“Afsus, vijdon issiqxonada o‘smaydi" - Sherzodxon Qudratxo‘janing posti e’tirozlarga sabab bo‘ldi

Jamiyat 23:01 / 04.11.2024 25650

Toshkent havosi ifloslanish bo‘yicha rekord darajaga chiqdi. Muammo yana jamoatchilik e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda. Xususan, Boysunda portlagan kon atrofidan go‘yoki "hammasi joyida" deya reportaj tayyorlagan Sherzodxon Qudratxo‘ja Yunusobodda zaharli gaz chiqarayotgan issiqxonalarni "yo‘q qilish"ni talab qildi. Faollar esa masalaning boshqa jihatlariga e’tibor qaratishdi.

IQAir ma’lumotlariga ko‘ra, noyabrning dastlabki 3 kuni davomida poytaxtimizda havo sifati o‘ta yomon darajaga tushgan. Xususan, 3 noyabr kuni Toshkent Pokistondagi Lohur shahri va Hindiston poytaxti Dehlidan so‘ng dunyoning havosi eng iflos uchinchi shahri bo‘ldi.

Zaharli zarrachalar miqdori 780 mkg/m3 darajagacha oshib, JSST tasdiqlagan me’yordan 93,2 barobar ko‘p bo‘ldi. Havoning bunday “nosog‘lom” toifaga kirgani sabab ko‘chaga chiqish tavsiya qilinmadi, zarurat bo‘lganda faqat niqob bilan chiqish shartligi eslatildi.

4 noyabrdagi holatga ko‘ra esa Toshkent reytingda 28-o‘rinni egalladi, PM2,5 dispersli zarralari bilan ifloslanish darajasi JSST tavsiyasidan 5,8 marta yuqori bo‘lib turibdi.

Ayni muammo fonida tarmoqlarda jamoatchilikning keskin e’tirozlari yangray boshladi. Ba’zi diskussiyalar yana boshqa muhokamalarni ham yuzaga keltirdi. Kun.uz shularning ayrimlarini keltiradi.

“Vijdon bormi? – Sherzodxon Qudratxo‘ja

“M25” konidagi avariyadan keyin sentabr oyi oxirlarida Boysunga borib, reportaj tayyorlagan Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori Sherzodxon Qudratxo‘ja Facebook'da post qoldirdi. Siyosatshunos Yunusobod tumanida zaharli gaz chiqarayotgan issiqxonalar faoliyatini to‘xtatishni talab qildi.

“Qizil daraja!!! Dron uchirib Yunusobod Hasanboyida issiqxonalarni yo‘q qilish vaqti keldi! Shina va xazon yoqilmoqda! Havo yo‘q! Vijdon bormi?” – deya yozgan rektor.

Hozirda bu post o‘chirib yuborilgan, uni ko‘rishning imkoni mavjud emas. Ammo postdan olingan skrinlar deyarli barcha tarmoqlarda tarqalib, keskin diskussiyalarni keltirib chiqarishga ulgurdi.

Ustoz “yopiq qozonlar”ning ochilishiga sabab bo‘ldilar” – Muhrim A’zamxo‘jayev

Jurnalist Muhrim A’zamxo‘jayevning aytishicha, Qudratxo‘janing fikri ortidan tarmoqlarda noqulay savollar berilishi boshlangan.

Ustoz Sherzodxon Qudratxo‘ja ijtimoiy tarmoqlarni portlatib, "yopiq qozonlar"ning ochilishiga, noqulay savollarning yuzaga chiqishiga sabab bo‘ldilar. Chin jurnalistlik ishi shudir, ehtimol”, – deydi u.

Shuningdek, A’zamxo‘jayev Boysundan tayyorlangan materialga ishora qilib yana bir istehzoli post ham qoldirgan.

Feysbukdagi ayyuhannoslar qanchalik asosli ekanini o‘rganish maqsadida boysunlik bir jurnalist ekologiya vaziri matbuot kotibi va Yunusobod hokimi bilan birga Hasanboyga kelsa-da, aholi fikrini o‘rganamiz deb yurganida yo‘llaridan hasanboylik oqsoqollar chiqib qolsa. Ularga: “Yunusobodda issiqxonalar dastidan havo qolmadi deyishyapti, shu gap rostmi?” deb savol berishganida, haligi mo‘ysafidlar: “Bo‘lmagan gap, mana, nafas olib turibmiz-ku, bunaqa zo‘r havo Sharof aka Rashidov davrida ham bo‘lmagan, mo‘tabar muhtaramlarimizga rahmat! Internetda o‘tirgan vijdonsizlar gapiraveradi, ular o‘zi Hasanboyga kelganmi-ko‘rganmi? Feysbuklardagi ayyuhannoslarga ishonmang”, deb qolsa...

Bunaqa reportaj bo‘lmaydi, albatta. Hech kim bunaqa reportaj qilmaydi. Chunki... vijdon bor. Kunlar sovishi bilan havo sifati yomonlashganini hamma ko‘rib, bilib turibdi. Lekin bo‘layotgan gap-so‘zlar qiziq-da. Yashayversak ko‘raverarkanmiz”, – deydi u.

Ma’lumot uchun, 24 sentabr kuni Sherzodxon Qudratxo‘jayev Boysun tumani Kofrun mahallasida bo‘lib, u yerda yashovchi bir guruh keksa odamlar bilan suhbatlashgandi. Reportaj mazmuniga ko‘ra, kondagi avariyadan keyin mahalliy aholi bilan “hammasi joyida” bo‘lgan.

“Asl o‘choqlarni bartaraf etish kerak” – iqtisodchilar

O‘zbek iqtisodiy tahlilchilari havo sifati bilan bog‘liq muammoning tub ildizini energetika sohasidagi islohotlar bilan bog‘lashgan. Jumladan, Behzod Hoshimov Telegram-kanalida shunday deb yozadi:

Aytish joizki, O‘zbekiston va Toshkentdagi abgor havo muammosi - bu o‘nlab yillar davomida kechiktirib kelinayotgan energetika islohoti masalasi”.

Botir Qobilov esa bu masala hal qilinmaguncha ekologiya hozirgi holatida yaxshilanmasligini, yomonlashishi mumkinligini aytmoqda.

Asl o‘choqlarni, sabablarni aniqlash, qo‘l bilan ishora qilish va ularni bartaraf etish kerak.

Ungacha O‘zbekiston va Toshkentda havo sifati va ekologiya yaxshilanishidan avval bundanda yomonlashishi tabiiy”, – degan Qobilov.

Gaz eksporti taqiqlanishi va o‘zbek gazi issiqxonalarga berilishi kerak” – Otabek Bakirov

Otabek Bakirov esa Qudratxo‘janing fikrlariga optimistik munosabat bildirgan holda, O‘zbekistonda gaz eksporti to‘xtatilib, issiqxonalarga berilishi lozimligini ilgari surgan.

Maxfiy qarorlar bilan o‘zbek gaz konlari va o‘zbek gaz infratuzilmasini egallab olgan oligarxiya o‘tgan 10 oyda 2,6 mlrd kubdan ortiq, o‘zbek issiqxonalari ehtiyoji uchun kamida 2 yilga yetadigan o‘zbek gazini eksport qilgan va noyabrdayam gaz eksportini qasirlatib davom ettirmoqda.

Albatta, kiprlikmi, shveysariyalikmi yoki gongkonglik oligarxiya bilan eti va tirnog‘ini ajratish imkonsiz darajaga yetgan shonli energetiklar qatorida Boysunga borganda Boysun havosidan to‘yib-to‘yib nafas olgan Sherzodxon Qudratxo‘janing Yunusobod havosidan nafasi bo‘g‘ilayotganini tushunish kerak. (40 kunda falak shunaqa aylanishini kim tush ko‘ribdi?)

Men yaxshi gumondaman baribir. Sherzodxon aka gazsiz qolib, shina va xazon yoqayotgan Hasanboydagi issiqxonalarni dron bilan yo‘q qilishni nazarda tutmagan. Kelasi hafta poytaxt qozonxonalarida gaz o‘rniga mazut yoqilib, nafaqat Yunusobod, butun shaharni tutun qoplasa, Sherzodxon aka mazut yoqilayotgan qozonxonalarni dron bilan urib tushirish kerak demaydi-ku!

Keling, sog‘lom aqlga bir o‘ylaylik, Qudratxo‘ja "Gaz eksporti taqiqlanishi va o‘zbek gazi issiqxonalarga berilishi kerak" demoqchi bo‘lgan bo‘lsa-chi?

Vijdon bormi”, deya shonli energetiklar va oligarxiyaga murojaat qilgan bo‘lsa-chi?”– deydi u.

Afsus, «vijdon» issiqxonada o‘smaydi-da, bo‘lmasa uni ham yetishtirardik...” – Abdurahim Abduvaliyev

Qolaversa, Sherzodxon Qudratxo‘janing postiga meva-sabzavotchilar milliy assotsiatsiyasi rahbari Abdurahim Abduvaliyev ham izoh berib, issiqxonalarga oid bir qancha raqamlarni qayd etgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, 2022 yilda 2047 gektarni egallagan jami issiqxonalar 487 mln kub gaz yoqqan, bu jami mamlakat gaz xarajatining 0,8 foizini tashkil etadi.

Qayd etilishicha, O‘zbekistonda hozirda 6000 (ba’zi ma’lumotlarda 6500) gektardan oshiqroq issiqxona mavjud. Bu issiqxonalarda 60 mingdan ziyod doimiy, 80 mingga yaqin mavsumiy ishchilar ishlaydi. Yiliga 200 mln dollardan oshiqroq mahsulot eksport qilinadi. 15 turdan oshiq: pomidor, bodring, bolgar qalampiri, baqlajon, qalampir, limon, qulupnay, turli ko‘katlar, banan va boshqa mahsulotlar yil bo‘yi yetishtiriladi.

Issiqxonalarda shuncha narsa bor-u, lekin «vijdon» yo‘q ekan. Afsus, «vijdon» issiqxonada o‘smaydi-da, bo‘lmasa uni ham yetishtirardik...”,– degan u.

Eslatib o‘tamiz, shu yil boshida Toshkent shahar hokimiyati ekologik vaziyatni yaxshilash bo‘yicha chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqayotganini, bu bo‘yicha taqdimot qilinishini ma’lum qilgandi. Ammo yil tugab qoldiki, rejaning boshi ham ko‘ringani yo‘q. Kun.uz'ning bu boradagi so‘rovi esa javobsiz qoldirilgandi.

Fevral oyida Kun.uz'ga intervyu bergan Ekologiya vazirligi bo‘lim boshlig‘i Bahrom Xolxo‘jayev ekologik muammolar, jumladan, havo ifloslanishining kamayishida ijro hokimiyatidagi boshqa vazirlik hamda tashkilotlarning o‘rni katta ekani, ishlab chiqilgan tavsiyalar asosida nima ishlar qilinayotgani ochiqlanishi kerakligini aytgandi. Mas’ul vakil bu borada Ekovazirlik har qanday debat, anjuman, brifing o‘tkazilishiga tayyorligini, boshqa tashkilotlar beradigan kerakli taklif hamda tavsiyalar qo‘llab-quvvatlanishini ham ta’kidlagandi.

Dilshoda Shomirzayeva tayyorladi

Ko‘proq yangiliklar: