Gretsiya voyaga yetmagan internet foydalanuvchilariga qat’iy cheklovlar joriy etadi

Fan-texnika 00:40 / 03.01.2025 818

Gretsiya hukumati o‘smirlarning mobil qurilmalardan foydalanishi ustidan ota-onalar nazoratini kuchaytirishni rejalashtirmoqda. Shu maqsadda joriy yil bahorda maxsus Kids Wallet ilovasi ishga tushiriladi, deb xabar beradi Euronews.

Raqamli siyosat vaziri Dimitris Papastergiuning ma’lum qilishicha, Kids Wallet ilovasi 15 yoshgacha bo‘lgan bolalarni internetdan haddan ortiq ko‘p va noto‘g‘ri foydalanish xavfidan himoya qilishga yo‘naltirilgan. Ilova davlat xizmatlari platformasi boshqaruvi ostida faoliyat yuritadi.

«Bu katta o‘zgarish», — deydi Papastergiu. Uning qo‘shimcha qilishicha, ilovani ishlab chiqishda monitoring uchun ilg‘or algoritmlar qo‘llanadi va ro‘yxatdan o‘tishning qat’iy jarayonlari joriy etiladi.

«Kids Wallet ilovasi asosiy ikki ishni bajaradi: u ota-onalar nazoratini sezilarli darajada osonlashtiradi va foydalanuvchi yoshini aniqlashda bizning rasmiy vositamizga aylanadi», — deya ta’kidlaydi vazir.

Papastergiuning so‘zlariga ko‘ra, hukumat 2025 yil oxiriga borib Gretsiyada sotiladigan smartfonlarga ilova avtomatik o‘rnatilishiga umid qilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yilning noyabr oxirlarida Avstraliyada bolalarga ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni taqiqlovchi qonun qabul qilingan edi. Qonunga ko‘ra, TikTok, Facebook, Snapchat, Reddit, X va Instagram kabi yirik ijtimoiy tarmoqlar 16 yoshgacha bo‘lgan foydalanuvchilarning akkaunt yaratishiga yo‘l qo‘ymasligi kerak.

Ko‘proq yangiliklar: