Shimoliy Koreya yana ballistik raketalar uchirdi

Jahon 09:50 / 12.09.2024 3445

Shimoliy Koreya 12 sentabr, payshanbaga o‘tar kechasi Yapon dengizi tomon bir nechta qisqa masofali ballistik raketalarni uchirdi. Bu haqda Janubiy Koreya qurolli kuchlari shtab boshliqlari qo‘mitasiga tayanib, «Yonhap» agentligi xabar berdi.

«Shimoliy Koreya raketalari 360 kilometrga yaqin uchib o‘tib, Sharqiy dengizga qulagan», — deya jurnalistlar Janubiy Koreya harbiylari bayonotidan iqtibos keltiradi. Qayd etilishicha, aniqlangan raketalar Pxenyan hududidan 12 sentabr kuni mahalliy vaqt bilan soat 7.10 da uchirilgan. Boshqa tafsilotlar keltirilmagan. Xususan, uchirilgan raketalar soniga aniqlik kiritilmagan.

Agar bu raketalar Janubiy Koreya tomon uchirilgan bo‘lsa, ular mamlakatning yirik shaharlariga, jumladan Seulga, shuningdek, Geryong va Gunsan shaharlaridagi harbiy obektlarga zarba berishi mumkin, deb hisoblaydi mualliflar.

Janubiy Koreyaning munosabati

Janubiy Koreya KXDRning ballistik raketalar uchirganini Koreya yarimorolida tinchlik va barqarorlikka jiddiy tahdid soluvchi «provokatsion harakat» sifatida qoraladi va «qattiq javob» haqida va’da berdi.

«Biz Shimoliy Koreyaning Janubiy Koreya va AQShning mustahkam qo‘shma mudofaasi doirasidagi turli harakatlarini diqqat bilan kuzatib boramiz, yuqori imkoniyatlarni saqlab qolamiz va har qanday provokatsiyaga javob berishga tayyormiz», — deyiladi xabarida.

Bir hafta oldin Pxenyan Janubiy Koreya va Qo‘shma Shtatlar qo‘shma mashqlari uchun «yuqori narx» to‘lashi kerakligi haqida ogohlantirgan edi, deb eslaydi «Yonhap» mualliflari.

9 sentabr kuni Shimoliy Koreya davlati rahbari Kim Chen In o‘z mamlakati yadroviy qurollar sonining eksponensial ko‘payishiga erishish uchun yadroviy kuchlarini mustahkamlash siyosatini olib borishini aytdi.

Ko‘proq yangiliklar: