanba kuni Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy ma’lum qildi.

«Menga hammasi joyida, chempionimiz qo‘yib yuborilgani va uni endi hech kim qo‘lga olmasligini aytishdi», dedi Zelenskiy.

Ukraina rahbari qo‘lga olinganidan keyin Usik bilan gaplashganini ta’kidladi: «Fuqaromiz va chempionimizga nisbatan bunday munosabat meni g‘azablantirdi».

Davlat rahbari hodisa sabablarini aytmadi. «Men Ukraina tashqi ishlar vaziri Andrey Sibiga va Ukraina ichki ishlar vaziri Igor Klimenkoga voqeaning barcha tafsilotlarini zudlik bilan aniqlashtirishni topshirdim», — deya qo‘shimcha qildi Zelenskiy.

«O‘ylaymanki, u tafsilotlarni o‘zi e’lon qiladi»

Ukraina Oliy radasining Yoshlar va sport masalalari qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Jan Belenyuk avvalroq qo‘lga olish aks etgan suratlarni e’lon qilgandi, u «hammasi joyida» ekanini ta’kidladi. «O‘ylaymanki, u tafsilotlarni o‘zi aytadi», deb qo‘shimcha qildi Belenyuk.

Xotini: Tushunmovchilik bo‘ldi

Usikning rafiqasi Yekaterina «tushunmovchilik» yuz berganini yozdi. «Usik - ozodlikda», deb qo‘shimcha qildi u.

Aleksandr Usik asli Simferopoldan. May oyida 37 yoshli sportchi og‘ir vaznda mutlaq jahon chempioni unvonini qo‘lga kiritdi. Keyinchalik u Xalqaro boks federatsiyasi versiyasi bo‘yicha unvondan voz kechdi, sababi kerakli vaqt oralig‘ida uni himoya qila olmaydi. Usik 2012 yilgi London Olimpiadasi chempioni. Bokschi professional ringdagi 22 ta jangning barchasida g‘alaba qozongan. Usik 21 dekabr kuni Ar-Riyodda britaniyalik Tayson Fyuriga qarshi jang o‘tkazishi kutilmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: