Shavkat Mirziyoyevga avtomobil sanoatidagi rejalar haqida axborot berildi

O‘zbekiston 19:35 4999

Shavkat Mirziyoyevga avtomobil sanoatida qilinayotgan ishlar va 2025 yilga mo‘ljallangan rejalar haqida axborot berildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, mamlakat sanoatida avtomobilsozlik ulushi 10 foizni tashkil etadi. O‘tgan o‘n oyda 338 mingta yengil avtomobil ishlab chiqarilgan. 1 ming 400 turdagi butlovchi qismlar mahalliylashtirilgan. Iqtisodiy choralar natijasida sohada tannarx 4 foiz kamaygan. Eksport 455 million dollar bo‘lgan.

«O‘zavtosanoat» aksiyadorlik jamiyati raisi oldindagi rejalar va vazifalar yuzasidan axborot berdi.

Kelasi yil 450 mingta avtomobil ishlab chiqarish va eksportni 700 million dollarga yetkazish maqsad qilingan. Hududiy korxonalar bilan kooperatsiyani kuchaytirib, mahalliylashtirishni oshirish bo‘yicha aniq rejalar ishlab chiqilgan. Xususan, 700 ta detalni o‘zlashtirish bo‘yicha 325 million dollarlik 63 ta loyiha amalga oshiriladi.

«Ma’lumki, Jizzaxda BYD kompaniyasi bilan hamkorlikda elektromobil zavodi barpo etilgan. Hozirda u yerda Chazor va Song Plus Champion kabi mashinalar ishlab chiqarilmoqda. Kelgusi yillarda modellar qatorini kengaytirish rejalashtirilgan. Qiymati 300 million dollarlik ikkinchi bosqichda elektromobillar sonini yiliga 200 ming donaga, uchinchi bosqichda 500 ming donagacha yetkazish ko‘zda tutilgan», — deyiladi xabarda.

Davlat rahbari xitoylik hamkorlar bilan kelishib, qo‘shimcha quvvatlarni qurish, elektromobillar uchun butlovchi va ehtiyot qismlarni izchil o‘zlashtirib borish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi. Kooperatsiya asosida mahalliy korxonalarga buyurtmalarni shakllantirish vazifasi qo‘yildi.

Ko‘proq yangiliklar: