YeI Putinning so‘zlaridan keyin Ukraina uchun qurol bo‘yicha o‘z pozitsiyasini o‘zgartirmadi

Jahon 09:53 / 14.09.2024 3863

Rossiya prezidenti Vladimir Putinning Ukrainaning Rossiya Federatsiyasiga qarshi G‘arb uzoq masofali aniqlikdagi qurollarini qo‘llashi NATO davlatlarining urushda «to‘g‘ridan to‘g‘ri ishtiroki» bo‘lishi haqidagi bayonotlari bu borada Yevropa Ittifoqidagi pozitsiyaga ta’sir qilmaydi. Bu haqda 13 sentabr, juma kuni Bryusselda o‘tkazilgan brifingda YeI tashqi siyosat xizmati rasmiy vakili Peter Stano ma’lum qildi.

«Putinning noto‘g‘ri bayonotlari, u Ukrainaga qarshi noqonuniy tajovuzni davom ettirar ekan, bizning pozitsiyamizni o‘zgartirmaydi», dedi Stano. Uning qo‘shimcha qilishicha, Rossiya prezidenti doimiy ravishda «noto‘g‘ri» izohlar bildiradi: «Albatta, uning hech bir gapi bizning pozitsiyamizni o‘zgartirmaydi».

Peter Stano Ukrainaga Yevropa Ittifoqi davlatlari tomonidan taqdim etilgan qurollardan foydalanishga qo‘yilgan cheklovlarni bekor qilish bo‘yicha muhokamalar davom etayotganini eslatdi. Uning natijalari, diplomatning so‘zlariga ko‘ra, alohida davlatlar tomonidan ilgari o‘rnatilgan cheklovlar bekor qilinishidan iborat bo‘ldi.

Bu borada Yevropa Ittifoqining yagona pozitsiyasi yo‘q. Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Jozep Borrel cheklovlarni olib tashlash tarafdori va blokning barcha davlatlarini bunga chaqirmoqda. Biroq Yevropa Ittifoqi Tashqi ishlar kengashining so‘nggi yig‘ilishida vazirlar har bir davlat o‘zining xavfsizlik manfaatlaridan kelib chiqib, mustaqil ravishda bu qarorni qabul qilish huquqiga ega degan qarorga keldi.

Putin 12 sentabr kuni «Rossiya 1» telekanali muxbiri Pavel Zarubin bilan suhbatda Ukrainaning Rossiya hududiga zarbalari uchun G‘arb uzoq masofali aniqlikdagi qurollaridan foydalanish NATO davlatlarining Ukrainadagi urushda bevosita ishtirok etishini anglatishini aytdi. Putinning so‘zlariga ko‘ra, agar tegishli qaror qabul qilinsa, «bu mojaroning mohiyati» o‘zgaradi. Rossiya «biz uchun yaratiladigan tahdidlardan kelib chiqib, tegishli qarorlar qabul qiladi», dedi prezident.

Ko‘proq yangiliklar: