Livanda «Hizbulloh» a’zolarining peyjyerlari ommaviy portladi, minglab kishilar yaralangan

Jahon 20:47 / 17.09.2024 14778

Livan poytaxti Bayrut shahri chekkasida va mamlakat janubiy hududlarida ko‘plab peyjyerlarning portlashi sodir bo‘ldi, minglab odamlar jarohatlandi.

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, jarohatlanganlar soni 2 750 kishini tashkil etmoqda, 8 kishining o‘limi tasdiqlangan. Jarohatlanganlardan 200 dan ortig‘i og‘ir ahvolda qolmoqda.

Axborot agentliklarining ma’lumotlariga ko‘ra, portlash to‘lqini 17 sentabr kuni kunduzi bir soatga yaqin davom etgan. Portlashlar aynan qanday sodir bo‘lgani hozircha noma’lum. Manbalarning qayd etishicha, «Hizbulloh» guruhining muloqot uchun peyjyerlardan foydalanadigan o‘nlab a’zolari jarohatlangan.

«Hizbulloh» qator portlashlar ortida Isroil turganini ta’kidlamoqda. Isroil harbiylari bu ayblovga izoh bermadi.

Yaqin Sharq matbuotining yozishicha, peyjyerlardagi litiy batareyalar haddan tashqari qizib ketishdan portlashi mumkin. Shuningdek, ularning bir vaqtda portlashiga hakerlar sabab bo‘lishi mumkinligini istisno qilmaydi.

Eronning Mehr agentligi xabariga ko‘ra, mamlakatning Bayrutdagi elchisi Mo‘jtaba Omoniy ham yaralangan. Bundan tashqari, peyjyer portlashlari nafaqat Livanda, balki Suriyada ham sodir bo‘lgan.

The Wall Street Journal xabariga ko‘ra, portlagan peyjyerlar yaqinda yetkazib berilgan qurilmalarning yangi partiyasidan bo‘lgan. «Hizbulloh» vakili peyjyerlar qizib ketishi va portlashiga olib kelishi mumkin bo‘lgan dastur bilan zararlanganini taxmin qildi.

Ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, so‘nggi oylarda «Hizbulloh» jangarilariga Isroil razvedka xizmatlari kuzatuviga tushmaslik uchun mobil telefonlardan foydalanish taqiqlangan. Guruh a’zolariga statsionar telefonlar va peyjyerlar kabi eskirgan aloqa vositalaridan foydalanish tavsiya etilgan.

Ko‘proq yangiliklar: