Toshkent shahri havosida rekord darajada ifloslanish qayd etildi

O‘zbekiston 10:59 / 03.11.2024 6708

Xalqaro IQAir ko‘rsatkichlari Toshkent shahrida havo sifati 2 noyabrdan 3 noyabrga o‘tar kechasida o‘ta yomon bo‘lganini qayd etgan.

Shaharda o‘rnatilgan 32 ta stansiya havoda zaharli zarrachalar me’yordan bir necha barobar oshganini ko‘rsatgan. Eng yomon havo sifatida 2 noyabr kuni 23:30 atrofida Yunusobod tumanida o‘rnatilgan Safia pishiriqlar uyi stansiyasida 780 mkg/m3 qayd etilgan. Bu ifloslanishning asosiy sababi PM2,5 zarrachasi bo‘lib, JSST tasdiqlagan me’yordan 93,2 barobar ko‘p bo‘lgan.

IQAir platformasi buni xavfli darajada yuqori ifloslanish deb ko‘rsatib, tashqariga niqobsiz chiqmaslikni tavsiya qilgan. Havo sifati ifloslanish holati va manbasi haqida Ekologiya vazirligi va «O‘zgidromet» xizmati rasmiy sahifalarida ma’lumot bermagan.

Ma’lumot uchun, 3 noyabr 10:00 holatiga ko‘ra, shahar havosida ifloslanish darajasi 105 mkg/m3 ni ko‘rsatyapti. Bunda PM2,5 zarrachalari 37 ni tashkil qilgan, bu JSST me’yoridan 7,4 martaga ko‘p.

Eslatib o‘tamiz, poytaxtda havoning yuqori ifloslanishi oxirgi yillarda, ayniqsa kuz-qish oylarida tez-tez takrorlanyapti. Ekologiya vazirligi va Toshkent shahar hokimligi 2024 yil boshida ifloslanish sabablari va uning oldini olish bo‘yicha takliflar ishlab chiqqan edi. Lekin vaziyat hali yaxshilangani yo‘q.

Ko‘proq yangiliklar: