Kun.uz Panorama Airways va Gulbakhor Airways kompaniyalari mansabdorlariga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishining ayblov xulosasi bilan tanishdi. Hujjatda keltirilishicha, A.F. ismli shaxs har ikki kompaniyaning norasmiy rahbari sifatida Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan ayblanmoqda.
Gulbakhor Airways MChJ bilan bog‘liq qisqa tafsilotlar
Ayblov xulosasiga ko‘ra, 43 yoshli A.F. Gulbakhor Airways MChJni norasmiy boshqarib kelib, sheriklari bilan 2 454 nafar shaxsni 2024 yilning yanvar va fevral oylarida Umra tadbirini tashkillashtirib berishga ishontirib, ulardan 24 mlrd 233 mln so‘m pulni yig‘ib olgan. U ushbu mablag‘ni jamiyatning hisob raqamlariga kirim qilmasdan o‘zining egaligiga kiritgan.
Gulbakhor Airways MChJda o‘tkazilgan taftish natijalariga ko‘ra, A.F. va boshqalar tomonidan 2023 yilning noyabridan 2024 yilning fevraliga qadar yana 42 mlrd 654 mln so‘m pul jamiyat hisob raqamlariga kirim qilinmagani aniqlangan. Shu tariqa, yashirilgan pullar 66,8 mlrd so‘mga yetgan.
Ayblov xulosasida A.F. Gulbakhor Airways MChJ bilan tijoriy hamkorlik qilib kelgan shaxsni 381 nafar fuqaroga 2024 yilning 15-28 yanvar kunlari Umra tadbirini tashkillashtirib berish bilan aldab, 286 ming dollar pulini olgani ham aytiladi.
A.F. aeroportlardan qarzdorliklar chiptalarni arzon sotganidan kelib chiqqanini ta’kidlagan. Shuningdek, u Gulbakhor Airways MChJga 66 mlrd 888 mln so‘m kirim qilinmagani aniqlangan taftish yakunlariga e’tirozlari borligini aytgan.
Panorama Airways MChJ bilan bog‘liq qisqa tafsilotlar
Mazkur jinoyat ishida Panorama Airways MChJga oid masala ham mavjud. Xususiy aviakompaniya sifatida faoliyat yuritgan bu MChJga 2023 yilning aprel oyidan 2024 yilning fevral oyiga qadar aviachiptalar uchun jami 1 trln 97 mlrd so‘m to‘lovlar amalga oshirilgan bo‘lsa-da, A.F. sheriklari bilan jamiyat hisob raqamlariga ushbu mablag‘ning 669 mlrd 350 mln so‘mini kirim qilmagani aytiladi.
Bundan tashqari, hujjatda ayblanayotganlar davlat budjetiga 3 mlrd 296 mln so‘m qo‘shilgan qiymat solig‘ini, qariyb 25 mlrd so‘m foyda solig‘ini to‘lashdan bo‘yin tovlab kelishgani qayd etilgan.
Ish tafsilotlarida A.F. topilgan pul mablag‘larini mulkka aylantirish orqali qonuniylashtirishga harakat qilgani haqida ham gap boradi. U 325 hamda 375 ming dollarlik ikkita “Mercedes Benz” mashinasini xarid qilish uchun boshlang‘ich to‘lov sifatida 150 ming dollar to‘lagan. Qolaversa, xonanda Rayhon G‘aniyevaning Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumanidagi uyini 1,8 mln dollarga sotib olishga kelishib, xonandaga 600 ming dollar bergan. Shu tariqa u jinoiy faoliyatdan olingan jami 750 ming AQSh dollarini legallashtirgan, deyiladi ayblov xulosasida.
Jinoyat ishi yuzasidan A.F. ayblanuvchi tariqasida so‘roq qilinganida, u o‘ziga qo‘yilayotgan ayblovga iqror emasligini bildirgan. U 2021 yilda tashkil qilingan Panorama Airways MChJ ta’sischisi etib turmush o‘rtog‘ini, 2022 yilda tashkil etilgan Gulbakhor Airways MChJ ta’sischisi etib esa bojasini belgilaganini, ammo har ikki MChJning benefitsiari o‘zi ekanligini tan olgan.
A.F.ga ko‘ra, 2022 yilda Fuqarolik aviatsiyasi agentligi tomonidan Panorama Airways MChJga havo orqali tashish va aviatsiya ishlarini bajarishga ruxsat beruvchi ekspluatant sertifikat berilgan. Shundan so‘ng u Toshkentdan Rossiyaning Moskva, Yekaterinburg, Kazan, Samara, Novosibirsk, Minvodi va Sochi shaharlariga parvozlarni amalga oshira boshlagan.
“2022 yilning noyabridan 2023 yilning apreliga qadar ushbu yo‘nalishlarda parvozlarni zararga amalga oshirganim sababli Rossiya Federatsiyasidagi aeroportlarga 4 mln AQSh dollari atrofida qarz bo‘ldim. Panorama Airways MChJ tomonidan 2023 yilning may oyidan boshlab “Toshkent-Madina-Toshkent”, 2023 yilning sentabr oyidan “Namangan-Madina-Namangan” hamda 2023 yilning dekabr oyidan boshlab “Toshkent-Jidda-Toshkent” yo‘nalishlarida aviaparvozlar amalga oshirilgan.
2023 yilning may oyidan buyon O‘zbekiston va Saudiya Arabistondagi aeroportlarga va parvozlarni amalga oshirishda xizmat ko‘rsatuvchilarga taxminan 16 mln AQSh dollari qarz bo‘lib qoldim. Qarz qoplanmay kelinganligi sababli 2024 yil 22 yanvar kuni Saudiya Arabistondan O‘zbekistonga parvozlarni amalga oshirishga taqiq qo‘yishdi. Shu sababli joriy yilning 25-31 yanvar kunlari O‘zbekistonga qaytib kelishi lozim bo‘lgan 3 931 nafar shaxs Saudiya Arabistonida qolib ketgandi”, degan A.F. ko‘rsatmasida.
Rayhon G‘aniyevaning uyi bilan bog‘liq epizod haqida qisqacha
A.F. xonandaning Toshkent shahridagi uyini 1,8 mln dollarga sotib olishga va pulni bo‘lib to‘lashga kelishgan. U Rayhonga bir marta 300 ming dollar, ikki marta 150 ming dollardan jami 600 ming dollar berganini aytgan. Biroq kelishuv amalga oshmasdan, A.F. pulni qaytarib berishni so‘ragan, xonanda esa qaytarmagan.
“Rayhon menga do‘q-po‘pisa qilib, pullarni qaytarib bermasligini ma’lum qilgan. Ushbu pullarni undirib, Gulbakhor Airways MChJga to‘lov qilgan holda Umra ziyoratiga borolmagan fuqarolarga pullarni qaytarish uchun prokuraturaning hisob raqamiga o‘tkazishda amaliy yordam berishingizni so‘rayman”, degan A.F.
Jinoyat ishi doirasida xonanda Rayhon G‘aniyeva ham so‘roq qilingan. U o‘z ko‘rsatmasida 600 ming dollarni qaytarishdan bosh tortmasligini, faqat uni 500 ming dollar qilib qaytarishini bildirgan.
“Men ularga uyimni bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan 1,8 mln dollarga sotishga rozi bo‘lganman. Kelishuv bo‘yicha ular 2023 yilning oktyabr oyidan 2024 yil mart oyiga qadar har oyda 300 ming dollardan to‘lashlari kerak edi. 2023 yilning oktyabr oyida 300 ming dollarlik ilk to‘lov amalga oshirilib, ushbu haqda o‘rtamizda tegishli hujjat tuzilgan. Biroq ular 2023 yilning noyabr oyida to‘lovni amalga oshirishmadi. Shu tariqa, keyingi to‘lov 2023 yilning dekabr oyida bo‘lak-bo‘lak qilib amalga oshirildi. 2024 yilning yanvar oyida ham to‘lov amalga oshmadi. Keyinchalik xolasi menga qo‘ng‘iroq qilib, ularning moliyaviy ahvoli og‘irlashganligini ma’lum qilgan holda shu kungacha to‘langan 600 ming dollarni qaytarib berishimni so‘radi.
Menga to‘langan 600 ming dollarni qaytarishga tayyorman, biroq 500 ming dollar qiymatida. Buning sababi shundaki, ular 2023 yilning oktyabr oyida dastlabki 300 ming dollarlik to‘lovni amalga oshirgach birdaniga uyimga ko‘chib kelishgan”, degan Rayhon G‘aniyeva.
Xonanda uyi yangi xaridorga sotilmagunga qadar 500 ming dollarni qaytarish imkoniyati yo‘qligini aytgan.
Ayblov xulosasiga ko‘ra, A.F.dan tashqari yana 3 nafar shaxs sudlanmoqda.
Kun.uz manbalariga ko‘ra, sud JIB Mirobod tuman sudida haftaning dushanba, chorshanba va juma kunlari ko‘rib chiqilyapti.
Eslatib o‘tamiz, 2024 yil boshida Umra ziyorati uchun Saudiya Arabistoniga borgan minglab o‘zbekistonliklar ma’lum muddat ortga qaytolmasdan Makka va Madina shaharlarida qolib ketgandi. Keyinchalik yana minglab fuqarolar Umra ziyoratiga borish uchun pul to‘lab, aldanib qolgani aytildi. Holat yuzasidan Panorama Airways xususiy aviakompaniyasining mansabdor shaxslariga jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, 1 nafar shaxsga nisbatan “qamoqqa olish” ehtiyot chorasi qo‘llangandi.