Rossiya Tergov qo‘mitasi «Krokus Siti Xoll» konsert zalidagi terakt bo‘yicha ochilgan jinoyat ishiga 27 nafar ayblanuvchini jalb qildi. Bu haqda Rossiya Tergov qo‘mitasi rahbari Aleksandr Bastrikin «Rossiyskaya gazeta»ga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Bastrikinning ta’kidlashicha, 27 nafar ayblanuvchidan tashqari, teraktni tashkil etish, tayyorlash va moliyalashtirishga aloqadorlikda gumonlanayotgan boshqa shaxslar ham tergov qilinmoqda.
Rossiya Tergov qo‘mitasi «Krokus» terakti ishi bo‘yicha ayblanuvchilar o‘rtasida «yagona pul yig‘ish markazi» orqali moliyaviy aloqalarni aniqlagan va uni tekshirish davom etmoqda.
Bastrikin 146 kishi halok bo‘lgan teraktni o‘tgan yilning eng jiddiy va fojiali voqeasi deb atadi.
Terakt 2024 yil 22 mart kuni kechqurun Moskva viloyatining Krasnogorsk shahridagi «Krokus Siti Xoll» konsert zalida sodir bo‘ldi. Zalga qurollangan shaxslar bostirib kirib, tomoshabinlarga qarata o‘q uzdi. Shundan so‘ng portlash sodir bo‘lib, yong‘in chiqdi. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, teraktda 146 kishi halok bo‘lgan, yana 551 kishi jarohatlangan.
23 mart kuni ertalab Bryansk viloyatida teraktning ehtimoliy ijrochilari qo‘lga olindi: Dalerjon Mirzoyev, Saidakrom Rajabalizoda, Shamsidin Fariduni va Muhammadsobir Fayzov – barchasi Tojikiston fuqarolari.
Rossiya Tergov qo‘mitasi terrorchilik harakati (Rossiya Jinoyat kodeksining 205-moddasi) bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atdi.
Rossiya Federal xavfsizlik xizmati (FXX) may oyida yana 20 nafar shaxs hibsga olingani haqida xabar berdi. Oktyabr oyida ularning «Viloyat Xuroson» terrorchi guruhiga aloqadorligi aytildi.