Oqdaryo suv omborida yoriqlar paydo bo‘lgani rad etildi. Yolg‘on xabar tarqatgan ikki fuqaro jarimaga tortilgan

O‘zbekiston 13:38 4132

Ijtimoiy tarmoqlarda Ishtixon tumanidagi Oqdaryo suv omborida yoriqlar paydo bo‘lgani haqidagi videolavha tarqaldi. Tuman hokimligi holat yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi.

Hokimlikka ko‘ra, suv omborida hech qanday nosozliklar yoki xavfli holat yuzaga kelmagan. Suv sathi me’yoriy darajada bo‘lib, damba va unga tegishli infratuzilmalar barqaror holatda ishlamoqda. Barcha obektlar doimiy ravishda mutaxassislar tomonidan nazorat qilinyapti.

“Oqdaryo suv ombori strategik ahamiyatga ega inshoot sifatida qonunchilikka muvofiq ravishda texnik ko‘rikdan o‘tkazilib, uning xavfsizligi to‘liq ta’minlangan”, deyiladi hokimlik munosabatida.

Tarmoqlarda tarqalgan videolavhani ikki fuqaro tasvirga olib, tarqatgani ma’lum bo‘ldi. Sud qarori bilan ularga ma’muriy jarima jazosi qo‘llandi.

Qarorda keltirilishicha, Ishtixon tumanida yashovchi, 1988 yilda tug‘ilgan J.H. hamda Kattaqo‘rg‘on tumanida yashovchi, 1989 yilda tug‘ilgan M.P. 2025 yil 10 yanvar kuni suv omborining janubiy-g‘arbiy qismi qirg‘og‘ida joriy ta’mirlash ishlari olib borilayotganini o‘zlarining telefonlariga tasvirga olishgan. So‘ngra uni “Mana Ishtixon tumani suv omborida suv toshib ketishiga oz qoldi, suv omboram ketay dedi” deya tarqatishgan.

Har ikki shaxs sud qarori bilan MJtKning 202-2-moddasi (yolg‘on axborot tarqatish) 2-qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etgan deb topilgan. Ularning har biriga BHMning 20 baravari miqdorida (7,5 mln so‘mdan) jarima jazosi tayinlangan.  

Ko‘proq yangiliklar: