Odamlarda dorilarga chidamli bakteriyalardan o‘lim darajasi ortadi – tadqiqot

Jahon 15:30 / 17.09.2024 2117

Mikroblarga qarshi preparatlarga chidamli bakteriyalar zamonaviy sog‘liqni saqlash tizimi uchun jiddiy muammo hisoblanadi. Prognozlarga ko‘ra, 2050 yilga kelib, bunday bakteriyalar bilan bog‘liq o‘limlar soni qariyb 40 million kishiga yetishi mumkin. Bu haqda Lancet jurnalida e’lon etilgan tadqiqotda aytiladi.

“Umumiy hisobda, 2025-2050 yillar oralig‘ida asosiy ssenariyimiz bo‘yicha 39,1 million (33,0-46,0) o‘lim holati antibiotiklarga chidamli bakteriyalar ta’siriga bog‘liq bo‘lishi mumkin, bundan tashqari ularga u yoki bu tarzda aloqador 169 million (145-196) o‘lim ham prognoz qilinmoqda”, — deb ta’kidlangan tadqiqotda.

Xavf-xatar eng yuqori bo‘lgan hududlar qatoriga Lotin Amerikasi, Karib havzasi mamlakatlari va Janubiy Osiyo kiritilgan.

Mualliflarning ma’lumotlariga ko‘ra, 2021 yilda bunday bakteriyalarning bevosita ta’siri tufayli 1 milliondan ortiq o‘lim holati qayd etilgan bo‘lib, umumiy hisobda ular bilan bog‘liq o‘limlar soni 5 millionga yaqinni tashkil etgan.

Tadqiqot davomida 1990 yildan 2021 yilgacha bo‘lgan davr o‘rganildi. Ma’lum bo‘lishicha, shu vaqt mobaynida besh yoshgacha bo‘lgan bolalar orasida antimikrob preparatlariga chidamli bakteriyalardan o‘lim holatlari kamaygan, biroq 70 yoshdan oshgan kishilar orasida bu ko‘rsatkich ortgan.

Prognozlar amalga oshishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun profilaktik choralar ko‘rish, yangi vaksinalarni ishlab chiqish, tibbiy yordam sifatini yaxshilash va antibiotiklardan oqilona foydalanishni rag‘batlantirish, zarur deb ta’kidlamoqda tadqiqot mualliflari.

Avval Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti 2050 yilga kelib antibiotiklarga chidamli bakteriyalar sabab yillik o‘lim ko‘rsatkichi 10 million kishiga yetishi mumkinligini ta’kidlagandi.

Bunday bakteriyalarning tarqalish xavfi, birinchi navbatda, antibiotiklarni noto‘g‘ri va haddan tashqari ko‘p qo‘llash bilan bog‘liq. Xususan, odamlar zarur bo‘lmagan holatlarda antibiotiklarni qabul qilganda yoki belgilangan dozalarga rioya etmaganda, xavf oshadi.

Ikkinchidan, bunga ayrim shifokorlarning bilimsizligi sabab bo‘ladi: ular noma’lum infeksion kasalliklarning sababini aniqlamasdan, har qanday holatda antibiotiklar buyurishi mumkin. Uchinchi omil qishloq xo‘jaligida antibiotiklarning ko‘pincha veterinarlar nazoratisiz keng qo‘llanilishidir. Chidamli bakteriyalar hayvonlardan odamlarga o‘tadi.

Ko‘proq yangiliklar: