Panorama Airways ishi doirasida 39 ta turfirmaga jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Bu haqda Transport prokuraturasining Turizm qo‘mitasiga yozgan xatida qayd etilgan.
Hujjatda keltirilishicha, Transport prokuraturasining Turizm qo‘mitasidan turizm faoliyatini amalga oshirish bilan shug‘ullanuvchi 40 ga yaqin turfirmalarining faoliyatini vaqtincha to‘xtatib turishni so‘ragan. Bunga sabab sifatida ushbu turfirmalarning mansabdor shaxslariga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi yuzasidan dastlabki tergov harakatlari olib borilayotgani aytiladi.
“Jinoyat ish hujjatlariga ko‘ra, “Panorama Airways” MChJ va yuqorida qayd etilgan turizm faoliyatini amalga oshirish bilan shug‘ullanuvchi bir nechta tadbirkorlik sub’yektlari Umra tadbirlari uchun 3 931 nafar O‘zbekiston fuqarosining juda ko‘p miqdordagi pullarini aldash va ishonchni suiiste’mol qilish yo‘li bilan qo‘lga kiritib, ularni Saudiya Arabistondan O‘zbekistonga qaytarmagan”, deyiladi Transport prokuraturasi xatida.
Bugunga kelib ishning ikkinchi muammoli tomoni borligi ham oydinlashdi: “Gulbakhor Airways” MChJga pul to‘lab, shartnoma qilgan fuqarolar pulini qaytarib ololmayapti.
Kun.uz’ga murojaat qilgan fuqarolarga ko‘ra, jabrlanganlarning ko‘p qismi “Gulbakhor Airways” MChJ bilan shartnoma tuzib, pul to‘lagan. Ammo bugungi kungacha na Umra safariga yuborilgan, na pullari qaytarib berilgan.
“Biz 4 kishi Umra safariga borish uchun 2024 yil 11 yanvarda “Gulbakhor Airways” MChJ bilan shartnoma tuzdik. 24 yanvar kuni safarga chiqishimiz kerak edi, ammo bunday bo‘lmadi. 22 yanvar kuni MChJ ofisiga bordik. U yerda bizga 26 yanvarda uchasizlar deyildi. Lekin yana uchmadik. Qo‘ng‘iroq qilsak, samolyot buzilgan, endi 1 fevral kuni uchasizlar deyishdi. Yana bo‘lmadi. Keyin 4 fevralda, 7 fevralda uchasizlar degan javoblarni eshitdik. Ishonchimiz qolmagani sababli pulimizni qaytarib olmoqchi edik, berishmadi. Yaxshi niyatda “Gulbakhor Airways” MChJga pul to‘lab, shu yoshimizda sarson bo‘lib yuribmiz. Yaxshi niyatda misqollab yig‘gan pulimizni qaytarishsin yoki Umra safariga yuborishsin”, deydi murojaatchilardan biri.
Murojaatchilarga ko‘ra, “Gulbakhor Airways” MChJ sanoqli fuqarolargagina pulini qaytarib bergan. Shundan so‘ng MChJ ofisi yopilib, ish 15 fevral kuni tiklanishi haqida e’lon yopishtirib qo‘yilgan. Biroq haligacha ofis ochilmagan.
Eslatib o‘tamiz, Umra ziyoratiga borgan bir necha ming o‘zbekistonlik Panorama Airways reyslari kechikkani sababli Arabistonda bir necha kun qolib ketgandi. Seriyali muammolarga duch kelgan aviakompaniya boshqaruv xodimlarini yangilab, 2-4 fevral kunlari 3 mingdan ortiq yo‘lovchini uyiga qaytargan.
Umra safari bilan bog‘liq ushbu muammo ortidan Panorama Airways xususiy aviakompaniyasining mansabdor shaxslariga jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan hamda 1 nafar shaxsga nisbatan “qamoqqa olish” ehtiyot chorasi qo‘llangan.