Tungi chiroqlar Alsgeymerga chalinish xavfini oshiradi - tadqiqot

Jahon 17:56 / 07.09.2024 4514

Tadqiqot natijalari Frontiers in Neuroscience jurnalida e’lon qilindi, deb xabar bermoqda The Guardian.

Tadqiqotchilar AQShda yorug‘likdan ifloslanish bo‘yicha 2012–2018 yilgi sun’iy yo‘ldosh kuzatuv ma’lumotlarini tahlil qildi, shuningdek, Alsgeymer kasalligining tarqalishi bo‘yicha Medicare — milliy tibbiy sug‘urta dasturining statistik ma’lumotlarini o‘rgandi. Olimlarning xulosasiga ko‘ra, tungi chiroqlarning uzoq ta’siri kasallikning rivojlanishi xavfini oshirishi mumkin.

Tadqiqot mualliflarining ta’kidlashicha, ko‘cha chiroqlari va boshqa yorug‘lik manbalari yo‘llarda xavfsizlikni yaxshilashga va jinoyatchilikni kamaytirishga yordam bersa-da, ular inson salomatligiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Tadqiqotchilar tunda sun’iy yorug‘lik insonning ichki bioritmlariga ta’sir qilishi, ularni buzishi va organizmning turli kasalliklarga, shu jumladan, Alsgeymerga nisbatan zaifligini oshirishi mumkin, degan xulosaga keldi.

Bu holat, ayniqsa, 65 yoshdan kichik odamlarda kuzatiladi. Biroq olimlar ta’kidlashicha, diabet, gipertoniya, depressiya va spirtli ichimliklarni iste’mol qilish kabi boshqa omillar tungi yorug‘likka qaraganda salomatlik uchun xavfliroq bo‘lib qolmoqda.

Tadqiqotga boshqa tomondan nazar

Pensilvaniya universiteti qoshidagi Penn xotira markazi olimi Jyeyson Karlavish Medicare ma’lumotlari doim ham bemorlarning butun hayot tarixini to‘liq aks ettirmasligini aytdi. Bundan tashqari, tadqiqot mualliflari Alsgeymerning yangi holatlari chastotasini emas, balki muayyan vaqt oralig‘ida tarqalishi o‘rganilganini ta’kidlagan.

O‘z navbatida, klinik nevrolog Devid Knopman sun’iy yo‘ldosh ma’lumotlarining aniqligiga shubha bildirdi. Uning fikricha, bu ma’lumotlar tabiiy yorug‘lik va uylardagi pardalarni hisobga olmaydi.

Ko‘proq yangiliklar: