KXDR yadroviy qurol uchun mo‘ljallangan uran boyitiladigan zavod suratlarini e’lon qildi

Jahon 20:23 / 13.09.2024 3714

Shimoliy Koreya Markaziy telegraf agentligi davlat agentligi mamlakat yetakchisi Kim Chen In Yadroviy qurollanish institutiga tashrif buyurib, «yadro zaryadlarini ishlab chiqarish holati» bilan tanishganini ma’lum qildi.

Hisobotga ko‘ra, shuningdek, u «uranni boyitish bo‘yicha bazaning boshqaruv punktini ko‘zdan kechirgan» va ishlab chiqarish jarayonini boshqarish bilan tanishgan.

Koreya Markaziy telegraf agentligi Kim Chen Inning tashrifdagi suratlari bilan ham bo‘lishdi. Reuters agentligining yozishicha, KXDR ilk bor yadroviy bombalar uchun yonilg‘i ishlab chiqariladigan sentrifugalar suratini e’lon qilmoqda. «Suratlarda Kim Chen In uranni boyitishga mo‘ljallangan qurilmalar — uzun metall sentrifugalar qatori oralab sayr qilgani tasvirlangan. Hisobotda tashrif qachon amalga oshirilgani va obekt qayerga joylashganiga aniqlik kiritilmagan», — deb yozadi Reuters.

CNN bilan suhbatlashgan ekspertlar Kim Chen Inning zavoddagi suratlari «Shimoliy Koreyaning yadroviy davlat maqomiga ishonchi ortib borayotganini» ta’kidlamoqda.

Suratlarda tasvirlangan sentrifugalar avvalroq KXDRda foydalanilganlaridan kichikroq ekani aytilmoqda. Janubiy Koreyadagi yadroviy muhandislik bo‘yicha ekspert Li San Gyuning taxminicha, Shimoliy Koreya o‘z sentrifugalarini yaratgan bo‘lishi mumkin.

CNN’ning qayd etishicha, Koreya Markaziy telegraf agentligi zavod joylashgan hududni e’lon qilmagani bois suratlarda xalqaro kuzatuvchilarga ma’lum obekt tasvirlanganmi yoki bu yangi obektga tegishlimi — noma’lumligicha qolmoqda. Ta’kidlanishicha, norasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, KXDRda uranni boyitish bo‘yicha bir nechta obekt mavjud.

Ko‘proq yangiliklar: