Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov Rossiyada senzura mavjudligini tan oldi, ammo urush sharoitida bu o‘zini oqlashini ta’kidladi. «Ya’ni, biz bo‘lgan urush holatida cheklovlar oqlanadi, xuddi senzura oqlangani kabi, to‘g‘risini aytsam, biz urush holatidamiz», dedi u 6 sentabr, juma kuni TASS agentligiga bergan intervyusida.
«Har qanday OAV o‘z mamlakatlari rahbariyatining siyosiy buyrug‘ini bajaradi. TASS ham davlat agentligi, shuning uchun TASS Rossiya davlatining siyosiy buyrug‘ini bajaradi. Axborotni cheklab bo‘lmaydi, deb hisoblayman. Biz g‘arbliklarni bu yo‘ldan borayotganini tanqid qilamiz. U yerda, xorijda bizning ommaviy axborot vositalarini yo‘q qilish, bizning jurnalistlar ishiga xalaqit berish bor, Ha, bu qizg‘in qarama-qarshilik sharoitida, albatta, adekvat javob qaytarilishi kerak», dedi Peskov.
Peskov: Urushdan keyin senzurani bekor qilish kerak
Shu bilan birga, u urushdan keyin Rossiyada senzurani bekor qilish kerakligini ta’kidladi. «Urush tugagach, har qanday urush aslida tinchlik bilan tugaydi, to‘liq axborot erkinligi bo‘lishi kerak», deb ta’kidladi Rossiya prezidenti matbuot kotibi. Rossiya rasmiylari urushni qachon tugatishni rejalashtirayotgani haqidagi savolga javob berar ekan, Peskov, birinchi navbatda, «maxsus harbiy operatsiya boshlanishida belgilangan maqsadlarga erishish kerakligini» aytdi.
Rossiyaning Ukrainaga qurolli hujumi boshlanganidan so‘ng, Rossiya hukumati «urush» so‘zini ishlatmadi, buning o‘rniga «maxsus harbiy operatsiya» atamasini qo‘lladi. Urushni urush deb atagan odamlar jarimaga tortildi, hatto qamoqqa ham tashlandi. Keyinchalik hokimiyat vakillarining o‘zlari «urush» so‘zini ishlata boshladilar.