Britaniyada ayol farzandini «ikki marta tug‘di»

Jahon 20:12 / 14.09.2024 6692

Buyuk Britaniyaning Kent shahrida yashovchi 23 yoshli Liza Koffi farzandini «ikki marta dunyoga keltirdi». Bu haqda Daily Mail xabar berdi.

Ta’kidlanishicha, ona homiladorlikning dastlabki bosqichlarida bolaning umurtqa pog‘onasi shikastlangan holda tug‘ilishi ehtimoli borligini bilib qolgan. Kasallikning rivojlanishini to‘xtatish uchun ayol homiladorlikning oltinchi oyida bolani «tug‘ishga» rozi bo‘ldi - shifokorlar bolani chiqarib olib, nuqsonni tuzatdi va qaytarib ona qorniga joylab qo‘ydi.

Shundan so‘ng, chaqaloq tabiiy ravishda 38-haftada dunyoga keldi. Tug‘ilgandan so‘ng bola sakkiz kun intensiv terapiya bo‘limida yotib, bir necha marta jarrohlik amaliyotini o‘tkazdi. Shifokorlarning fikricha, bola katta ehtimol bilan yura olmaydi, biroq, fizioterapiya muolajalari orqali ahvoli yaxshilanishi mumkin.

Qayd qilinishicha, bola kamdan-kam uchraydigan miyelomeningotsel bilan xastalangan.

«Bu kamdan-kam hollarda bo‘ladi; 1000 homiladorlikdan faqat 1 tasi shunday operatsiyani talab qiladi», dedi Milliy sog‘liqni saqlash xizmati shifokori Hana Patel.

«Bolada miyelomeningotsel (umurtqa pog‘onasining shikastlanishi) aniqlangan. Bunday holatda homilaga jarrohlik amaliyoti zarur edi. Bu odatda hayot uchun xavfli tug‘ma nuqsonni davolash uchun amalga oshiriladi. Ushbu amaliyot bunday kasallik bilan tug‘ilgan bolalarning ahvolini yaxshilaydi. Ko‘plab bolalar to‘g‘ri davolash va parvarish bilan balog‘atga yetadi. Bunday kasallikda odamning o‘rtacha yoshi 40 yil. Ko‘pincha bunday xastalik bilan yashash qiyin bo‘lsa-da, odam mustaqil va baxtli hayot kechirishi mumkin», dedi shifokor.

Ko‘proq yangiliklar: