Rossiyaga yuqori aniqlikdagi G‘arb qurollari bilan zarba berish NATO urushda bevosita ishtirok etishini anglatadi – Putin

Jahon 22:28 / 12.09.2024 8153

Ukrainaning yuqori aniqlikdagi G‘arb qurollari bilan Rossiya hududiga zarbalari NATO davlatlari urushda bevosita ishtirok etayotganini bildiradi. Bu haqda Rossiya prezidenti Vladimir Putin ma’lum qildi.

Putinning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina Qurolli kuchlari bunday zarbalarni amalga oshirishga qodir emas, bu faqat Ukrainada mavjud bo‘lmagan NATO sun’iy yo‘ldoshlari ma’lumotlaridan foydalangan holda amalga oshirilishi mumkin. Bundan tashqari, Putinning fikricha, faqat alyans harbiy xizmatchilari «ushbu raketa tizimlariga parvoz vazifalarini yuklashi mumkin».

«[Biz bunday zarbalarga ruxsat berish qarori haqida gapirganda], NATO davlatlari harbiy mojaroda bevosita ishtirok etadimi yoki yo‘qmi, degan qarorni qabul qilish haqida gapiramiz», dedi Putin.

Putin so‘zlariga ko‘ra, agar qaror qabul qilinsa, bu «mojaroning mohiyatini, tabiatini o‘zgartiradi» va bu NATO mamlakatlari Rossiya bilan urush holatida ekanligini bildiradi.

Vladimir Putin avvalroq NATO davlatlari urushda qatnashayotgani haqida bir necha bor fikr bildirgan. «Maslahatchilar va instruktorlar nuqtai nazaridan bu yerda hech qanday yangilik yo‘q. Ular Ukraina hududida mavjud», degan edi u, xususan, iyun oyida. Keyin u Ukraina Qurolli Kuchlari ATACMS va Storm Shadow raketalarini boshqara olmasligiga ishonch bildirdi.

Ilgari G‘arb davlatlari Ukrainaga yetkazilgan yuqori aniqlikdagi qurollar bilan Rossiya hududiga zarba yo‘llashga ruxsat bermagan edi. Biroq, Buyuk Britaniya tashqi ishlar vaziri Devid Lemmi va AQSh davlat kotibi Entoni Blinkenning Kiyevga tashrifidan so‘ng, London bunday cheklovni bekor qilgan bo‘lishi mumkin. Bu haqda rasman e’lon qilinmadi, biroq The Guardian gazetasi o‘z manbalarga tayanib yozdi. Blinken o‘z tashrifi davomida AQSh ATACMS raketalariga qo‘ygan taqiqni bekor qilishi mumkinligiga ishora qildi.

Ko‘proq yangiliklar: