Qozog‘iston suv xo‘jaligi va irrigatsiya vaziri Nurjan Nurjigitov Jahon bankining Yevropa va Markaziy Osiyoda suv resurslarini boshqarish bo‘yicha global amaliyot bo‘limi rahbari Uinston Yu boshchiligidagi vakillari bilan uchrashdi. Tomonlar Qozog‘iston hududidagi Shimoliy Orol dengizini saqlash va boshqa qo‘shma loyihalarni muhokama qildi.
Qozog‘iston suv xo‘jaligi vazirligining ma’lum qilishicha, Jahon banki vakillari Orol dengizini saqlab qolishning nafaqat Qozog‘iston, balki butun Markaziy Osiyo uchun ahamiyati haqida gapirib, loyihaning birinchi bosqichi muvaffaqiyatli o‘tganini ta’kidlagan.
Shuningdek, Jahon banki vakillari Qozog‘istonni mintaqaviy dasturni ishlab chiqishda ishtirok etishga taklif qilgan, uning doirasida Markaziy Osiyoning barcha davlatlarida shunga o‘xshash loyihalar amalga oshiriladi. Bunday loyiha irrigatsiya va drenaj tizimlarini rekonstruksiya qilish bo‘yicha qo‘shma ishlarning davomi bo‘lishi mumkin.
Vazir Jahon banki vakillarini transchegaraviy daryolardagi suv resurslarini hisobga olish va monitoringini avtomatlashtirish ishlariga qo‘shilishga taklif qildi.
– Orol dengizini asrab-avaylash kabi haqiqatan ham keng ko‘lamli loyihalarni amalga oshirish uchun biz xorijiy hamkorlarimizni faol jalb etmoqdamiz, qo‘shni davlatlar bilan ham hamkorlik qilamiz. Loyihaning ikkinchi bosqichi bo‘yicha Jahon banki bilan hamkorlikda olib borayotgan ishimiz uning birinchi bosqichi kabi muvaffaqiyatli bo‘lishiga umid qilaman, dedi Nurjigitov.