G‘azoda maktabsiz qolgan bolalar, yana Kurskka yorib kirgan Ukraina va Yevropadagi toshqinlar - kun dayjesti

Jahon 14:01 / 17.09.2024 5294

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtiramiz.

Falastindagi vaziyat

Butun dunyoda maktab o‘quvchilari yangi o‘quv yilini boshlab yuborgan bir paytda G‘azodagi falastinlik bolalar 11 oydan buyon davom etayotgan Isroil zulmi tufayli ta’lim olish huquqidan mosuvo bo‘lib turishibdi.

Ta’limning uzluksizligini ta’minlash va avlodlar savodsiz bo‘lib qolmasligi uchun uyi Isroil bombasidan vayron bo‘lgan falastinlik o‘qituvchi ayol A’lo Abu Mustafo Xon Yunusdagi bolalar bog‘chasi vayronlarida chodirda maktab ochdi.

Unda bir nechta darslik va ruchka bo‘lishiga qaramasdan, chodirdagi maktab 1-sinfdan 6-sinfgacha bo‘lgan bolalarga arab va ingliz tillari, matematikadan bazaviy ta’lim berishni yo‘lga qo‘ygan. Partalar yo‘qligi tufayli bolalar yerga ko‘ksini berib yozishmoqda.

G‘azodagi adolatsiz va shafqatsiz urush falastinlik bolalarni ta’lim olish huquqidan ayirdi: maktablar, boshpanalar va universitetlar vayron qilindi.

G‘azodagi OAVlar matbuot markazining xabariga ko‘ra, kamida 800 ming bola ta’lim olish huquqidan mahrum, chunki ta’lim muassasalarining 85 foizi Isroilning bosqini va mo‘ljalli zarbalari tufayli ishlamayapti.

Isroilliklar nafaqat jafokash G‘azoda, okkupatsiya ostida ushlab turilgan G‘arbiy sohilda ham maktablarga hujum qilmoqda.

Falastin yerlariga noqonuniy o‘rnashib olgan yahudiylar Eriho shahri yaqinidagi Ma’arjat tumanidagi badaviylarning Arab-ul Kabna boshlang‘ich maktabining o‘qituvchilari va o‘quvchilariga tayoqlar bilan hujum uyushtirgan.

Rossiya-Ukraina urushi

Rossiyaning Kursk oblasti Glushkovo yo‘nalishining janubida janglar davom etmoqda. NASA sun’iy yo‘ldoshlari Glushkovo rayoni Vesyoloye qishlog‘ida yong‘inlarni qayd etgan.

Forbes ta’kidlashicha, bundan oldin Ukraina qurolli kuchlari 6 avgust kuni Ukraina qo‘shinlarining Kursk oblastidagi hujumini kichikroq miqyosda takrorlagan holda «kutilmagan Ukraina operatsiyasini» o‘tkazishga harakat qilgan.

Ukrain pabliklariga ko‘ra, Ukraina qurolli kuchlari «Bagration» operatsiyasini amalga oshirgan. «Yangi joydan, kilometrlarga kirib borildi. Mingdan ortiq rossiyalik harbiy xizmatchilar o‘rab olinish xavfi ostida», — deyiladi xabarda.

Harbiy tahlilchi Yan Matveyev, o‘z navbatida, Ukraina qurolli kuchlarining Vesyoloye qishlog‘iga bostirib kirgani haqida yozdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, u yerdan Rossiya harbiylarining ponton o‘tish joylari joylashgan Glushkovogacha avtomobil orqali 7,5 km masofa bor.

E’lon qilingan geolokatsion kadrlar Vesyoloye janubida ukrain qo‘shinlari harakatlanayotganini ko‘rsatadi, deb ta’kidladi Amerika urushni o‘rganish instituti ekspertlari o‘z hisobotida.

Rossiyalik harbiy blogerlar Ukraina armiyasining Kursk oblastidagi yangi hujumi haqida ham xabar berishdi. Ulardan ba’zilari Ukraina qurolli kuchlari Vesyoloyeni egallab olgani haqida xabar bergan bo‘lsa, boshqalari qishloq chetida janglar ketayotganini yozgan.

Rossiya Mudofaa vazirligi esa bu yerdagi aholi punktlari yo‘nalishi bo‘yicha yorib o‘tishga bo‘lgan «beshta urinishi» qaytarilganini» da’vo qildi.

NATOning iqrori

NATO harbiy qo‘mitasining rahbari Rob Bauer Rossiya hududi ichkarisida g‘arb davlatlarida ishlab chiqarilgan uzoq masofani nishonga oluvchi qurollar bilan hujum qilishni «harbiy nuqtayi nazardan o‘zini oqlaydi», deb atagan.

Bauerning ta’kidlashicha, xalqaro huquqqa ko‘ra har qanday mamlakatda o‘zini o‘zi himoya qilish huquqi bor va bu mamlakatning chegaralari bilan cheklanmaydi. «Buning harbiy ma’nisi dushmanni kuchsizlantirish va logistika yo‘nalishlari, frontga o‘q-dorilar va yonilg‘i yetkazib berishni yo‘q qilishdir», — degan u NATO harbiy qo‘mitasining Pragada o‘tgan yig‘ilishida.

Lekin bu masalaning boshqa — siyosiy tomoni ham bor, degan u: Kiyevga qurol-yarog‘ yetkazib bergan mamlakatlar undan qanday foydalanilayotgani uchun mas’uldir. Shu sababli Ukrainaning hamkorlari cheklov o‘rnatishga to‘liq haqli, degan Bauer.

Avvalroq AQSh prezidenti Jo Bayden va Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmer Vashingtonda uchrashishganidan so‘ng Ukrainaga uzoq masofalarni nishonga ololadigan qurollardan foydalanishga oshkor ruxsat berishmagan edi.

NATO bosh kotibi Yyens Stoltenberg esa alyans davlatlari Rossiya hududi ichkarisiga g‘arb qurollari bilan zarba berishga ruxsat bersa, alyans mojaro tomonlaridan biriga aylanmasligi, Ukraina bunday zarbalarni berishga qonunan haqli ekanini ta’kidlagan.

Qatardan Ukrainaga yordam

Kremlning Yaqin Sharqdagi eng yaqin ittifoqchilaridan biri, shu yili Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi maslahatlashuvlarda vositachi rolini o‘ynagan Qatar Kiyevga qurol-yarog‘ yetkazib beruvchilar safiga qo‘shilishga qaror qildi.

Qatar Germaniya hukumati bilan bitim doirasida Ukraina qurolli kuchlariga 24 ta PzH 2000 gaubitsalarini yetkazadi, deb yozmoqda Bild nashri vaziyatdan xabardor manbalariga asoslanib.

Agentlik hamsuhbatining so‘zlariga ko‘ra, Qatar armiyasi Ukraina qurolli kuchlariga o‘z ixtiyorida bo‘lgan nemis gaubitsalarining yarmini beradi, evaziga Germaniyadan yangi mashinalar oladi. Gap g‘ildirakli RCH 155 gaubitsalari haqida bormoqda va Qatar 100 mln yevrolik eski qurolli texnikalarni sotgani evaziga ularni qabul qilib oladi.

Gaubitsalar Ukrainaga yetkazilishidan avval Germaniyada ta’mirlanadi. Ularni kompleks modernizatsiya qilishda dasturiy ta’minoti yangilanadi va Ukraina ehtiyojlari uchun moslashtiriladi. Jarayonni GFRning ikki yirik mudofaa konserni KMW va Rheinmetall nazorat qiladi.

Rossiya hokimiyati bir necha bor Qatarni Yaqin Sharqdagi «strategik» va «asosiy» hamkori deb atagan. 2016 yilda Qatar suveren fondi «Rosneft»ning 20 foiz aksiyalarini 10 mlrd dollarga xarid qilib, de-fakto neft narxi tushishi va Qrim anneksiyasidan charchay boshlagan Rossiya iqtisodiyoti va budjetini krizisdan qutqarib qolgan edi.

Rossiya armiyasi kengaymoqda

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Rossiya qurolli kuchlari shtatini yana 180 mingta kishiga oshirishga oid qarorni imzoladi: endi harbiylar soni 2 million 389 mingga yetkaziladi.

Hujjat joriy yilning 1 dekabridan kuchga kiradi. Unda qayd etilishicha, ularning 1,5 million nafari harbiy xizmatchilar hisoblanadi. Rossiya Ukrainaga qarshi urush boshlaganidan beri Putin qurolli kuchlar kuch tuzilmalaridagi shtatlarni 2022 yil avgustda va 2023 yil dekabrda oshirgan edi. Birinchi marta harbiy xizmatchilar soni 137 ming kishiga, ikkinchisida esa 170 ming kishiga oshirilgan.

Urush boshlanishidan oldin Rossiya Federatsiyasi Qurolli Kuchlari tarkibidagi harbiy xizmatchilar soni 1 million 13 ming 628 kishini tashkil etgan.

Kreml va Rossiya Mudofaa vazirligiga yaqin uch manbaning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya shu orqali Ukrainaga qarshi urushdagi yo‘qotishlarni qoplash niyatida.

O‘z navbatida Putin iyun oyida o‘tkazilgan Peterburg xalqaro iqtisodiy forumida Rossiyada yangi safarbarlikni boshlash ko‘zda tutilmaganini ma’lum qilgandi.

Uning tan olishicha, jangovar harakatlarda ishtirok etayotgan mavjud kontingent maqsadlarga tezda erishish uchun yetarli emas, ammo hozir Rossiya armiyasi qo‘mondonligi boshqacha taktikaga amal qilmoqda.

Yevropadagi toshqinlar

Markaziy va Sharqiy Yevropadagi kuchli yomg‘ir, shamol va suv toshqinlari oqibatida minglab uylarni suv bosgani, kamida 18 kishi halok bo‘lgani ma’lum qilinmoqda. Germaniya esa toshqinga tayyorlanmoqda.

Dam olish kunlari ko‘hna qit’a uzra kuchli yomg‘irlarni keltirib chiqargan «Boris» to‘foni suzib o‘tgan.

Eng katta zararni Germaniya, Avstriya, Polsha, Ruminiya, Slovakiya va Vengriya ko‘rgan. Bu mamlakatlarda ko‘plab shaharlar va qishloqlarni suv bosgan, o‘n minglab odamlar elektr chirog‘isiz qolgan.

Polsha va Chexiyada ikkita to‘g‘on yorilib ketgan. Avstriya poytaxti Vena atrofidagi hududlar ofatdan zarar ko‘rgan hududlar deb e’lon qilingan.

Polsha bosh vaziri Donald Tusk mamlakat janubida favqulodda ofat rejimini e’lon qilgan. Zarar ko‘rganlarga 2 mlrd zlotiy (240 mln yevro) yordam ajratilgan.

Germaniya kansleri Olaf Shols zarar ko‘rgan qo‘shni davlatlarga yordam berishni va’da qilgan. Germaniyaning o‘zida toshqinlar hali u qadar kuchli ko‘rinishga ega emas. Faqat Saksoniyada vaziyat xavotirli: Drezdendan Elba daryosi sathi me’yoridan 1,5 metrga ko‘tarilgan, u sutka ichida 6 metrgacha ko‘tarilishi kutilmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: