Lukashenko Qorabog‘ atrofidagi voqealarda Armaniston rahbariyatini aybladi

Jahon 00:43 / 13.09.2024 4019

Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko oxirgi yillarda Ozarboyjonning Qorabog‘ viloyatida yuz berayotgan voqealarga Armaniston rahbariyati aybdor ekanini ma’lum qildi.

«Qorabog‘da yuz bergan narsalar — bu faqat Armaniston rahbariyatining aybi. Armaniston hukumatini shaxsan o‘zim ogohlantirganman: Ozarboyjonga bu hududlarni ber deganman. Bundan tashqari, ular [Armaniston hukumati — tahr.] «bu bizning hududimiz emasligini» aytgan. Ha, bu bizning yerlarimiz emas, Ozarboyjonniki. Ammo biz [Armaniston — tahr.] bermaymiz — jang qilamiz», — deydi Lukashenko.

Belarus yetakchisining ta’kidlashicha, u Yerevan va Boku o‘rtasidagi muammolarni tinch yo‘l bilan hal etishga chaqirgan. 

«Keyin Putindan so‘radim. Shundan so‘ng ikkimiz Pashinyandan muammoni hal qilishini so‘ray boshladik», — deydi Lukashenko. Uning so‘zlariga ko‘ra, Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan mazkur so‘rovlarga «yo‘q, biz jang qilamiz», deya javob qaytargan.

«Urushib ko‘rdi. Endi esa Rossiya yoki bizdan nega xafa bo‘lyapti? Axir o‘zing [Pashinyan] Qorabog‘ Ozarboyjon hududi ekanini tan oldingku», — deydi Lukashenko.

Armaniston Ozarboyjon bilan yuz bergan harbiy mojarodan keyin o‘z pozitsiyasini qayta ko‘rib chiqdi — G‘arb bilan munosabatlarini faollashtirdi. O‘shanda Yerevan KXShTga yordam so‘rab murojaat qilgan edi, ammo asosiy rol Rossiyaga tegishli bo‘lgan tashkilot «xavotir» va «hamdardlik» bildirish bilan cheklandi xolos. 

Avvalroq Armaniston hukumati Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotining (KXShT) barcha organlaridagi ishtirokini butunlay muzlatib qo‘ygan edi.

Ko‘proq yangiliklar: