Alyaskada kruiz kemasi ulkan muz bo‘lagi bilan to‘qnashib ketdi

Jahon 01:15 / 13.09.2024 8073

Carnival Spirit kruiz layneri Alyaskadagi qirg‘oqlari qoyali Treysi-Arm ko‘rfazida suzib ketayotib muz bo‘lagi bilan to‘qnashdi. Yo‘lovchilardan biri hazillashib sodir bo‘lgan voqeani «Titanik» halokatiga qiyosladi. Hodisa oqibatida hech kim jarohat olmagan, ammo ko‘plab yo‘lovchilar qo‘rqib ketgan, deb xabar beradi CNN.

Carnival Cruise Line kompaniyasi vakili suzib yurgan muz bo‘lagi bilan to‘qnashuv yuz berganini tasdiqladi. U, shuningdek, mutaxassislar kema holatiga baho bergunga qadar layner joyidan bir necha soat jilmaganini ta’kidladi. To‘qnashuv oqibatida hech qayerga shikast yetmagan va kema harakatini davom ettirgan.

Ma’lum qilinishicha, kruiz laynerining ulkan muz bo‘lagi bilan to‘qnashuvi sabab yo‘lovchilar beixtiyor «Titanik» fojiasini eslashga tushgan. Umuman olganda, mazkur holatda gap aysberg haqida ketmayapti, shu boisdan bunday taqqoslash noo‘rin.

Layner o‘z sayohatini Sietlda yakunladi. Shundan keyin Carnival Spirit xuddi shu yo‘nalish bo‘yicha ikki haftalik sayohatga yo‘l olgan. Kompaniyadagilarning qayd etishicha, to‘qnashuv kemaning faoliyatiga va uning keyingi reyslariga hech qanday ta’sir ko‘rsatmagan.

Alyaska suvlari kruiz kemalari uchun eng murakkab yo‘nalishlardan hisoblanadi. Ammo ushbu mintaqa bo‘ylab sayohat qilishni istovchi turislar juda ko‘p. Ekspertlarning ta’kidlashicha, zamonaviy kruiz laynerlar turli sharoitlarda ham suzishni davom ettirishga qodir. Bundan tashqari, sayohat uchun mintaqa bilan yaxshi tanish eng tajribali kapitanlar tanlab olinadi.

Ko‘proq yangiliklar: