Ilmiy va innovatsion faoliyat yurituvchi yuridik shaxslar reyestri joriy etiladi

O‘zbekiston 08:39 / 17.09.2024 1261

«Ilmiy va innovatsion faoliyatni amalga oshiruvchi tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va ularni qo‘llab-quvvatlashning tubdan yangi tizimini joriy etish to‘g‘risida»gi prezident farmoni loyihasi jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilindi.

Farmon loyihasi bilan 2025 yil 1 yanvaridan boshlab ilmiy tashkilotlarni moliyalashtirish bo‘yicha yangi tartib joriy etiladi. Unga ko‘ra:

  • davlat budjeti hisobidan ilm-fan xarajatlari uchun ajratilgan mablag‘lar doirasida saqlanayotgan va bazaviy moliyalashtirishga o‘tkazilgan ilmiy tashkilotlarning ilmiy faoliyatini muvofiqlashtirish quyidagi tartibda amalga oshiriladi:
  • budjet ilmiy tashkilotlari tomonidan hisobot yilidan keyingi yil uchun ishlab chiqiladigan ilmiy-tadqiqot dasturlari ilmiy ishlanmalarning iste’molchisi bo‘lgan tashkilotlar talablaridan kelib chiqqan holda yuqori turuvchi vazirlik va idoralar orqali Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Innovatsion rivojlanish agentligiga ekspertizadan o‘tkazish uchun kiritiladi;
  • agentlik ilmiy-tadqiqot dasturlariga kiritilishi taklif etilgan mavzularning ilm-fan va texnologiyalarni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarga muvofiqligi, ilmiy ishlanmalarning iste’molchisi bo‘lgan tashkilotlar talablari o‘rganilganligi, avval bajarilgan ilmiy-tadqiqotlarni takrorlamasligi va budjet ilmiy tashkilotning faoliyat yo‘nalishiga mosligi yuzasidan ekspertizadan o‘tkazadi;
  • belgilangan tartibda ekspertizadan o‘tkazilgan ilmiy-tadqiqot dasturlari agentlik tomonidan Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligiga kelishish uchun kiritiladi va kelishilgan ilmiy-tadqiqot dasturlari budjet ilmiy tashkilotlarning yuqori turuvchi tashkiloti tomonidan tasdiqlanadi;
  • bazaviy moliyalashtirishga o‘tkazilgan ilmiy tashkilotlarning tasdiqlangan ilmiy-tadqiqot dasturlari ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlarga ajratilgan mablag‘lar hisobidan moliyalashtirib boriladi;
  • budjet ilmiy tashkilotlari bo‘lgan vazirlik va idoralar har yili 1 noyabrga qadar agentlikka keyingi yillarda amalga oshiriladigan ilmiy-tadqiqot dasturlari loyihasini ko‘rib chiqish uchun kiritadi;
  • belgilangan tartibda ko‘rib chiqilgan ilmiy-tadqiqot dasturlari vazirlik tomonidan kelishiladi va budjet ilmiy tashkilotining yuqori turuvchi tashkiloti tomonidan tasdiqlanadi.
  • vazirlikning ilmiy va innovatsion faoliyat yurituvchi yuridik shaxslarning reyestrini joriy etish yuzasidan taklifiga rozilik beriladi.

Loyihada belgilanishicha:

  • reyestr elektron shaklda yuritiladi va reyestrga kiritilgan tashkilot o‘zining faoliyat turiga ko‘ra agentlikning tegishli axborot tizimlaridan foydalanish huquqiga ega bo‘ladi;
  • reyestrga kiritilgan tashkilotdagi xodimlar ilmiy-innovatsion faoliyat bilan shug‘ullanuvchi jismoniy shaxslarni shaxsiy identifikatsiya raqamiga ega bo‘ladilar va agentlikning axborot tizimlaridan o‘zlarining shaxsiy kabinetlari orqali belgilangan tartibda foydalanadilar;
  • agentlik reyestrga kiritilgan tashkilotdagi xodimlarni shaxsiy identifikatsiya raqami bilan ta’minlash choralarini ko‘radi;
  • reyestrga kiritilgan tashkilotlarning ilmiy va innovatsion faoliyatiga doir ma’lumotlari agentlikning axborot tizimlari, «Raqamli hukumat» tizimining idoralararo integratsiyalashuv platformasi va boshqa davlat axborot tizimlar bilan integratsiya orqali yagona elektron bazada to‘planadi;
  • O‘zbekistonda ilmiy va innovatsion faoliyatning asosiy ko‘rsatkichlari reyestrga kiritilgan tashkilotlar bo‘yicha jamlanadi.
Ko‘proq yangiliklar: