Armaniston va Yevropa Ittifoqi viza rejimini ko‘rib chiqish bo‘yicha muzokaralarni boshladi. Bu haqda mamlakat bosh vaziri Nikol Pashinyan Yevrokomissiya rahbari o‘rinbosari Margaritis Sxinas bilan uchrashuvda ma’lum qildi.
«Munosabatlarimizda sezilarli o‘zgarishlar borligidan xursandman: viza rejimini liberallashtirish bo‘yicha muzokaralar boshlanmoqda, Armaniston Respublikasini Yevropa tinchlik fondi orqali qo‘llab-quvvatlash qarori qabul qilindi, biz buni juda qadrlaymiz», — deydi Armaniston hukumati rahbari.
Uning qo‘shimcha qilishicha, hozirda Armanistonda mamlakatning Yevropa Ittifoqiga qo‘shilishi bo‘yicha bahs-munozaralar davom etmoqda, shu sababli Yerevan «YeIdagi sheriklarining kuzatuvlari va maslahatlariga quloq tutishni» muhim deb biladi.
Armaniston va G‘arb hamkorligi Ozarboyjon bilan ro‘y bergan harbiy mojarodan keyin faollashdi. O‘shanda Yerevan Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotiga (KXShT) yordam so‘rab murojaat qildi, ammo asosiy rol Rossiyaga tegishli bo‘lgan tashkilot «xavotir» va «hamdardlik» bildirish bilan cheklandi xolos.
Fevral oyida Armaniston parlamenti spikeri Alen Simonyan mamlakat kelajakda YeI a’zoligiga nomzod bo‘la olishi uchun Yevropa Ittifoqi bilan munosabatlarini chuqurlashtirish niyatida ekanini ma’lum qilgandi. Avgust oxirlarida Nikol Pashinyan Armaniston hukumati KXShTning barcha organlaridagi ishtirokini butunlay muzlatib qo‘yganini e’lon qildi.