Serbiyada majburiy muddatli harbiy xizmat qayta tiklanadi. Unda ayollar ham xizmat qilishi mumkin bo‘ladi

Jahon 20:15 / 15.09.2024 2193

Serbiya prezidenti Aleksandr Vuchich muddatli harbiy xizmat o‘tashni qayta tiklashga oid hujjatni imzoladi. «Umid qilamanki, barchangiz bizga kuchli armiya kerakligini, ko‘proq qurol ishlab chiqarishimiz va sotib olishimiz zarurligini tushunasiz», — deya Vuchich o‘z qarorini izohladi.

Qayd etilishicha, mamlakatda muddatli harbiy xizmat 75 kun davom etadi va erkaklar uchun majburiy bo‘ladi. Shuningdek, ko‘ngilli ayollar ham muddatli harbiy xizmatni o‘tashi mumkin. «Biz hech kimga hujum qilmoqchi emasmiz. Bunday qilmaymiz. Ammo biz har kuni tinmasdan bizga tahdid qilayotganlarni qo‘rqitib qo‘ymoqchimiz», — deydi Vuchich.

Serbiyada majburiy muddatli harbiy xizmati 2011 yilda bekor qilinib, professional armiyaga e’tibor qaratilgan. Prezident bayonotidan oldin mamlakatda 2025 yildan muddatli harbiy xizmat qayta joriy etilishi mumkinligi haqida bosh vazir Milosh Vuchevich ham ma’lum qilgandi. Vuchichning qarori kuchga kirishi uchun u hukumat va parlament tomonidan ma’qullanishi kerak.

Serbiya — Yevropa Ittifoqi a’zoligiga nomzod hisoblanadi, ammo bu Belgradga Moskva bilan aloqalar o‘rnatishiga to‘sqinlik qilmayapti. 4 sentabr kuni Serbiya bosh vaziri o‘rinbosari Aleksandar Vulin Vladivostokda o‘tkazilgan Sharqiy iqtisodiy forumda Vladimir Putin bilan uchrashib, mamlakatga Rossiya gazini yetkazib berish bo‘yicha shartnomani yangilash taklifini bergan edi.

Yevropa Ittifoqi Vulinning Putin bilan uchrashuvini qoraladi, ammo Serbiya bosh vaziri Milosh Vuchevich bunda «hech qanaqa dahshatli narsani» ko‘rmayotganini ma’lum qildi. «Biz Rossiya bilan diplomatik munosabatlarni uzmaganmiz, uning vakillari bilan uchrashish hech kimga taqiqlanmagan», — deydi Vuchevich.

Ko‘proq yangiliklar: