Zelenskiy Baydenga «Ukraina g‘alabasi rejasini» taqdim etadi

Jahon 08:21 / 16.09.2024 9841

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Amerika davlat rahbari Jo Baydenga to‘rt asosiy va bitta qo‘shimcha banddan iborat «Ukraina g‘alabasi rejasi»ni taqdim etadi. Zelenskiy CNN jurnalisti Farid Zakariyaga bergan intervyusida rejaning ayrim tafsilotlarini oshkor qildi. Suhbatdan parchalar 15 sentabr, yakshanba kuni «Ukrainskaya pravda» nashri tomonidan chop etilgan.

«Men bir nechta bandlarni tayyorladim. Ulardan to‘rttasi asosiy bandlar, plyus bittasi esa urushdan keyin bizga kerak bo‘ladi», dedi Zelenskiy. Uning so‘zlariga ko‘ra, gap xavfsizlik, Ukrainaning geosiyosiy o‘rni, juda kuchli harbiy yordam, shuningdek, iqtisodiy yordam bo‘yicha qarorlar haqida bormoqda. «Agar prezident Bayden bizning rejamizni qo‘llab-quvvatlasa, u va uning jamoasi bizning pozitsiyamizni mustahkamlaydigan yana bir narsani qo‘shsa, biz tayyormiz», - deya qo‘shimcha qildi Ukraina rahbari.

Bild Zelenskiyning strategiyasi haqida xabar berdi

Bild nemis gazetasi 14 sentabr kuni o‘z veb-saytida Zelenskiy yaqin kunlarda AQShga tashrif buyurishi va u yerda Bayden, shuningdek, AQSh prezidentligiga Demokratlar va Respublikachilar partiyasidan nomzodlar Kamala Harris va Donald Trampga strategiyasini taqdim etishi haqida xabar berdi.

Bild nashrining yozishicha, reja G‘arb qurollaridan Rossiya Federatsiyasi hududiga uzoq masofali zarbalar yo‘llashga ruxsat berish talabini ham, Ukraina frontning ayrim sektorlarida o‘t ochishni to‘xtatish va «vaziyatni vaqtinchalik muzlatish»ga rozi bo‘lishga tayyorligini ham nazarda tutadi. 

Zelenskiy maslahatchisi: Bild feyk tarqatdi

Shu bilan birga, Zelenskiyning maslahatchisi Dmitriy Litvin «Ukrainskaya pravda»ga bergan intervyusida Bild'ning Ukraina frontning ayrim qismlarida o‘t ochishni to‘xtatish va harbiy harakatlarni vaqtincha to‘xtatishga rozi bo‘lishga tayyorligi haqidagi ma’lumotlari ishonchsiz ekanligini aytdi. «Bild feyk tarqatdi», deydi Litvin.

Uning so‘zlariga ko‘ra, nashr reja bilan tanisholmagan, chunki uni tayyorlashda ishtirok etganlarning hech biri jurnalistlar bilan gaplashmagan.

Britaniya tashqi ishlar vaziri: Putin bizni yo‘ldan qaytarolmaydi

Bayden va Britaniya bosh vaziri Kir Starmer 13 sentabr kuni Vashingtonda bo‘lib o‘tgan uchrashuvdan so‘ng Ukrainaga Rossiya hududiga uzoq masofali zarbalar yo‘llashiga oshkora ruxsat berishmadi. Shu bilan birga, har ikki yetakchi Kiyevni Rossiya tajovuzkorligini qaytarishda «doimiy» qo‘llab-quvvatlashini tasdiqladilar hamda Eron va Shimoliy Koreyaning Rossiya Federatsiyasiga qurollar yetkazib berishi hamda «Xitoyning Rossiya mudofaa-sanoat bazasini qo‘llab-quvvatlashidan chuqur xavotirda ekanliklarini» bildirdilar.

Britaniya tashqi ishlar vaziri Devid Lemmi 15 sentabr kuni chop etilgan BBC'ga bergan intervyusida, Britaniya hali ham Ukraina ittifoqchilari bilan Rossiyaga uzoq masofali G‘arb qurollari bilan zarba yo‘llashga ruxsat berish yoki bermaslik masalasini muhokama qilayotganini aytdi. Zelenskiy yaqin orada Nyu-Yorkdagi BMT Bosh assambleyasida ittifoqchilar bilan uchrashadi, u yerda boshqa masalalar qatori bu masala ham ko‘rib chiqiladi, dedi vazir.

Lemmi, shuningdek, Rossiya prezidenti Vladimir Putinning agar Kiyevga G‘arb qurollari bilan Rossiya hududiga chuqur zarba yo‘llashga ruxsat berilsa, NATO davlatlari Ukrainadagi mojaroda bevosita ishtirok etadi, degan so‘zlariga ham izoh berdi. «Bunda yolg‘on bor - bu uning ish uslubi», dedi Britaniya Tashqi ishlar vazirligi rahbari. U Putin faqat «havoga chang ko‘tarayotgani» va Ukraina ittifoqchilarini yo‘ldan ozdirolmasligiga ishonch bildirdi.

Ko‘proq yangiliklar: