Ukraina tomoni AQSh va Buyuk Britaniyaga Rossiya hududidagi uzoq masofali raketalar bilan zarba bermoqchi bo‘lgan nishonlar ro‘yxatini taqdim etdi, deb yozdi Reuters Yevropa diplomatik manbalariga tayanib.
Agentlik suhbatdoshlariga ko‘ra, agar Rossiyaga zarba berish uchun uzoq masofali raketalardan foydalanishga qo‘yilgan taqiq bekor qilinsa, Ukraina harbiylari zarba berishi kutilayotgan nishonlar orasida qo‘mondonlik markazlari, yoqilg‘i va qurol-yarog‘ omborlari bor.
Qayd etilishicha, Ukraina harbiylari dastlab Rossiya aerodromlariga hujum qilish uchun AQSh tomonidan yetkazib berilgan uzoq masofali ATACMS raketalaridan foydalanmoqchi. Biroq, Pentagonning ta’kidlashicha, Rossiya bombardimonchi samolyotlarining 90 foizi chegaradan 300 kilometrdan ko‘proq masofadagi aerodromlarda joylashgan - ATACMS raketalari ularga yetolmaydi.
ATACMS bilan bir qatorda, Ukraina harbiylari Britaniyaning Storm Shadow raketalaridan va ular bilan deyarli bir xil fransuz SCALP raketalaridan foydalanishni xohlaydi. Britaniya rasmiylari bunday raketalarni ishlatish uchun AQShdan ruxsat olishi kerak bo‘lsa-da, Fransiyaga bunday ruxsat kerak emas.
Shu bilan birga, Amerikaning ayrim yuqori martabali amaldorlari uzoq masofaga uchuvchi raketalardan foydalanish urushning borishini sezilarli darajada o‘zgartira olmaydi, deb hisoblab, Ukrainadagi ATACMS raketalari soni cheklangan va ularning narxi yuqori ekanligini ta’kidlamoqda. Ular, shuningdek, Kiyev Rossiyaning Ukraina sharqidagi strategik ahamiyatga ega Pokrovsk ustidan nazoratni yo‘qotish bilan tahdid qilayotgan hujumiga quruqlikdagi qarshilikka e’tibor qaratishi kerak, deb hisoblaydi.
11 sentabr kuni The Guardian gazetasi o‘z manbalariga tayanib, Buyuk Britaniya Ukrainaga Rossiyadagi nishonlarga hujum qilish uchun uzoq masofali Storm Shadow qanotli raketalaridan foydalanishga ruxsat berganini yozdi. Biroq bu rasman tasdiqlanmadi.