Yevropada suv toshqinlari. Yog‘ingarchilik sabab minglab uylar suv ostida qoldi, bir necha kishi halok bo‘ldi

Jahon 00:14 / 16.09.2024 4796

«Boris» to‘foni oqibatida yuzaga kelgan kuchli yog‘ingarchilik Markaziy va Sharqiy Yevropada insonlar hayotiga zomin bo‘ldi. Avariya xizmatlari suv toshqinlariga qarshi kurashda himoya to‘siqlarini mustahkamlamoqda, deb xabar beradi BBC.

Reuters agentligining yozishicha, Avstriyadagi suv toshqinida fuqarolarni qutqarish operatsiyasi vaqtida bir nafar o‘t o‘chiruvchi halok bo‘lgan. Venani o‘rab turgan hudud ofat zonasi deb e’lon qilingan, mahalliy hukumat «misli ko‘rilmagan ekstremal vaziyat» haqida gapirmoqda.

Polsha bosh vaziri Donald Tuskning ma’lum qilishicha, mamlakatda kuzatilgan suv toshqinlari oqibatida bir kishi halok bo‘lgan. 

«Boris» to‘foni Ruminiyada ham qurbonlarga sabab bo‘lgan. 14 sentabr kuni hukumat Galats shahridagi suv toshqini oqibatida to‘rt kishi halok bo‘lganini e’lon qilgandi. Chexiyaning ayrim hududlarida esa evakuatsiya e’lon qilingan. Mamlakat shimolidagi 51 mingga yaqin xonadon elektr energiyasisiz qolgan.

«Biz yana iqlim o‘zgarishi oqibatlariga duch kelmoqdamiz, buning Yevropa davlatlariga ta’siri tobora kuchayib bormoqda», — deydi Ruminiya prezidenti Kalus Yoxannis. Slobozi-Konaki komunnasi meri Emil Dragomirning so‘zlariga ko‘ra, 700 ta uy suv ostida qolgan.

Polsha janubi-g‘arbidagi Gluxolazi shahrida daryo o‘zanidan toshib chiqib, ko‘chalarni suv bosgan. Rasmiylar aholini baland tepaliklarga evakuatsiya qilishga chaqirgan.

Shuningdek, Chexiya janubidagi to‘g‘ondan suv toshib chiqqan. Mamlakat atrof-muhit muhofazasi vaziri Pyotr Xladik aholini o‘z uylarini tark etishga tayyorlanishga chaqirgan. Xladikning aytishicha, yer suv bilan to‘yingan va uning yuzasida qolayotgan yomg‘ir suvlari kutilmagan suv toshqinlari xavfini oshiradi.

Ko‘proq yangiliklar: