Shishgan, qizargan, yiringlagan ko‘zlar – kon’yunktivitni qanday davolash mumkin?

Jamiyat 16:32 / 16.09.2024 11813

Ayni paytda yurtimizda bu kasallikka chalinish holatlari tez-tez uchrab turibdi. Xo‘sh, konyunktivit qanchalik xavfli? Uning oldini olish va da’volash uchun nimalarga e’tibor qaratish kerak? Mutaxassis Kun.uzʼga bu boradagi tavsiyalari bilan bo‘lishdi.

Ko‘z grippi bu – kon’yunktivaning yallig‘lanishiga olib keladigan virusli infeksiya hisoblanadi. Kon’yunktiva ko‘zning oq qismi va ko‘z qovoqlarining ichki yuzasini qoplagan, ularning nam va toza bo‘lib turishiga xizmat qiluvchi nozik, shaffof membrana sifatida tavsiflanadi.

Ushbu kasallik avval odamning bir ko‘zidan boshlanib, immunitetning kuchli-kuchsizligiga qarab ikkinchi ko‘zga yuqishi yoki yuqmasligi ham mumkin. Virusli infeksiya bilan xastalangan ko‘z, odatda, pushti yoki qizil rangda tuslanadi va shu tufayli bu kasallik so‘zlashuv tilida “pushti ko‘z” hastaligi, ilmiy tilda konyunktivit deb ataladi.

Shifokorning ta’kidlashicha, kon’yunktivit ko‘zlarning qizarishi, qichishishi, yoshlanishi, qovoqlarning shishi, ko‘rish qobiliyatining pasayishi kabi belgilar bilan namoyon bo‘ladi.

“Ko‘z grippini yuqtirib olgan odamda yorug‘likka sezgirlik hissi oshib ketadi, ko‘zining ichida yot jism yurgandek tuyuladi. Ko‘zlar atrofida shilimshiq, sarg‘ish oqindi hosil bo‘ladi va shu tufayli uyg‘ongandan so‘ng qovoqlar bir-biriga yopishib qoladi. Ushbu alomatlar bilan birga tomoq va bosh og‘rig‘i, yo‘tal, ba’zida isitma paydo bo‘lishi mumkin”, – Respublika ko‘z kasalliklari shifoxonasi shifokor-ordinatori Mansur Matyoqubov.

Ko‘z grippi – yuqumli, u turli usullar orqali hosil bo‘ladi va tarqaladi, shunga ko‘ra quyidagi turlarga bo‘linadi:

Virusli kon’yuktivit – eng tez tarqaladigan turi bo‘lib, u adenoviruslar, enteroviruslar yoki boshqa respirator viruslar sabab yuzaga keladi. Ko‘zning qizarishi, shishishi, ko‘zdan yiring yoki suyuqlik oqishi, ko‘z qichishishi kabi belgilar bilan namoyon bo‘ladi. Bunda ko‘zlarning yorug‘likka sezgirligi oshadi, ko‘z atrofida shishadi. Ba’zan burun oqishi, yo‘talish va bosh og‘rig‘i kabi umumiy gripp simptomlari ham hosil bo‘ladi. Virusli kon’yunktivit juda yuqumli bo‘lgani uchun boshqa odamlar bilan muloqotda bo‘lishdan saqlanish va kasallik tarqalishining oldini olish uchun gigiyena qoidalariga rioya qilish talab etiladi.

Bakteriyali kon’yunktivit esa stafilokokk, pnevmokokk, gemofilus kabi bakteriyalar orqali paydo bo‘ladi. Virus va bakteriyalar yuqishi odamdan odamga to‘g‘ridan to‘g‘ri kontakt orqali amalga oshadi, masalan, kasallangan odamning yuz sochiqlari, qo‘llari yoki boshqa shaxsiy buyumlar orqali o‘tadi va ko‘zning yallig‘lanishiga olib keladi. Ko‘z oqi va qovoqlarning qizarishi, qalin sariq yoki yashil oqindi hosil bo‘lishi, ko‘zda tirnalish hissi singari simptomlar kuzatiladi.

Allergik kon’yunktivit – polen, hayvonlar tirnoqlari, chang kabi allergenlar ta’sirida kelib chiqadi. U yuqumli bo‘lmaydi. Ko‘zda qichishish, qizarish, shishish va yorug‘likka sezgirlik kuzatiladi. Shuningdek, aksirish, burun bitishi kabi boshqa belgilar ham hosil bo‘ladi.

Kimyoviy kon’yunktivit – ko‘z kon’yunktiva qoplamasining kimyoviy moddalar bilan ta’sirlanishi natijasida yuzaga keladigan yallig‘lanish. Bu turdagi konyunktivit ko‘plab kimyoviy moddalarning ko‘zga tegishi yoki nafas olish orqali organizmga kirishi natijasida yuzaga kelishi mumkin.

Chang, ko‘zga tushadigan bakteriya va viruslar, ko‘z tomchilari, kosmetika vositalari yoki kontakt linzalarda mavjud bo‘lgan zararli moddalar ham kimyoviy konyunktivit sababchilari hisoblanadi. Kontakt linzalardan noto‘g‘ri foydalanish, ularni to‘g‘ri dezinfeksiya qilmaslik, linzalarni belgilanganidan uzoq muddat davomida ishlatish, almashib taqish ham konyunktivitni keltirib chiqarish xususiyatiga ega.

Kattalarda yuzaga keladigan ko‘z grippida yuqumli viruslar, bolalarda esa bakterial sabablar ustunlik qiladi.

Ko‘z grippini yuqtirib olgan odamning ko‘zi yorug‘likka nisbatan sezgir bo‘lib qoladi. Shu sababli, kasallik vaqtida qora rangli ko‘zoynaklarni taqib yurish tavsiya etiladi. Ammo ko‘z grippi bilan xastalangan odamning ko‘zoynaklarini sog‘lom ko‘zli odam taqishi umuman mumkin emas, sababi ko‘zoynaklar orqali virus va infeksiyalar ko‘zga tushishi mumkin. Shuningdek, mazkur vaqtda kosmetika vositalari va linzalardan umuman foydalanmaslik kerak”, - deydi shifokor.

Mutaxassisning ta’kidlashicha, bu kasallikni davolash boshqa ko‘z kasalliklariga nisbatan osonroq, ammo davolash choralari o‘z vaqtida amalga oshirilmasa, ko‘z grippi ko‘rish qobiliyatining pasayishiga sabab bo‘lishi mumkin.

Ko‘z grippining oldini olish uchun gigiyena qoidalariga rioya qilish, notoza qo‘llar bilan ko‘zga tegmaslik, allergen va tirnash xususiyati hosil qiluvchi moddalar bor joyda, ayniqsa, gulchanglar ko‘p bo‘ladigan mavsumlarda himoya ko‘zoynaklaridan foydalanish, xonadonni toza saqlash, yo‘talish, aksirish yoki ko‘zning qizarishi kabi respirator infeksiyalar belgilari mavjud bo‘lgan odamlar bilan muloqot qilishdan saqlanish lozim.

Davolanish uchun shifokor ko‘rigidan o‘tish tavsiya etiladi.

Diyoraxon Nabijonova tayyorladi.
Operator va montaj ustasi: Bekzod Panjiyev.

Ko‘proq yangiliklar: