Polsha AQShni Ukrainaga nisbatan harbiy cheklovlarni bekor qilishga chaqirdi

Jahon 08:58 / 13.09.2024 2471

Polsha tashqi ishlar vaziri Radoslav Sikorskiy Ukrainaga G‘arb qurollaridan Rossiya hududidagi nishonlarga zarba yo‘llashga ruxsat berishga chaqirdi. Sikorskiyning bu bayonoti 12 sentabr, payshanba kuni AQSh davlat kotibi Entoni Blinken Varshavaga tashrif buyurganida berildi.

«Rossiya fuqarolik nishonlariga raketalar bilan zarba berish orqali urush jinoyatlarini sodir etmoqda, - deya Sikorskiyning so‘zlaridan iqtibos keltiradi Associated Press agentligi. - Shuning uchun men Ukraina urush jinoyatlarining oldini olish uchun G‘arb qurollaridan foydalanish huquqiga ega deb hisoblayman».

Blinken Varshavada Polsha prezidenti Anjyey Duda va bosh vazir Donald Tusk bilan ham uchrashdi, ular Sikorskiyning pozitsiyasiga qo‘shildi, deya qayd etadi AP.

London Ukrainaga Rossiyaga Storm Shadow raketalari bilan zarba yo‘llashga ruxsat berdi

Britaniya Ukrainaga Rossiya hududiga hujum uchun Storm Shadow qanotli raketalaridan foydalanishga ruxsat berishga qaror qildi, deb xabar berdi The Guardian gazetasi 11 sentabr kuni kechqurun Britaniya hukumatidagi manbalariga tayanib. Bu haqda nashr AQSh davlat kotibi Entoni Blinken va Britaniya tashqi ishlar vaziri Devid Lemmining 11 sentabr kuni Kiyevga qo‘shma tashrifiga bag‘ishlangan maqolasida aytib o‘tgan. Safar chog‘ida ular Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bilan uchrashib, G‘arb uzoq masofaga mo‘ljallangan qurollarining Rossiya hududiga zarbalarini muhokama qilishgan. 

Gazeta manbalarining ta’kidlashicha, Blinken va Lemmi Kiyevga Storm Shadow bo‘yicha ijobiy qaror qabul qilingani uchun birga kelgan. Shu bilan birga, The Guardian qayd etishicha, agar Lemmi qarorni Kiyevda e’lon qilganida edi, uning so‘zlari keraksiz provokatsiya sifatida qabul qilinishi mumkin edi.

Nashrning qo‘shimcha qilishicha, Ukrainaning raketalardan foydalanishi «keraksiz hujumlar oldini olish uchun» cheklovlarga duchor bo‘lishi mumkin. Blinken Kiyevga tashrifi chog‘ida Qo‘shma Shtatlar birinchi kundanoq Ukrainadagi jang maydonidagi vaziyat o‘zgarganligi sababli o‘z siyosatini moslashtirishga tayyor bo‘lganini aytdi. «Biz buni davom ettiramiz», dedi u.

Ko‘proq yangiliklar: