“Farhod” chegara postida 400 dona toshbaqani olib ketayotgan Tojikiston fuqarosi to‘xtatib qolindi

Jamiyat 17:53 / 14.09.2024 26046

Bekobod shahridagi “Farhod” chegara postida toshbaqa olib ketayotgan tojikistonlik shaxs ushlandi. Holat Toshkent viloyati Ekologiya hamda bojxona boshqarmalari hamkorligida o‘tkazilgan nazorat tadbirlarida aniqlangan. Bu haqda Kun.uz’ga Toshkent viloyati Ekologiya boshqarmasi matbuot kotibi xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, 1989 yilda tug‘ilgan, Tojikiston fuqarosi bo‘lgan Yo.B. O‘zbekistondan 400 dona O‘rta Osiyo cho‘l toshbaqasini olib chiqib ketayotganda to‘xtatib qolingan. Ushbu toshbaqa turi Qizil kitobga kiritilgan.

Boshqarmaga ko‘ra, noyob endimek tur hisoblangan ushbu toshbaqalarni mamlakatning barcha adirliklarida ko‘rish mumkin. Ular ko‘proq mustahkamlashgan qumlar, cho‘llarda yashab, tog‘da dengiz sathidan 1300 metr balandlikkacha ko‘tariladi. Ba’zan vodiydagi siyrak maysali dashtlar va qishloq xo‘jaligi yerlarida ham uchraydi.

Tabiiy populyatsiyasini saqlab qolish maqsadida mazkur tur Qizil kitobning yangi nashriga kiritilgan.

Qayd etilishicha, huquqbuzarga qonuniy chora ko‘rish uchun holat yuzasidan hujjatlar rasmiylashtirilib, sud organlariga yuborilgan. Toshbaqalar esa vaqtincha saqlash uchun Zangiota tumanidagi “Tabiat bag‘rida” pitomnigiga topshirilgan. Keyinchalik ular tabiat bag‘riga qo‘yib yuboriladi.

Ko‘proq yangiliklar: