Londondagi Kolizey teatrida 14 sentabr kuni Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan O‘zbekiston milliy baleti ishtirokida “Lazgi. Muhabbat va qalb raqsi” spektakli namoyish etildi. Ushbu tadbir spektaklning Britaniyadagi ilk namoyishi hisoblanadi.
Nemis xoreografi Raul Raymondo Rebek tomonidan yaratilgan spektakl Buyuk Britaniya madaniy sahnasida muhim voqea bo‘ldi.
“Lazgi” tomoshabinlarga afsonaviy Ipak yo‘li manzarasida muhabbat va o‘lmas ruh haqidagi abadiy hikoyani taqdim etdi, deyiladi Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi xabarida.
Ta’kidlanishicha, Markaziy Osiyo xalq an’analari va madaniyatini o‘zida mujassam etgan ushbu raqs o‘zining kuchli xoreografiyasi, ajoyib yorug‘lik aks-ta’sirlari va chuqur hissiy ko‘tarinkiligi bilan tomoshabinlarni hayratga solgan.
“Lazgi. Muhabbat va qalb raqsi” birinchi marta Dubai Opera sahnasida namoyish etilgan va keyinchalik Istanbul, Dortmund, Parij, Sankt-Peterburg va Moskvada sahna yuzini ko‘rgan.