Yevrokomissiya (YeI) Moskvaga qarshi sanksiyalarning 16-paketi doirasida Rossiya alyuminiyining importini taqiqlashni taklif qilmoqchi, deb xabar berdi Reuters 14 yanvar, seshanba kuni yevropalik diplomatlarga tayanib. Ularning so‘zlariga ko‘ra, YeI «yevroittifoq mamlakatlari bilan norasmiy uchrashuvlar o‘tkazib, bo‘lajak sanksiyalar tafsilotlarini muhokama qilgan». Diplomatlardan biri birlamchi alyuminiy importiga taqiq «bosqichma-bosqich joriy etilishini» qo‘shimcha qildi.
Yevrokomissiya 24 fevral kuni, Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bostirib kirishining uch yilligi munosabati bilan Moskvaga qarshi yangi jazo choralari paketini qabul qilishni rejalashtirmoqda, deb yozadi Reuters. Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, 2024 yil oxirida Yevropa Ittifoqining 10 ta davlati Rossiya bilan iqtisodiy hamkorlikka, xususan, metallar savdosiga qo‘shimcha cheklovlar joriy etishni taklif qilgan.
AQSh va Buyuk Britaniya Rossiyadan metall olib kirishni taqiqladi
Buyuk Britaniya va AQSh 2024 yilda Rossiyada ishlab chiqarilgan metallni import qilishni taqiqladi. Yevropa Ittifoqi, o‘z navbatida, faqat alyuminiy sim, folga va ba’zi quvurlarni yetkazib berishni taqiqladi, bir yil oldin Bryusselda birlamchi alyuminiydan butunlay voz kechish dargumon deb hisoblangan, deya xabar beradi Politico.
So‘nggi ikki yil ichida Rossiyadan alyuminiy importi hajmi kamaydi, deb yozadi Reuters. 2024 yilning yanvaridan oktyabrigacha Yevropa Ittifoqiga ushbu yengil metall importining 6 foizi Rossiya hissasiga to‘g‘ri keldi.
Rossiyaga qarshi sanksiyalarning 15-paketi
16 dekabr kuni Yevropa Ittifoqi tashqi ishlar vazirlari Ukrainaga qarshi agressiv urushi uchun Rossiyaga qarshi 15-sanksiya paketini ma’qulladi. Xususan, Rossiya Federatsiyasining «soyadagi floti» tarkibiga kiruvchi uchinchi davlatlarning 52 ta tankeriga nisbatan cheklovlar joriy etildi. Bu Yevropa Ittifoqi sanksiyalari ostidagi kemalarning umumiy sonini 79 taga yetkazdi. Ularga Yevropa Ittifoqi portlariga kirish va Yevropa kompaniyalari xizmatlaridan foydalanish taqiqlangan. Yevropa Ittifoqi, shuningdek, dengiz orqali xom neft va neft mahsulotlarini tashish uchun mas’ul bo‘lgan Rossiya mudofaa va yuk tashish kompaniyalariga ham sanksiyalar kiritdi.