Ukrainada halok bo‘lgan Rossiya armiyasi vakillari orasida o‘zbekistonliklar ham bor – OAV

Jahon 18:47 / 07.09.2024 8968

Britaniyaning BBC va Rossiyaning «Mediazona» nashrlari ko‘ngillilar bilan hamkorlikda ochiq ma’lumotlarga asoslanib, Rossiya-Ukraina urushida Rossiya armiyasi safida jang qilib, halok bo‘lgan 68 mingdan ortiq rossiyalik harbiyning shaxsini aniqladi. Qayd qilinishicha, halok bo‘lganlarning kichik qismi xorijliklardir.

Jumladan, shaxsi aniqlangan 265 nafar xorijlikning aksariyati Markaziy Osiyo davlatlaridan: O‘zbekiston (47 kishi), Tojikiston (51) va Qirg‘iziston (26).

Shu bilan birga, 2023 yilda Kuba, Iroq, Somali va Zambiya fuqarolari Rossiya tomonidan urushga jalb qilingan. Hindiston va Nepal rasmiylari hatto Rossiyadan o‘z fuqarolarini urushga yuborishni to‘xtatishni, o‘liklarning jasadini topshirishni, jalb qilinganlarni qaytarishni so‘ragan edi. Nashrning ta’kidlashicha, bu talablar hozircha bajarilmagan.

Xabarga ko‘ra, migratsiya maqomi bilan bog‘liq muammolar rossiyalik rasmiylar tomonidan chet elliklarga bosim o‘tkazish vositasi sifatida ishlatilmoqda: ular «davlatga xizmat qilishga» rozi bo‘lish evaziga deportatsiya qilinmaslikka va’da beradi, shundan so‘ng, Rossiya fuqaroligini osongina olishi mumkinligi aytiladi. Ko‘pchilik migrantlar rus tilini mukammal bilmagani uchun imzo qo‘yish so‘ralgan hujjatlarni ham to‘g‘ri o‘qiyolmaydi.

O‘tgan yil noyabr oyida Rossiya armiyasi bilan shartnoma imzolagan askarning BBC nashriga aytishicha, unga frontga jo‘natilishdan oldin poligonda ikki hafta mashg‘ulot o‘tkazishi, keyin esa uch oy davomida tayyorgarlik ko‘rishi va’da qilingan.

«Aslida odamlarni shunchaki maydonga haydab chiqarishdi va ularga ba’zi narsalarni berishdi, ularning yarmi Xitoyda ishlab chiqarilgan. Uch kunlik g‘alati saflanishlar, ikki marta otish mashg‘ulotlari va tamom. Ular poyezdda frontga jo‘natildi. Taxminan yarmi darhol jangga tashlandi. Oqibatda, ayrimlar uchun harbiy qo‘mitadan front chizig‘igacha bo‘lgan muddat bir haftani tashkil qildi», dedi u.

Rossiyada har kuni urushda o‘lganlarning ismlari va dafn marosimidan olingan fotosuratlar nashr etiladi. Ko‘pincha, ismlar Rossiya viloyatlari rahbarlari yoki tuman ma’muriyatlari, mahalliy ommaviy axborot vositalari va marhum ilgari o‘qigan ta’lim muassasalari vakillari, shuningdek, qarindoshlari tomonidan beriladi. BBC, «Mediazona» va ko‘ngillilar jamoasi bu ma’lumotlarni o‘rganib, urush boshlanganidan beri tuzilayotgan ro‘yxatga qo‘shmoqda.

Rossiya rasmiylari urushda halok bo‘lganlar soni haqidagi ma’lumotlarni oshkor qilmaydi.

Ko‘proq yangiliklar: