• Ushbu xabar, Qonunchilik palatasining izohidan so‘ng, tahrirlandi.
Bugun Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi o‘tkazildi. Unda deputatlar tomonidan bir nechta, jumladan, “Hayvonlarni identifikatsiya qilish, ro‘yxatga olish va kuzatish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.
Ma’lum qilinishicha, qonun loyihasida chorva hayvonlarini identifikatsiya qilish bo‘yicha yagona davlat siyosatini yuritish, hayvonlarda yuqumli kasalliklarning oldi olish hamda mamlakatda oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligini ta’minlash masalalari nazarda tutilmoqda.
Shuningdek, hayvonlar hisobini yuritish, hayvonlarning nasli bilan bog‘liq va ularning sog‘ligi to‘g‘risidagi yagona elektron tizim yaratilishi belgilanmoqda. Hayvonlarni identifikatsiya qiluvchi, ro‘yxatga oluvchi va kuzatuvchi mutaxassislarining, identifikatsiya raqamini saqlovchi atribut ishlab chiqaruvchi va hayvon egalarining huquq va majburiyatlari belgilab berilyapti.
Qonun tashabbuskorlariga ko‘ra, hayvonlarni identifikatsiya qilish tizimining eng asosiy afzallik tomonlaridan biri, bu tizim orqali oziq-ovqat xavfsizligi ta’minlanadi.
“Bugungi kunda respublikada yirik shoxli mollar 14 mln va mayda shoxli mollar 14 mln boshni tashkil qiladi. Buning 90 foizi aholi qaramog‘ida parvarish qilinmoqda.
Hayvonlarni identifikatsiya qilish ishlari to‘liq qamrab olinmagani ularni o‘ta xavfli yuqumli kasalliklarga qarshi profilaktik emlash tadbirlarini to‘liq o‘tkazish va epizotik barqarorlikni kafolatli saqlab turish imkoniyatini chegaralab qo‘ymoqda.
Aholini oziq-ovqat xavfsizligi va sifati kafolatlangan chorvachilik mahsulotlari bilan ta’minlash bugungi kunda butun dunyoda global masala bo‘lib qolmoqda. Jahon savdo tashkilotining talabiga ko‘ra, chorvachilik, oziq-ovqat va go‘sht-sut mahsulotlari xavfsizligini ta’minlash, ularni eksport qilish va xalqaro savdoda ishtirok etish uchun chorva hayvonlari identifikatsiya qilingan bo‘lishi belgilab qo‘yilgan.
Shuningdek, ichki va tashqi bozor uchun hayvonlar bosh soni va ulardan olinadigan mahsulotlar prognozi to‘g‘risida aniq ma’lumotlar bazasi, iste’mol uchun chiqariladigan mahsulotlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni tizimlashtirish zarurati bugun yuzaga kelgan”, deya ta’kidlab o‘tgan majlisda Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi raisi Bahromjon Norqobilov.
Qo‘shimcha qilinishicha, qonunni qabul qilish orqali respublikada mavjud chorva mol bosh sonlari to‘g‘risida yagona elektron ma’lumotlar bazasi yaratiladi. Qolaversa, chorva hayvonlarini o‘ta xavfli yuqumli kasalliklarga davlat tomonidan bepul to‘liq profilaktik emlashga erishiladi. Shu hisobdan hayvonlar turli yuqumli kasalliklardan nobud bo‘lishining oldi olinadi.
Bundan tashqari, identifikatsiya qilingan hayvonlardan olinadigan mahsulotlar sifati va xavfsizligi ta’minlanib, ichki va tashqi bozorlarda sotish kafolatlanadi. Shuningdek, kasalliklar va turli sabablarga ko‘ra nobud bo‘lgan, harom o‘lgan chorva hayvonlarining go‘shtini xufiyona sotish qonun bilan taqiqlanadi va iste’molga yaroqsiz chorvachilik mahsulotlari savdosiga chek qo‘yiladi.
Bahromjon Norqobilovga ko‘ra, bir martalik identifikatsiya ishlari to‘liq bepul qilib beriladi. Kelgusi yillarda tug‘ilgan hayvonlarni identifikatsiya qilish ularning egalari hisobidan amalga oshiriladi. Bunda identifikatsiya qilish narxi o‘rtacha bir bosh qoramolga 15 ming so‘m, mayda shoxli mollarga esa 7,5 ming so‘m bo‘lishi kutilmoqda.
Qayd etilishicha, O‘zbekistonda hayvonlarni identifikatsiya qilish bo‘yicha Jahon bankidan 33 mln dollar mablag‘ ajratilgan. 2024-2025 yillarda 25 ta tumanda, 2027 yil 1 yanvargacha barcha hududda chorva hayvonlari to‘liq identifikatsiya qilinadi.
Qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilindi.