Qirg‘iziston «Tolibon»ni taqiqlangan tashkilotlar ro‘yxatidan chiqarganini tasdiqladi

Jahon 18:56 / 07.09.2024 2318

Qirg‘iziston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Afg‘onistonning «Tolibon» harakati taqiqlangan tashkilotlar ro‘yxatidan chiqarilganini tasdiqladi.

«Mamlakatning vakolatli davlat organlari tomonidan puxta o‘rganib chiqilgan va har tomonlama baholanganidan so‘ng «Tolibon»ni Qirg‘iziston Respublikasi hududida taqiqlangan tashkilotlar ro‘yxatidan chiqarishga qaror qilindi», deyiladi departament bayonotida.

Shuningdek, «bu qaror mintaqaviy barqarorlikni mustahkamlash va muloqotni davom ettirishga qaratilgani» qayd etilgan.

«Qirg‘iziston Respublikasi xalqaro hamjamiyatning Afg‘onistonda va butun mintaqada barqaror va tinch muhitni ta’minlashga qaratilgan sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlashga sodiq qoladi», deyiladi xabar yakunida.

«Tolibon» hukumati «Qirg‘iziston hukumatining qarorini olqishlashini va ma’qullashini» ma’lum qildi.

Avvalroq, Qirg‘iziston ommaviy axborot vositalari mamlakat Bosh prokuraturasi taqiqlangan terroristik-ekstremistik tashkilotlar ro‘yxatini e’lon qilganiga e’tibor qaratgan edi. Ro‘yxatda 20 ta tashkilot bor, ular orasida «Tolibon» yo‘q edi. Tolibon 2006 yil 15 sentabrda Bishkek sudi qarori bilan terrorchi tashkilot deb tan olingan.

Eslatib o‘tamiz, Qozog‘iston 2023 yil dekabrida «Tolibon»ni mamlakatda taqiqlangan tashkilotlar ro‘yxatidan chiqargan edi. TIV bu qarorini BMT Xavfsizlik Kengashi tomonidan terrorchi deb tan olingan tashkilotlar ro‘yxatida radikal harakat yo‘qligi bilan izohladi.

Keyinroq Rossiya rasmiylari ham «Tolibon»ni «qora ro‘yxatdan» chiqarish rejalarini e’lon qildi.

Ko‘proq yangiliklar: