Foydalanuvchilar har qanday elektron xizmat oson, tez va xavfsiz bo‘lishini istaydi.
Raqamli hukumat aholiga davlat xizmatlarini raqamli texnologiyalardan foydalangan holda qulayroq, shaffof, samarali va ishonchli yetkazib berishni ta’minlaydi.
Avvallari davlat xizmatlari “sizga kerak bo‘lsa, bizni kelib toping” yoki “arizalarni to‘ldirishingiz kerak, ma’lumotnomalar olib kelishingiz kerak” qabilida ishlardi. Raqamli hukumat rivojlangani sari bunday sansalorliklarga hojat qolmayapti.
“Elektron hukumat”dan “Raqamli hukumat”ga...
O‘zbekistonda 2020 yildan “Elektron hukumat” tizimini takomillashtirishga alohida e’tibor qaratilib, “Raqamli O‘zbekiston – 2030” strategiyasi tasdiqlangan edi. Bu davlat boshqaruvini raqamli transformatsiya qilish yo‘lidagi ulkan qadam bo‘ldi. Ushbu tashabbus davlat organlarining ochiqligi, samaradorligi va idoralararo hamkorligini oshirishga xizmat qildi. 2023 yildagi “O‘zbekiston-2030” strategiyasi esa elektron hukumatni rivojlantirishning yangi bosqichi – “Raqamli hukumat” tizimiga o‘tishni belgilab berdi.
Ushbu strategiya quyidagi maqsadlarni o‘z ichiga oladi:
· Elektron shaklda ko‘rsatiladigan davlat xizmatlari ulushini 100 foizga yetkazish;
· Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) xizmatlari ulushini 50 foizga ko‘tarish;
· Kompozit va proaktiv tarzda ko‘rsatiladigan davlat xizmatlari ulushini kamida 40 taga yetkazish;
· Kamida 300 ta davlat xizmatini xususiy sektorga o‘tkazish;
· Lisenziyalash va ruxsat berish hujjatlarini kamida 20 foizga qisqartirish;
· Davlat xizmatlarini ko‘rsatishning 300 ta tartibini soddalashtirish.
· Shuningdek, ushbu strategiyadan davlat xizmatlarini “3 qadam”, “foydalanuvchi uchun moslashtirilgan”, “barchasi bir mobil ilovada” tamoyillari asosida raqamlashtirish masalasi ham o‘rin olgan.
“Raqamli hukumat”ga o‘tish O‘zbekistonga qanday imkoniyatlarni beradi?
Davlat xizmatlarini aholiga faol ravishda taklif qilish davlat sektoridan ochiqlikni va e’tiborni talab qiladi. Tashkilotlar o‘zlarida qanday ma’lumotlar borligini va u qanday taqdim etilayotganini bilishi kerak. Ma’lumotlar xavfsiz saqlanishi va ishlov berilishi lozim. Turli idoralar birgalikda ishlashsa va ma’lumotlarning oson almashinuvi yo‘lga qo‘yilsa, byurokratik to‘siqlar aholini umuman bezovta qilmaydi.
“Raqamli hukumat”ga o‘tish:
· Fuqarolar va biznes uchun davlat xizmatlari sifatini va ularga kirish imkoniyatini oshirish;
· Korrupsiya va byurokratiyaga barham berish;
· Iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirish;
· Jamiyatning davlat organlariga bo‘lgan ishonchini mustahkamlash va hokazo imkoniyatlarni beradi.
Ustuvor yo‘nalishlar va samaradorlik
Elektron davlat xizmatlarini taqdim etishda yagona texnologik yondashuvni ta’minlash maqsadida Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali raqamli xizmatlar va servislar ko‘rsatish hamda ularning natijasini olishning yagona nuqtasi hisoblanishi belgilab qo‘yildi[1]. “Raqamli hukumat” va “Raqamli hudud” dasturlari asosida 300 ta ustuvor loyihani amalga oshirish belgilab olindi.
Bugungi kunga qadar 204 ta loyihalar bajarilgan bo‘lib, shundan 65 tasi davlat boshqaruvi, 23 tasi iqtisodiyotning real sektori tarmoqlari hissasiga to‘g‘ri keladi va 116 tasi hududlarda amalga oshirilgan chora-tadbirlar hisoblanadi. Ushbu loyihalarning samaradorligini quyidagi misollarda ko‘rish mumkin:
“Tashabbusli budjet” loyihasi doirasida “bir odam – bir ovoz” tamoyili asosida jismoniy shaxslar shaxsiy identifikatsiya raqami (JShShIR)ga bog‘langan raqamlarning faqat bittasidan bir marta ovoz bera olish imkoniyati yaratildi.
“Ommaviy geoportal axborot tizimi” orqali ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarning davlat reyestridagi yer uchastkasi kadastr raqami, uning manzili va undan foydalanish maqsadi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni foydalanuvchilar tomonidan bepul olish imkoniyati yaratildi.
Natijada Ommaviy geoportalda shakllantirilgan geoservislar yordamida jismoniy va yuridik shaxslarga interaktiv xizmatlar ko‘rsatilmoqda. Ochiq ma’lumotlardan foydalanish bo‘yicha bir oyda o‘rtacha 500 mingdan ortiq so‘rovlarga ishlov berilmoqda, natijada qog‘oz hujjat aylanishi 10 foizga qisqartirildi.
“Ishonchlilik indeksi” axborot tizimi joriy etilishi natijasida tadbirkorlik sub’yektlari o‘rtasida sog‘lom raqobat muhiti yaratildi va soliq to‘lovchilar faoliyati shaffofligi ta’minlandi. Bu esa tadbirkorlik sub’yektlariga o‘z kontragentlarini tanlash chog‘ida lozim darajada ehtiyotkorlik choralarini ko‘rishga yordam bermoqda.
Tadbirkorlik subektlarining ishonchlilik reytingi shkalasida 91 ball va undan yuqori ballga erishgan tadbirkorlarga nisbatan barcha turdagi soliq tekshiruvlarini o‘tkazmaslik hamda 81 ball va undan yuqori ballga erishgan tadbirkorlarning QQS summasi o‘rnini 1 (bir) kun muddatda tezlashtirilgan tartibda qoplash imkoniyati yaratildi.
“O‘zkomnazorat”da raqamli nazoratni o‘rnatish orqali, vazirlik va idoralarning axborot tizimlari va resurslarining real vaqtda uzilishlarsiz barqaror ishlashini monitoring qilish, operativ tarzda uzilish va to‘xtalishlar to‘g‘risida xabar berish va ularni bartaraf etish choralarini ko‘rish hamda axborot tizimlari va resurslari samaradorligini baholash hamda ko‘rsatilayotgan elektron xizmatlar va servislar reytingini shakllantirish imkoniyati yaratildi.
“Uz Tong Nong Company” AJ QKda “ERP” tizimini joriy qilish orqali ish jarayonlarini optimallashtirish hisobiga operatsion faoliyat uchun sarf xarajatlarni 23 foizgacha qisqartirishga, butlovchi qismlarni yetkazish samaradorligi 40 foiz oshirishga, butlovchi qismlarning zaxirada saqlanishi miqdorini 38 foizgacha kamayishiga hamda ma’lumotlarni tahlil qilish vaqtini 1,5 barobar qisqartirishga erishildi.
Navoiy shahri “G‘alaba shoh” ko‘chasi 84a-uyda 720 kv.metrdan iborat bo‘sh turgan binoda 150 ish o‘rniga mo‘ljallangan IT-park Navoiy filiali tashkil etildi. “SamIT Global” MChJ ga tegishli “IT-akademiya” tashkil etildi. Hozirda IT akademiyada 10 nafardan ziyod mutaxassislar faoliyat yuritib, joriy yilda har oyda kamida 50 ming AQSh dollari miqdorida xizmatlarni ko‘rsatish rejalashtirilmoqda.
Yuqoridagi vazifalarning o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirilishi O‘zbekistonning Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) tomonidan o‘tkaziluvchi “Elektron hukumat rivojlanishi reytingi”da kuchli 30 talikka kirishiga zamin yaratadi.
Jahon hamjamiyatidagi xalqaro reytinglarda O‘zbekistonning hozirgi pozitsiyasiga nazar tashlanadigan bo‘lsa, 2022 yil natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston BMTning Elektron hukumatni rivojlanish indeksi reytingida 18 pog‘ona yuqorilab, 193 ta davlatlar ichida 69-o‘rinni egalladi hamda eng tez sur’atlarda rivojlanayotgan mamlakatlar qatoriga kirdi.
Jahon bankining hukumat va davlat xizmatlari sektori bo‘yicha O‘zbekiston 37 pog‘ona yuqorilab, 198 mamlakat ichida 43-o‘rinni egalladi. Jahon bankining raqamli ko‘nikmalar va davlat xizmatlaridagi innovatsiyalar bo‘yicha esa O‘zbekiston dunyoda 4-o‘rinni egallab, 2020 yilga nisbatan 65 pog‘ona yuqoriladi.
“Open data Inception” tahliliga ko‘ra, dunyoning 201 ta mamlakatlari ichida O‘zbekiston 124 ta ochiq ma’lumotlar manbalari bilan dunyoda 4-o‘rinni, MDH davlatlarida esa 1-o‘rinni egalladi.
Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali
Mamlakatimizning mazkur xalqaro reytinglardagi o‘rnini mustahkamlash borasida ham bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, BMTning Elektron hukumatni rivojlantirish indeksida asosiy yo‘nalishlardan biri – Onlayn xizmatlar indeksi (OSI) bo‘lib, joriy yilda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida (my.gov.uz) 94 ta yangi xizmatlar joriy qilindi hamda jami xizmatlar soni 664 taga yetdi.
Jumladan, “Vaqtincha mehnatga layoqatsizlik varaqalari” davlat xizmatining raqamlashtirilishi natijasida kasallik varaqalarini qog‘oz shaklida rasmiylashtirish amaliyotidan voz kechildi. Tabiiyki, bunda barcha ish beruvchilarga moliyalashtirish shaklidan qat’i nazar elektron kasallik varaqalari haqidagi axborot bilan tanishish imkoni berildi.
Ma’lumot uchun: 2024 yilning shu vaqtiga qadar 420 mingdan ziyod vaqtincha mehnatga layoqatsizlik varaqalari bo‘yicha ma’lumotnomalar olingan.
Ijtimoiy himoya qilish tizimiga axborot-kommunikatsiya texnologiyalari joriy etilishini kengaytirish hamda kam ta’minlangan oilalarga ijtimoiy yordamlar ko‘rsatish tartibini yanada takomillashtirish maqsadida “Kam ta’minlangan oilalarga bolalar nafaqasi va moddiy yordam tayinlash” xizmati elektronlashtirildi.
Ma’lumot uchun: 2024 yilning shu vaqtiga qadar my.gov.uz orqali bolalar nafaqasi va moddiy yordam tayinlash yuzasidan 627 mingdan ziyod arizalar yuborilgan.
Barcha fanlarni bilish darajasini aniqlash va milliy sertifikatni olish xizmati orqali sertifikatga ega bo‘lgan pedagoglarga ish haqiga qo‘shimcha 20 foiz ustama hamda abituriyentlarga imtihonlarda imtiyozli ball olish imkoniyati yaratildi.
Ma’lumot uchun: 2024 yilning shu vaqtiga qadar my.gov.uz orqali barcha fanlarni bilish darajasini aniqlash va milliy sertifikatni olish yuzasidan 62 mingdan ziyod arizalar kelib tushgan.
Yil yakuniga qadar Yagona portaldagi xizmatlar soni 700 taga yetkaziladi.
Shuningdek, my.gov.uz (MyGov) mobil ilovasi orqali 310 ta xizmat aholi va tadbirkorlik sub’yektlariga taqdim etib kelinmoqda. E’tiborlisi, MyGov ilovasida foydalanuvchi tomonidan unga eng ko‘p zarur bo‘ladigan ma’lumotlarni saqlash uchun “Raqamli hujjat” moduli joriy etildi.
Vazifa va rejalar
Respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari tarkibiy tuzilmalari, shu jumladan tizim tashkilotlari rahbarlari haqida dolzarb ma’lumotlarning yagona nuqtada — Hukumat portalida aks ettirilishi “Elektron hukumat rivojlanishi reytingi”ning “Institutsional tuzilma” indikatori doirasida baholanadigan 16 ta ko‘rsatkich va talablar bo‘yicha mavjud kamchiliklarni bartaraf etishga imkon berdi.
Qolaversa, davlat organlari va tashkilotlari hamda ularning rahbarlariga onlayn murojaat yo‘llash va javob olish imkonini beruvchi murojaatlar bilan ishlash yagona onlayn platformasi joriy etildi. Bu ham o‘z navbatida yuqoridagi reytingning “Elektron ishtirok etish indeksi”ni baholashda salmoqli rol o‘ynaydi.
Raqamlashtirish yo‘nalishida amalga oshirilayotgan islohotlar va ularning natijalari haqida ko‘plab misollar keltirish mumkin, o‘z navbatida, sohani yanada rivojlantirib, xalqaro darajaga olib chiqish bo‘yicha qilinadigan ishlar ham hali juda ko‘p. Raqamli hukumat markazi axborot xizmatiga ko‘ra, davlat boshqaruvi tizimi va iqtisodiyot tarmoqlariga zamonaviy raqamli texnologiyalarni keng joriy etish orqali respublika aholisi va tadbirkorlik sub’yektlariga yanada qulay sharoitlar yaratish maqsadida:
· Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali sog‘liqni saqlash sohasida ko‘rsatiladigan davlat xizmatlari sonini 24 taga yetkazish va buning doirasida fuqarolarning onkologik, kardiologik va endokrinologik skriningdan o‘tishi natijasi, ularni davolash uchun ajratiladigan pullar to‘g‘risida ma’lumot olish imkoniyatini yaratish;
· Toshkent shahrida tirbandliklarning oldini olish va piyodalar xavfsizligini ta’minlash maqsadida “Aqlli boshqaruv” tizimini joriy etish, bunda 255 ta chorraha va kesishmalarni muvofiqlashtirilgan svetofor boshqaruvi — “aqlli svetoforlar” tizimiga o‘tkazish;
· Mahalla faoliyatini raqamlashtirish barobarida Mahalla yagona platformasiga mahalla aholisi salomatligi, joylarda o‘tkazilayotgan patronaj to‘g‘risida ma’lumotlarni ham kiritish amaliyotini tatbiq etish;
· Saylov jarayonlarini raqamlashtirish uchun “E-SAYLOV” axborot tizimini ishlab chiqish;
· Fuqarolarga qulaylik yaratish maqsadida sud xarajatlarini to‘lov tizimlari orqali sud binolarida onlayn tarzda amalga oshirish imkoniyatini yaratish.
Shu kabi raqamlashtirish bilan bog‘liq amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ko‘plab ustuvor vazifalar mavjud. Ularning ijrosini ta’minlash esa har bir soha va hududlarda raqamli texnologiyalarning hamohang rivojlanishini talab etadi.
Reklama