Ostonada o‘tgan muhim sammit, ommaviy tadbirlarni o‘tkazishda yangiliklar, ma’muriy qamoqqa yo‘l olgan Inbazarʼdagi zo‘ravon, poytaxtda uy xaridiga pasaygan qiziqish — kun davomida Kun.uz’da yoritilgan O‘zbekiston yangiliklari bilan tanishtiramiz.
S5+Germaniya sammiti
Prezident Shavkat Mirziyoyev Ostona shahrida Markaziy Osiyo davlatlari va Germaniya yetakchilarining ikkinchi uchrashuvida ishtirok etdi.
Prezident Mirziyoyev o‘z so‘zi avvalida “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” formatidagi navbatdagi sammiti O‘zbekistonda, uchrashuvimiz kun tartibidagi asosiy mavzuni mintaqa kelajagiga investitsiyalar deb belgilagan holda o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rilayotganini aytib o‘tdi.
Mirziyoyev Germaniya bilan hamkorlikni rivojlantirishning asosiy 6 yo‘nalishini bayon etdi. Bular quyidagilar:
1. Ustuvor sohalarda dasturiy tadbirlarni qamrab olgan uzoq muddatli Hamkorlikni rivojlantirish konsepsiyasini qabul qilish.
2. Germaniyaning yetakchi kompaniyalari bilan investitsion va texnologik sheriklik.
3. Germaniyaning ilg‘or bilim va texnologiyalarini joriy etish asosida muhim xomashyo resurslari sohasida sheriklik.
4. Markaziy Osiyo mamlakatlarining Germaniya bilan Energetik muloqotini yo‘lga qo‘yish imkoniyatlarini ko‘rib chiqish.
5. Iqlim o‘zgarishlariga birgalikda javob qaytarish.
6. Markaziy Osiyoni Yevropa bilan bog‘lovchi muqobil transport yo‘laklarini rivojlantirish, ushbu yo‘nalishlar tranzit salohiyatini oshirish yo‘llarini izlash bo‘yicha vazirlar qo‘shma konferensiyasini o‘tkazish.
Ommaviy tadbirlarni o‘tkazishda yangiliklar
Vazirlar Mahkamasi ommaviy tadbirlar o‘tkazishda fuqarolar xavfsizligini ta’minlash, jamoat tartibini saqlash va favqulodda vaziyatlarning oldini olish chora-tadbirlarini kuchaytirish to‘g‘risidagi qarorni qabul qildi.
Qayd etilishicha, ayrim ommaviy tadbirlarni o‘tkazish jarayonida ishtirokchilar «jamoat xavfsizligiga va fuqarolar xavfsizligiga xavf soluvchi» xatti-harakatlarni ko‘paytirmoqda.
Qoidalarga kiritilgan o‘zgartirishlar quyidagilarni nazarda tutadi:
- ommaviy tadbirlarni o‘tkazish obektini tanlashda fuqarolar xavfsizligini ta’minlash, jamoat tartibini saqlash va yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan favqulodda vaziyatlarning oldini olish, shuningdek, ularga tahdid soluvchi vaziyatlarda fuqarolarning evakuatsiyasini samarali tashkil qilish uchun sharoitlar mavjudligini hisobga olish;
- tomoshabinlar va boshqa ishtirokchilarni favqulodda vaziyatlarda evakuatsiya qilish tartibi, yo‘llari va yo‘nalishlari to‘g‘risida xabardor qilish;
- obektga kirish-chiqish xavfsizligini, obektga borish va kirish joylarida avtomobillar harakatini cheklaydigan fizik to‘siqlar o‘rnatilishini ta’minlash.
Inbazarʼning zo‘ravon xodimi 7 sutkaga qamaldi
Toshkentdagi Inbazar do‘konida xodimni urgan qorovul Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasida nazarda tutilgan mayda bezorilik huquqbuzarligini sodir qilganlikda aybdor deb topilib, 7 sutkaga qamaldi.
Sudda, shuningdek, zo‘ravonlik holatini tasvirga olib turgan do‘konning yana bir xodimiga ham yuqoridagi modda asosida 5 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan.
Eslatib o‘tamiz, 14 sentabr kuni Toshkent shahrida faoliyat yurituvchi yirik savdo markazlaridan biri bo‘lmish Inbazarʼning Sergeli tumanidagi savdo markazi mas’uli Mehroj ismli xodimini kaltaklagani aks etgan video tarqaldi.
Bu voqeadan ko‘p o‘tmay tarmoq rahbari videomurojaat qilib, zo‘ravonga jazo ko‘rilishini aytib chiqdi. Biroq keyinroq rahbarning o‘zi ishchilariga zo‘ravonlik qilgani, kaltaklagani aks etgan videolar ham tarqaldi. Shundan so‘ng Inbazar asoschisi Omadbek Xolmatovga nisbatan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilayotgani xabar qilindi.
Toshkentda uy sotib olishga qiziqish pasaydi
2024 yil avgust oyida O‘zbekistonda ko‘chmas mulk bozori biroz pasaydi, bu tebranish tendensiyalardan dalolat beradi, deya xabar bermoqda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi.
Markaz tahliliga ko‘ra, avgust oyida 22,2 mingta ko‘chmas mulk oldi-sotdi bitimlari ro‘yxatga olingan, bu iyul oyiga nisbatan 3,5 foizga kam bo‘lib, savdolar soni 23 mingtani tashkil etgan.
Yillik o‘lchovda faollikning sezilarli darajada pasayishi kuzatilmoqda: uy-joy savdosi 20,8 foizga kamaydi, bu esa uy sotib olishga qiziqishning kamayishini ko‘rsatadi.
2024 yil avgust oyida hududlar kesimida ko‘chmas mulk bilan bog‘liq bitimlarning eng katta pasayishi Sirdaryo va Xorazm viloyatlarida, shuningdek Toshkent shahrida qayd etildi.
Yillik o‘lchovda Navoiy, Namangan va Toshkent viloyatlarida ko‘chmas mulk savdosining pasayishi har bir hududda 30 foizdan ortiqni tashkil qildi.
Joriy yilning avgust oyida respublikada ikkilamchi uy-joy narxi 0,7 foizga oshgan bo‘lsa, o‘tgan yilning avgust oyidan boshlab uy-joyning 1 metr kvadrati uchun o‘rtacha narxi 9,7 foizga ko‘tarilgan.
Shu bilan birga, ikkilamchi uy-joy narxi so‘nggi 1 yilda Xorazmda – 21,4 foizga, Surxondaryoda – 14,6 foizga, Buxoroda – 13,4 foizga, Qashqadaryoda – 13,3 foizga viloyatlarida sezilarli darajada oshgani qayd etildi.
Toshkent shahridagi ikkilamchi uy-joy bozorida avgust oyida barqarorlik kuzatildi: narxlar atigi 0,2 foizga oshdi va har metr kvadratiga 1128 dollarni tashkil etdi.
UzAuto Motors bosh direktoriga jarima
UzAuto Motors bosh direktori, shvetsiyalik Bo Inge Andersson ish haqining 5 foizi miqdorida jarimaga tortildi.
Istiqbolli loyihalar milliy agentligi korporativ axborot yagona portalida qayd qilinishicha, Andersson UzAuto Motors Powertrain tashqi savdo operatsiyalari bo‘yicha muddati o‘tgan debitor qarzlarini o‘z vaqtida bartaraf etish choralarini ko‘rmagan. Shu bois, unga nisbatan jarima ko‘rinishidagi intizomiy jazo chorasi qo‘llangan.
Bo Inge Andersson 2021 yil avgustida UzAuto Motors bosh direktori etib tayinlangan edi. U avtomobilsozlik sohasidagi top-menejerlardan biri bo‘lib, Shvetsiyaning Saab, Rossiyaning GAZ va AvtoVAZ kompaniyalaridan ishlagan.