Hafta davomida issiq harorat saqlanib turadi

O‘zbekiston 07:25 / 17.09.2024 5620

O‘zbekistonda 17 sentabr kuni asosan yog‘ingarchiliksiz ob-havo kuzatiladi, deya xabar bermoqda “O‘zgidromet”.

Toshkent, Samarqand, Jizzax, Sirdaryo viloyatlari va Farg‘ona vodiysi viloyatlarining ayrim joylarida kechasi va ertalab qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi mumkin.

18 sentabrda respublika bo‘yicha yog‘ingarchilik kutilmaydi. 19 sentabrda Buxoro, Navoiy, Toshkent, Samarqand, Jizzax, Sirdaryo, Qashqadaryo viloyatlarining ayrim joylarida qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi mumkin.

20 sentabrda O‘zbekistonning barcha viloyatlari bo‘yicha yog‘ingarchilik kutilmaydi. Havo harorati kunduzi +25...+30 daraja, ba’zi joylarda +32 daraja bo‘ladi. Kechalari +12...+17 daraja bo‘lishi kutilmoqda.

Shamol o‘zgaruvchan yo‘nalishda o‘rtacha tezlikda esadi, 16 sentabrda shimolda va cho‘l hududlarining ba’zi joylarida 13-18 m/s gacha kuchayishi, ayrim joylarda chang-to‘zonlar bilan kuzatilishi mumkin. Tog‘oldi va tog‘li hududlarda 16-17 sentabr va 19-20 sentabr kunlari ba’zi joylarda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘adi, baland tog‘larda yomg‘ir qorga aylanish ehtimoli bor.

Toshkent shahrida 17 sentabrda kunning birinchi yarmida qisqa muddatli yomg‘ir yog‘adi. 18-20 sentabr kunlari asosan yog‘ingarchiliksiz ob-havo kuzatiladi, faqat 19 sentabrda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi mumkin.

Harorat kechalari +14...+17 daraja, kunduzi +26...+29 daraja bo‘ladi. Shamol o‘zgaruvchan yo‘nalishda 3-8 m/s tezlikda esadi, 16 sentabrda 12-14 m/s gacha kuchayishi mumkin.

Ko‘proq yangiliklar: