YeI Rossiyaga raketa yetkazib bergani uchun Eronga qarshi sanksiyalar joriy qiladi

Jahon 16:05 / 14.09.2024 2246

Yevropa Ittifoqi Eronning Rossiyaga raketa yetkazib berganini qoraladi va Tehronga qarshi yangi sanksiyalar joriy etish bilan tahdid qildi. «Yevropa Ittifoqi bir necha bor Eronni Rossiyaga ballistik raketalar yetkazib bermaslik haqida qat’iy ogohlantirdi», — deb yozdi Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Jozep Borrel 13 sentabr, juma kuni.

Borrelning so‘zlariga ko‘ra, Eronga qarshi yangi va muhim sanksiyalar joriy etilishi mumkin. Jazo ro‘yxatiga Eronning ballistik raketa va dron dasturlari bilan aloqador shaxslar va kompaniyalar kiradi.

Avvalroq shu haftada Fransiya, Germaniya va Britaniya Tehronga qarshi yangi sanksiyalar e’lon qilgan edi. Rossiyaga qurol yetkazib beruvchi kompaniyalarga, jumladan, Yevropaning qator shaharlariga parvoz qilayotgan Iran Air aviakompaniyasiga nisbatan jazo choralari joriy etildi.

Fransiya Eron diplomatik missiyasi rahbarini chaqirtirdi

Fransiya 13 sentabr kuni Eronning Parijdagi muvaqqat ishlar vakilini Tashqi ishlar vazirligiga chaqirib, undan Ukrainaga qarshi urushda foydalanish uchun Rossiyaga raketalar yetkazib berilgani haqidagi taxminlarga izoh berishni talab qildi.

Avvalroq AQSh davlat kotibi Entoni Blinken Rossiya Erondan ballistik raketalar olganini aytgan edi. Tehron hukumati bu ayblovlarni qat’iyan rad etdi. O‘tmishda Eron Rossiyaga uchuvchisiz uchish apparatlari yetkazib berganini qat’iyan tan olmagan, deya qayd etadi dpa agentligi. 

Ko‘proq yangiliklar: